Ilmiy adabiyot – asosiy mazmuni ilmiy yoki ilmiy-amaliy axborotdan iborat boʻlgan nashrlar. Ilmiy adabiyot toʻrt (bu yerda uchta tur sanalgan) turda boʻlishi mumkin, bular: ilmiy monografiyalar, davriy nashrlardagi ilmiy maqolalar, ilmiy hisobotlardir.
Maʼlumotnoma adabiyot – qoʻllanma xususiyatiga, amaliy xususiyatga, muntazam tuzilishga ega boʻlgan yoki maqolalar sarlavhalarining alfaviti boʻyicha toʻplangan nashrlar. Professional bilimlarning muayyan sohasida asosiy va qoʻshimcha maʼlumot beradigan axborotni oʻz ichiga oladi. Besh turga boʻlinadi, bular: maʼlumotnomalar, lugʻatlar, qomuslar, kataloglar, koʻrsatkichlardir.
Moddiy-texnika vositalari. Foydalanilayotgan qurilmalarga qarab bu vositalar quyidagi turlarga boʻlinadi: moddiy-texnika bazasi, tashkiliy texnika va boshqalar.
Tovarlarni identifikatsiyalash maqsadida ekspertiza qilgan vaqtda ekspertning ish joyi zarur mebel (yozuv yoki laboratoriya stoli, stul), elektr yoritish priborlari bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Bu uskunada tikuv mahsulotining identifikatsiyasi oʻtkaziladi.
Oʻlchov vositalari nooziq-ovqat tovarlarning fizik oʻlchamlarini olish vositalariga va saqlashning iqlim rejimi koʻrsatkichlarini oʻlchash vositalariga boʻlinadi.
Nooziq-ovqat tovarlarning fizik oʻlchamlarini olish vositalariga santimetr tasmalari, oʻlchov metall ruletkalari, maxsus chizgʻichlar toʻplamlari, sirkullar, portativ tarozilar, antropometrlar, shtangensirkullar kiritiladi.
Polotno santimetr tasmasi millimetrlardan iborat shtrix shkala tushirilgan, santimetrlarga boʻlingan tasmadir.
Metalldan ishlangan oʻlchov ruletkalari poʻlat tasma boʻlib, uning bir tomoniga millimetr, santimetr, detsimetr va metrni koʻrsatuvchi shtrix shkala tushirilgan boʻladi. Bunday ruletkalar tikuvchilik buyumlarining uzunligini oʻlchash vaqtida aniq maʼlumotlar olish uchun qoʻllaniladi.
Maxsus chizgʻichlar toʻplamidan proyeksion katta-kichiklik belgilarini oʻlchash uchun foydalaniladi.
Katta sirkul toʻgʻri katta-kichiklik belgilarini oʻlchash uchun qoʻllaniladi. Portativ tarozilar tovar massasini aniqlash uchun qoʻllaniladi. Martin tizimiga mansub metall portativ antropometrdan antropometrik nuqtalar balandliklarini oʻlchash uchun foydalaniladi. Shtangensirkullar tovarlarning qalinligini aniqlash uchun qoʻllaniladi.
Saqlashning iqlim rejimi koʻrsatkichlarini oʻlchash vositalariga quyidagilar kiradi: haroratni oʻlchashda – termograflar va termometrlar; havoning nisbiy namligini oʻlchashda – psixrometrlar va gigrograflar.
Termometr – haroratni koʻrsatkichlarga yoki uning maʼlum funksiyasi boʻlgan signalga aylantirish yoʻli bilan haroratni oʻlchash qurilmasi.
Termograflar haroratning vaqt davomida toʻxtovsiz oʻzgarishlarini bilish zarur boʻlgan hollarda qoʻllaniladi, chunki termograflarda haroratni qayd etish uchun oʻzi yozadigan asbobdan foydalaniladi.
Avgust psixrometri – havoning nisbiy namligini quruq va hoʻllangan termometrlar oʻrtasidagi harorat farqini hisoblab chiqish yoʻli bilan oʻlchash uchun moʻljallangan texnik qurilma.
Gigrograflar – butun ish vaqti davomida havoning nisbiy namlik qiymatlarini oʻlchash va yozib olish uchun texnik qurilmalar.
Aniqlash vositalari – moddalarning fizik kattaliklari yoki alohida xossalari mavjudligini aniqlash uchun moʻljallangan texnik qurilmalar yoxud standart moddalar.
Nooziq-ovqat tovarlarni identifikatsiyalashda qoʻllaniladigan aniqlash vositalaridan ancha keng foydalaniladi.
Bu ularning hammabopligi va joʻnli(oddiyli)gi hamda ularni qoʻllash sinov laboratoriyalari va murakkab uskunalar bilan bogʻliq emasligi bilan izohlanadi. Aniqlash vositalari organoleptik usullarni toʻldiradi yoki ular oʻrnini bosadi hamda muayyan professional bilimlarni talab qiladi.
