Janubiy orol (maydoni - 150 ming km2) kristall metamorfik jinslardan va
burmalangan cho’kindi jinslardan tarkib topgan bo’lib, rel‘efi tog’li. Yangi
Zelandiya Alp tog’lari orolning g’arbiy yonbag’irlari bo’ylab davom etadi, dengiz
sathidan balandligi 3768 m gacha boradi (Kuk tog’i). To’rtlamchi davrda ikki
marta muz bosgan bu tog’larda hozir 50 tagacha muzlik bor. Bu muzliklarning
umumiy maidoni 1000 km2 chamasida. Qadimgi va hozirgi muzliklar borligidan
Yangi Zelandiya Alp tog’larida baland Alp tog’larining xarakterli belgilari bor va
ularning nomi tamomila o’ziga yarashadi.
Janub tomondan Alp tog’lariga Otago platosining (dengiz sathidan
balandligi 1200-1800 m) ko’pgina tektonik botiqlar bilan bo’lingan granit
penepleni yondoshgan. To’rtlamchi davr muzliklari bu botiqlarni o’zgartirib, trog
vodiylariga aylantirgan. Otago platosining janubi-g’arbidagi vodiylarda oxirgi
morenalar bo’g’ib qo’ygan' yirik ko’llar bor, qirg’oq chizig’i chuqur fiordlar bilan
bo’lingan.
Yangi Zelandiya Alp tog’larining g’arbiy yon bag’irlari bo’ylab, qirg’oq
bo’yidagi torgina pasttekislik bor. Alp tog’larining sharqiy yon bag’irlariga
qirg’oqdagi Kenterberri tekisliklari yondoshgan. Qadimgi allyuvial va
flyuvioglyatsial yotqiziqlarda sochma oltin konlari, ularning ostidagi svitalarda esa
ko’mir qatlamlari bor. Tekisliklarni Benks yarim oroliga tutashtiradigan kambar
bo’yinda bir necha vulqon konusi ko’tarilib turadi.
Janubiy orolning chekka shimolidan boshqa deyarli hamma joyi mo’’tadil
issiq, juda nam iqlim mintaqasida. Baland tog’ rel‘efi tufayli ekspozitsiyasi katta
tafovut qiladi va balandlik mintaqalari mavjud. Yangi Zelandiya Alp tog’larining
g’arbiy yon bag’irlaridagi qor chizig’i 2100 m balandlikda, sharqiy yon
bag’irlaridagi qor chizig’i esa 2400 m balandlikda.
Yilning aksari vaqtida orolga g’arbiy shamollar kelib turadi. Qishda orolning
shimoliy chekkasi bo’ylab aktiv siklonli qutbiy front o’tadi, orografiya (tog’lar)
borligi tufayli kuchayadigan siklon yomg’irlari tog’larning shamolga o’ng g’arbiy
yon bag’irlariga nam beradi. Siklonlarning g’arbiy chekkasi bo’ylab orolga ba’zan
sovuq Antarktika havosi keladi, natijada temperatura qisqa vaqt davomida 0°C dan
pastga tushadi, qishdagi o’rtacha temperatura (sohilda) 5°C dan 7°C gacha bo’ladi.
Yozda g’arbiy sirkulyatsiya bo’shroq saqlanadi, ammo qutbiy front janubga
suriladi. Orolning shimoliy yarmiga Janubiy Tinch okean maksimumi g’arbiy
sektorining shimoli-g’arbiy shamollari juda nam havo keltiradi. Bu havo
tog’larning yon bag’irlaridan ko’tarilib, bir talay yog’ingarchilikka sabab bo’ladi.
Yozdagi temperatura orolning janubida 14°C va shimolida 17°C. Qizigan
Kenterberri tekisliklari ustida konvektsiya ro’y beradi. Yozdagi yog’ingarchilik
maksimumining kichikligi shu konvektsiyaga bog’liq. Shu tariqa, qish mavsumida
ham, yoz mavsumida ham yog’ingarchilik bo’ladi, lekin yoz qishdan namroq
keladi. G’arbiy pasttekislikda yillik yog’in miqdori 2500 mm bo’lsa, tog’larning
yon bag’irlarida 3500 mm gacha yetadi, sharqiy yon bag’irlarga va ayniqsa
Kenterberri tekisligiga bir yilda atigi 500-700 mm yog’in tushadi.
Namlik miqdoriga yarasha g’arbiy yon bag’irdagi daryolar to’lib oqadi va
ulardagi suv miqdori bir tekis turadi. Kenterberri tekisliklaridagi daryolar esa kam
suvroq bo’lib, suv miqdori ancha tafovut qilib turadi. Daryolar qor, muzlik va
yomg’ir suvlaridan to’yinadi, shuning uchun ko’klamda va yozda keng toshadi.
G’arbiy yon bag’irlardagi muzliklar 213 m gacha surilib tushadi (Frants-Iosif
Do'stlaringiz bilan baham: |