Xashaki lavlagi (Beta Vulgris L, V. crassa) - sho’ragullilar oilasiga mansub ikki yillik o’simlik. Hayotining birinchi yilida ozuqa moddalariga boy yo’g’onlashgan ildiz hosil qiladi. Bunda barglari yirik bo’lib, ildiz boshchasida qalin to’pbarg hosil etadi.
Hayotining ikkinchi yilida gulpoyalar chiqaradi, ular shoxlanadi, kambarg, mayda bargli bo’ladi. Poyadan uzun ro’vaksimon gulto’plam chiqaradi, gullari ikki jinsli, asosida qo’shilib o’sgan bo’ladi. Chetdan changlanadi. Urug’lari to’pmeva ichida bo’ladi. To’pmevada ikkitadan oltitagacha urug’ bo’lib, bu urug’larning asosi qo’shilib o’sgandir. Lavlagi to’pmevasi ekiladi.
Xashaki lavlagi urug’lari harorat 4-5S bo’lganda una boshlaydi, ammo tez va yoppasiga unib chiqishi uchun 10-15S dan past bo’lmagan harorat zarur. 10-15S dan past haroratda xashaki lavlagi juda sekin o’sadi. Barglari (palagi) - 1-2S da halok bo’ladi.
Bu o’simlik juda namsevar hisoblanadi, ayniqsa, yoshlik davrida suv yetishmasa, juda yomon o’sadi. Sug’orishlar uning o’sish, rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi va hosilni keskin ko’paytiradi. Vegetasiya davri 160-180 kun.
Xashaki lavlagi O’zbekistonning bo’z, o’tloqi, o’tloqi-bo’z va boshqa tuproqlarida yaxshi o’sadi va yuqori hosil beradi, ammo sho’r, botqoqlanishga moyil va kislotali tuproqlarda yomon o’sadi.
Farg’ona vodiysi sharoitida xashaki lavlagining har gektaridan 200 va undan ortiq tonna hosil olgan xo’jaliklar anchagina bor.
Navlarini to’rt guruhga bo’lish qabul qilingan.
Birinchi guruh - nimshirin navlar bo’lib, ularning ildizmevasi konussimon shaklli, oq yoki pushti ranglidir. Bu navlar qandliligi va quruq modda miqdori jihatidan boshqa navlar orasida birinchi o’rinda turadi. Quruq modda miqdori 15-17 % bo’ladi. Bu guruhga O’zbekistonda keng tarqalgan «O’zbek nimshirin» (Uzbekskaya polusaxarnaya) navi kiradi, u respublikamiz sharoitida yuqori hosil beradi.
Ikkinchi guruh navlarining ildizmevasi cho’zinchoq-oval shaklda bo’lib, ularda quruq modda miqdori o’rtacha, hosildor bo’ladi. Bu guruhga kiruvchi navlar O’zbekistonda ekilmaydi.
Uchinchi guruh navlarining ildizmevasi silindrsimon yoki qopsimon shaklda bo’lib, quruq modda miqdori 12-14 % bo’ladi, juda serhosil, ildizlari tuproqqa chuqur kirmaydi. Bu guruhga respublikamizda eng ko’p ekiladigan «Ekkendorf sariq» (Ekkendorfskaya jeltaya) navi kiradi va u yuqori hosil beradi.
To’rtinchi guruh navlarining ildizmevasi yumaloq shaklda bo’lib, tuproqqa chuqur kirmaydi. Quruq modda miqdori ko’p emas, hosildorligi ham oldingi guruhdan kamroq. Bular O’zbekistonda ekilmaydi.
Xashaki lavlagi engil hazmlanadigan, mazalik, qoramollarda sutni ko‘paytiradigan oziqa ekini. Xo‘jaliklarda sut beradigan qoramollar ratsionida xashaki lavlagi 40-50 % etadi. Kimyoviy tarkibiga ko‘ra xashaki lavlagi uglevodlarga boy oziqa guruhiga kiradi. Zootexnik meyorlarga ko‘ra 100 g xom oqsilga 120-150g uglevodlar to‘g‘ri kelishi lozim. Ammo bu oqsil va uglevodlarning nisbati bahor va kuzda buziladi. SHu davrda xashaki lavlagi juda zarur bo‘ladi.
Xashaki lavlagining 1t ildizmevasida 120 oziqa birligi, 20-22 kg oqsil, 1t bargida 100 oziqa birligi 40-42 kg oqsil saqlanadi. Shuningdek uning ildizmevasi foydali ma’danli moddalar, vitaminlardan S, V, V1, V2, RR va karotinga boy. Ildizmevalar hazmlanishi bo‘yicha Yaylov o‘tlaridan qolishmaydi, dag‘al oziqalarni hazmlanishini engillashtiradi, konsentarat emni tejashga imkon beradi hamda nasl berishni Yaxshilaydi. Ammo nimshirin xashaki lavlagini sutkalik me’yori 25 kg oshmasligi lozim. Xashaki lavlagida bunday cheklash yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |