Agrotexnikasi. Ildizmevalar chirindiga boy o’tloq tup-roqli hamda o’g’itlangan qumoq yoki yengil soz bo’z tuproqli yerlarda yaxshi o’sadi. Ular uchun don-dukkaklilar, kuzgi don ekinlari, qator oralari ishlanadigan sabzavotlar yaxshi o’tmishdoshlar hisoblanadi. Ildizmevalar yoshlik davrida juda sekin o’sadi, shuning uchun ular ekiladigan maydonlar begona o’tlardan toza bo’lishi kerak. Shuning uchun ildizmevalardan, poliz ekinlaridan, piyozdan, haydalgan bedapoyadan keyin joylashtirilmaydi.
Xashaki lavlagini kuzgi bug’doydan keyin takroriy ekin sifatida ko’chat qilib o’tqazish mumkin.
Sabzini yozda takroriy ekin uchun ertagi sabzavot va kuzgi bug’doydan keyin ekish maqsadga muvofiqdir.
Ildizmevalar yuqori hosil berganligi va hosilni tashish ko’p mehnat talab etganligi uchun ularni chorvachilik fermalariga yaqin dalalarga ekish maqsadga muvofiqdir.
Tuproqqa ishlov berish va ekish. Ildizmevalar ekish uchun tuproq sifatli qilib, kamida 28-30 sm chuqurlikda haydalishi, bunda tuproq yuzasidagi barcha o’simlik qoldiqlari to’la ko’milishiga erishish juda muhimdir. Shunday qilinganda, begona o’tlar ancha kamayishiga erishiladi. Ekish oldidan tuproq yuzasi yaxshilab tekislanadi, yumshatiladi va nam saqlash chora-tadbirlari o’tkaziladi. Diametri 3 santimetrdan katta kesaklar bo’lishi ekishni sifatli o’tkazishga xalaqit beradi. Ayniqsa, sabzi uchun tuproqni sifatli tayyorlashga ahamiyat berish kerak, chunki uni urug’lari mayda bo’ladi.
Ekish uchun xashaki lavlagi urug’lari ikki fraksiyaga ajratib saralanadi 3,5-4,5 va 4,5-5,5 mm. Bunday urug’lar uyalarga aniq miqdorda ekish imkonini beradi.
Ekilayotgan urug’larning unuvchanligi 65 foizdan kam bo’lmasligi, kasallik va zararkunandalarga qarshi dorilangan bo’lishi kerak.
Xashaki lavlagi tuproqning 5-7 sm qatlami 6-8S isigan vaqtda, ya’ni bahorgi don ekinlari ekiladigan muddatlarda ekiladi.
O’zbekistonda xashaki lavlagining qator oralari 60 yoki 70 sm. qilib ekiladi. Saralangan urug’lar aniq miqdorda ekuvchi seyalkalarda ekilganda gektariga 8-10 kg, boshqa seyalkalarda ekilganda 15-18 kg urug’ sarflanadi.
Urug’lar tuproqda namlik yetarli bo’lganda 3-3,5 sm, nam yetishmagan sharoitda 4-5 sm chuqurlikka ekiladi. Ekishda urug’larni tuproqning namlik bor qatlamiga tushishiga e’tibor berish kerak.
Sug’oriladigan sharoitda xashaki lavlagini takroriy ekin sifatida ekish uchun ko’chat qilish usulini qo’llash mumkin. Bu usulda hosildorlik 1,5 martagacha yuqori bo’ladi. Lavlagi ko’chatini pushtalarga yoppasiga erta muddatlarda ekib yetishtiriladi. Ko’chatlar yerga o’tqazish oldidan ildizlari chilpinadi, ostki barglari olib tashlanadi va 4-5 bargli ko’chatlar qator oralari 60 yoki 70 sm qilib har bir metrga 4-5 ta ko’chat o’tkaziladi. Bir gektar maydonda yetishtirilgan ko’chat 10-12 ga maydon uchun yetadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |