Yangi Zelandiya ikkita yirik orol - Shimoliy va Janubiy orollar bilan bir
qancha mayda orollardan iborat. Bu orollar birgalikda mustaqil okean o’lkasini
hosil qiladi. Bu o’lka landshaftlarining tiplari jihatdan Melaneziyaga yaqin turadi.
Bu o’lka 34°23' janubiy kenglik bilan 47°23' janubiy kenglik oralig’ida bo’lib,
Okeaniyaning eng janub tomonidadir. Yangi Zelandiya orollari suv ostadagi Yangi
Zelandiya platosidan ko’tarilib turadi va janubi-g’arbdan shimoli-sharqqa tomon
1500 km dan ortiqroq masofaga cho’zilar ekan, suv ostidagi chuqur Kermadek va
Tonga botiqlari bo’ylab davom etadigan yirik razlom chizig’iga ergashadi. Orollar
Avstraliyadan 2000 km dan ham olisroq bo’lib, qadimgi Tasmantis materigining
suvga botmay qolgan qismi hisoblanadi.
Yangi Zelandiya strukturalari yuqori paleozoy burmalaridan hosil bo’la
boshlagan, lekin eng muhim tog’ hosil bo’lish protsesslari mezozoy erasida va
paleogen davrida ro’y bergan, shundan keyin tektonik tinchlik va peneplenlashish
davri uzoq davom etgan. Pliotsen davrida yangi burmalar hosil bo’lgan,
shuningdek, yirik uzilma dislokatsiyalar va differentsial tik harakatlar ro’y bergan,
natijada qadimgi quruqlik gorst palaxsa massivlariga bo’lingan va qirg’oqlarning
shakli tayin bo’lib qolgan. Shimoliy orolda shu munosabat bilan kuchli vulqon
protsesslar ro’y bergan. Bo’r davrining oxiridan boshlab Yangi Zelandiya Yangi
Gvineyadan va shu orol orqali Avstraliyadan uzilib ketgan. Neogen davrida orollar
Janubiy Amerikaga Antarktida orqali qisqa vaqt bog’lanib turgan bo’lishi kerak.
Organik dunyo asosan tashqaridan to’lmay taraqqiy etgan. Shunga asoslanib,
Yangi Zelandiya Paleotropiklarning mustaqil floristik kichik oblastiga va alohida
fauna oblastiga ajratiladi. Orollardagi floraning 74 protsenti endemik
o’simliklardan iborat bo’lib, turlari kamroq. Daraxtsimon maxsus paporotniklar
(siateya, diksoniya), igna bargli daraxtlar, jumladan kauri va totara, yastiqqa
o’xshaydigan daraxtsimon o’simliklar, Yangi Zelandiyaning sertola zig’iri
(nilufarlar oilasidan) Yangi Zelandiyaning o’ziga xos o’simliklaridir. Maleziya va
Avstraliya florasining eng muhim namoyandadari-mirta va doimiy yashil boshqa
ikki pallalilar, shuningdek epakrid va proteylar oilasiga kiradigan turlardir. Yangi
Zelandiyaning Janubiy Amerikaga bog’langanligini Antarktika florasining turlari
(doimiy yashil buk va hokazo) tasdiqlaydi.
Yangi Zelandiya faunasi ham endemiklarning ko’pligi va juda qadimiyligi
bilan xarakterlidir. Orolning o’zida sut emizuvchilaridan ko’rshapalakning ikki turi
va kalamushning bir turi yashaydi, xolos. Uchmaydigan qushlar ko’p, jumladan
ko’zi tumshug’ining uchida bo’ladigan kivi va boyqushga o’xshaydigan, yumshoq
patli to’tilar e’tiborni jalb etadi. Bo’yi 3 m gacha boradigan moa qushini o’tgan
asrda ham uchratish mumkin edi. Uchadigan qushlar kam, jumladan nestor degan
yirik to’tiqush orollarga qo’ylar keltirilgandan keyin hasharotxo’r qushdan xavfli
yirtqich qushga aylandi: u qo’ylarning terisini cho’qib, yog’ini eydi. Orollarda
gatteriya saqlanib qolgan. Bu eng qadimgi sudralib yuruvchilar (ibtidoiy
kaltakesaklar)ning birdan-bir vakilidir.
Yangi Zelandiyaning juda ham cho’ziqligi, mo’’tadil va subtropik iqlim
mintaqalarida joylashganligi, geologik tuzilishi va rel‘efi keskin tafovut qilganligi
sababli, Shimoliy va Janubiy orollarning tabiati juda rang-barang.
Do'stlaringiz bilan baham: |