4.4. Nooziq-ovqat tovarlarini qalbakilashtirish tushunchasi va uni aniqlash turlari, usullari
Qalbakilashtirish tovarning eng koʻzga koʻrinarli, ammo belgilangan maqsadda foydalanish uchun unchalik zarur boʻlmagan xossalarini saqlab qolgan holda uning isteʼmol xususiyatlarini yomonlashtirishga yoki miqdorini kamaytirishga qaratilgan harakat deb hisoblanishi mumkin. Tovarlarni qalbakilashtirish koʻpincha ularning hammadan ahamiyatli boʻlgan ayrim xossalarini, shu jumladan xavfsizligini umumiy tarzda yomonlashtirgan yoki butunlay yoʻq qilgan holda ularga baʼzi, gʻoyat tipik boʻlgan xossalarni baxsh etish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Qalbakilashtirish muayyan sifatga ega boʻlgan mahsulotni tayyorlash jarayonida qalbakilashtirish, qimmati kamroq boʻlgan, oʻz nomiga mos kelmaydigan boshqa mahsulotga almashtirib qoʻyish va uni gʻarazli maqsadlarda realizatsiya qilish deb taʼriflanadi. Qalbakilashtirish bilan butun dunyoda azaldan shugʻullanishadi, hamma narsa: taniqli firmalarning kiyimidan va poyabzalidan tortib to qogʻoz pullargacha qalbakilashtiriladi. Tovarlarni iqtisodiy nuqtayi nazardan qalbakilashtirish hamisha katta muammo boʻlib kelgan. Noinsof ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar tovarlarni arzon komponentlar bilan “toʻldirish” uchun nihoyatda nozik vositalardan foydalanmoqdalar va shu yoʻl bilan misli koʻrilmagan foyda olmoqdalar. Mana shu qalbakilashtirish oqibatida davlat va qonuniy tovar ishlab chiqaruvchilar juda katta moddiy zarar koʻrmoqdalar, shuningdek sohtalashtirilgan mahsulotni isteʼmol qiluvchilar oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan darajada maʼnaviy, moddiy, koʻpincha esa, fiziologik zarar ham koʻrmoqdalar. Qalbakilashtirish muammosi gʻoyat koʻp qirrali boʻlib, uni baʼzi shartli chegaralarda koʻrib chiqish zarur. Shu bilan birga qalbakilash-tirish masalalarini uning xavfsiz emasligi muammosidan ayri holda koʻrib chiqib boʻlmasligini ham aytib oʻtish zarur, chunki bularning har ikkalasi, yaʼni tovarlarni qalbakilashtirish ham, ularning xavfsiz emasligi ham tovarlarning haqiqiyligini va sifatini, binobarin isteʼmolchilar uchun xavfsizligini aniqlash bilan bogʻliq.
Turli davrlarda tovarlarni qalbakilashtirish muammosi goh kamroq, goh koʻproq darajada keskinlashib turgan, biroq bu davrlarning hammasi uchun qalbakilashtirish miqdorlarining oʻsishigina emas, balki jamiyatning maʼnaviy asoslari vayron boʻlishi ham xos boʻlgan.
Bu hol tovarni qalbakilashtirish orqali aldash hollari jamiyatda jazolanmaganligi bilan izohlanadi. Sanoat tovarlarini qalbakilash-tirishning keng yoyilishiga talabning sunʼiy ravishda oshishi ham, aholining turmush darajasi pasayishi ham, qonun hujjatlari va meʼyoriy hujjatlarning yoʻqligi yoki nomukammalligi, tovar ishlab chiqaruvchilar hamda sotuvchilarning qonunga yaxshi itoat qilmasligi, isteʼmol-chilar yetarli darajada xabardor boʻlmasligi va davlat hamda jamiyat darajalarida manfaatlar yaxshi himoya qilinmasligi, nazorat qiluvchi tuzilmalar yoʻqligi yoki ularning manfaatdor emasligi yordam beradi.
Haddan oshish sohtalashtiruvchini “buzadi” va uni xaridorlarni aldashning eng qoʻpol usullaridan foydalanishga undaydi. Qalbakilashtirishning oldini olish hamda mahsulot sifatining barqarorligi kafolatlarini taʼminlash uchun quyidagilarni oʻz ichiga oladigan tadbirlar majmuini amalga oshirish zarur:
nazorat qilinadigan, mahsulot sifatini juda aniq bildiradigan koʻrsatkichlarni asoslash hamda nomenklaturasiga tuzatishlar kiritib borish;
mahsulot sifatini baholash usullarini takomillashtirish;
mahsulotga sertifikatlar ishlab chiqish hamda sertifikatlash tizimini yaratish;
ishlab chiqaruvchi bilan isteʼmolchi oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soladigan hamda bu munosabatlarni buzganlik uchun javobgarlikni belgilaydigan qonun meʼyorlarini ishlab chiqish.
Qalbakilashtirishda odatda tovarning bitta yoki bir nechta koʻrsatkichi qalbakilashtiriladi. Tovar belgilarining qalbakilashtirish turlari bilan oʻzaro aloqasi 3-rasmida koʻrsatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |