2. Xo’jalik yuritish shakllari tizimi. Qishloq xo’jaligining ijtimoiy - iqtisodiy tuzilmasi
Ishlab chiqarish vositalariga mulkchilikning turli tuman shakllari, iqtisodiy manfaatlari va ularni amalga oshirish sharoitlarida xo’jalik yuritishning turli tuman shakllari asos qilib olinadi. Har bir mulk shakliga mos ravishda xo’jalik yuritish shakli yoki qishloq xo’jaligi korxonasi to’g’ri keladi. Hozirgi vaqtda qishloq xo’jaligida korxonalarning quyidagi turlari rivojlantiriladi:
-Ishlab chiqarish vositalariga xususiy mulkchilikka asoslangan dehqon xo’jaligi. Yer resurslari bu yerda xususiy mulkda yoki ijara sharoitida bo’lishi mumkin.
Mamlakatda uzoq vaqtlar mehnatni tashkil qilishning va xo’jalik yuritishning dehqon, oila xo’jalik shakllariga unchalik e’tibor berilmas edi.
-Jamoa mulkning turli shakllaridan foydalanishga asoslangan, ijara korxonalari, kollektiv korxonalar, qishloq xo’jalik korxonalari, aksiyador jamiyati ko’rinishidagi korxonalar, xo’jalik uyushmasi (birlashmasi)ga tegishli korxonalar;
-Davlat mulkiga asoslangan turli xil davlat korxonalari.
Qishloq xo’jaligida mustaqil korxonalardan tashqari, shuningdek tarmoq hududiy yoki boshqa tamoyillarga asoslangan ixtiyoriy birlashmalar, xalqaro tashkilotlar mavjud bo’ladi. Yuqorida sanab o’tilgan xo’jalik yuritish shakllari, korxona va birlashma turlari, shuningdek, dehqon xo’jaligi, mamlakat qishloq xo’jaligining ijtimoiy-iqtisodiy strukturasini tashkil qiladi. Har bir mamlakatda, hududda o’ziga xos sharoitdan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy struktura har xil bo’ladi, ya’ni xo’jalik yuritish shakllari, korxona va birlashma turlari har xil bo’ladi.
Agrar iqtisodiyotning ko’p ukladliligini tan olish, nazariy jihatdan xo’jalik yuritishining har qanday shakli harakat qilishining teng huquqligini tan olish demakdir. Bu masalaning amaliy tomoni hozirgi vaqtdagi qishloq xo’jaligining real holatini hisobga olishdir. Mavjud xo’jaliklar bilan bir qatorda agrar iqtisodiyotdagi ko’p ukladli zvenolarni tan olish xo’jalik yuritishning turli ijtimoiy-iqtisodiy shakllari o’rni va chegarasini asoslab beradi. Iqtisodiy jihatdan baquvvat xo’jaliklar faoliyatini to’xtatib, ularni tugatish va boshqa korxonalarga aylantirish noto’g’ri bo’lur edi. Bunday xo’jaliklarda ijara va kooperativ xo’jalik shakllarini takomillashtirish uchun rezervlar bo’lsa ham ularga chetdan ta’sir o’tkazmaslik kerak. Ancha ilgaridan buyon zarar ko’rib ishlayotgan korxonalarni esa, obyektiv sabablari bo’lgani uchun kelajakda mustaqil rivojlanishini, ularda qanday xo’jalik shakllarini joriy qilishni dehqonlar o’zlari hal qilishlari kerak. Qishloq xo’jaligida ko’p ukladlilikning rivojlanishi, dehqon xo’jaligining mustahkamlanishi o’z navbatida qishloq xo’jalik korxonalarini qayta tashkil qilish, ularning vazifalarini va strukturalarini o’zgartirishni, ularni kooperativlarga (uyushma, ittifoq va boshqalar) aylantirishni taqozo qiladi. Yer va chorva mollari mahsuldorligini oshirish uchun, mahsulot sifatini yaxshilash va uni ishlab chiqarish xarajatini pasaytirish uchun olib borilgan raqobat kurashida samaradorlik to’g’risidagi masala va xo’jalik yuritishining u yoki bu shaklining afzalligi aniqlanadi. Qishloq xo’jaligida turli mulk shakllari va korxona turlari o’rtasidagi raqobat kurashida davlat aktiv rol o’ynaydi. Bu davlat ehtiyoji uchun zarur bo’lgan buyurtmalarini tanlov asosida bajarishda, soliq va kreditlarni amalga oshirishda, yangiliklardan foydalanishda, davlat byudjetidan kapital mablag’larni moliyalashtirishda namoyon bo’ladi.
2012 yilga kelib qishloq xo’jaligidagi barcha toifadagi xo’jaliklar yetishtirgan mahsulotlarning 34,4% fermer xo’jaliklariga, 63,5 % dehqon xo’jaliklariga va 2,1 % boshqa qishloq xo’jaligi korxonalari hissasiga to’g’ri kelgan.
3. Xususiy mulkchilikka asoslangan fermer xo’jaliklarini shakllantirishning nazariy asoslari
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan paytdan boshlab, yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining yaqin kelgusidagi strategik ahamiyatga ega bo’lgan ustuvor yo’nalishlarini, jumladan agrar sohada tub iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, qishloqda o’rta va kichik biznesni rivojlantirishning ilmiy va nazariy asoslarini yaratishda ulkan say-harakatlar amalga oshirildi.
Ko’p ukladli iqtisodiyotni yaratish, insonning mulkdan mahrum bo’lishiga barham berish, tashabbuskorlik va uddaburonlik butun choralar bilan rivojlantirish negizi bo’lgan xususiy mulkning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash asosiy strategik maqsadlardan ekanligi alohida ta’kidlandi. Islohotlar esa mamlakat ijtimoiy hayotida izchillik bilan joriy qilinmoqda.
Respublika xalq xo’jaligida mulkning turli xil shakllari faoliyat ko’rsatayotgan davrda bozor subyektlari, jumladan qishloq xo’jalik korxonalari va ular tarkibidagi mehnat jamoalarining ham moddiy manfaatdorliklarini oshishi va xo’jalik yuritishdagi iqtisodiy erkinlik natijasida ularda nafaqat ishlab chiqarish, balki tadbirkorlik faoliyati ham shakllanib, tezkor rivojlanib bormoqda. Bu esa o’z navbatida qishloqda bozor munosabatlarining tezroq shakllanishi va barqarorligini ta’minlaydi.
Mulk munosabatlari har qanday jamiyatda ishlab chiqarish munosabatlarining asosini tashkil etadi. U o’z mohiyati jihatidan moddiy ne’matlarni o’zlashtirish yuzasidan insonlar o’rtasida yuzaga keladigan o’zaro munosabatlardan tashkil topadi. Bu yerda mulk munosabatlari negizini egalik qilish, foydalanish va o’zlashtirish huquqlari tashkil qiladi. Ya’ni dehqon ushbu huquqlarga ega bo’lsagina o’zini to’liq mulkdor sifatida his etishi mumkin. Bozor iqtisodiyoti esa mustaqil tovar ishlab chiqaruvchi mulkdor faoliyati asosida shakllanadi va faoliyat ko’rsatadi. Shu nuqtai nazardan respublikamiz hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar eng avvalo qishloqlarda mulkdorlar sinfini shakllantirish, dehqonni mulkning haqiqiy egasiga aylantirishni eng asosiy masalalardan biri sifatida qo’ymoqda.
Qishloq xo’jaligida islohotlarni amalga oshirishning dastlabki davrida, faoliyat ko’rsatib kelayotgan davlat va jamoa xo’jaliklari bosqichma-bosqich tugatilib, bu xo’jaliklar o’rnida ijara xo’jaliklari, ochiq va yopiq turdagi hissadorlik jamiyatlari, dehqon xo’jaliklari, agrofirmalar va shirkatlar uyushmalari tashkil etildi. Dastlabki to’plangan tajribalar natijalari tahlili shuni ko’rsatdiki, bu xo’jalik yuritish shakllari faoliyati kutilgan yuqori iqtisodiy-ijtimoiy samaralarni bermadi. O’tkazilgan aniq tadqiqotlardan ma’lum bo’ldiki, ko’p hollarda xo’jalik nomi o’zgargani holda ichki iqtisodiy mexanizm o’zgarmasdan, eskicha ish yuritish tizimida faoliyat ko’rsatib, qishloq xo’jaligi korxonalaridagi xodimlarning yerga, mulkka va yetishtirilgan mahsulotga bo’lgan egalik hissini shakllantirish uchun yetarli sharoit yaratilmadi.
Bu hol qishloq xo’jaligini tubdan isloh qilishni, tarmoqda mulk munosabatlarini takomillashtirish zaruriyatini paydo qildi.
Rivojlangan davlatlarning ko’p yillik tajribalarini umumlashtirish asosida hamda mamlakatimizning o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, islohotlarni bosqichma-bosqich o’tkazishning huquqiy asosi yaratildi.
Qishloq xo’jaligida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichida eng samarali xo’jalik yuritish shakllaridan, ya’ni hoh u fermer xo’jaligi, hoh shirkat xo’jaligi yoki dehqon xo’jaligi bo’lsin, ulardan eng samarali shaklini aniqlashni taqozo etadi. Xo’jalik yuritishning tanlab olingan shaklini takomillashtirish, qishloqda mulkdorlar qatlamini barpo qilish va barqaror rivojlantirish, ular mulkiy huquqlarining davlat tomonidan kafolatlanishi, qishloqqa sanoatni olib kirish natijasida qishloq xo’jaligidagi ortiqcha ishchi kuchlarini band qilish, ayniqsa qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan, tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan hamda qishloq infratuzilmasida xizmat ko’rsatadigan korxonalarni tashkil qilish sohasidagi chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirishni talab qiladi.
Agrar sohada ham xususiylashtirishni keng joriy etish, mulkni ko’paytira oladigan, bozor raqobatiga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo’lga qo’ya oladigan mulkdorlar qatlamini vujudga keltirish zaruriyati tug’ildi. O’zbekiston Respublikasining 2004 yil 26 avgustda qabul qilingan “Fermer xo’jaliklari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartirishlar, qo’shimchalar kiritgan Yangi tartibdagi qonuni respublikamizda fermer xo’jaliklarini tashkil etish, uning boshqarish va ularning huquqlarini himoya qilish borasidagi katta ahamiyatga ega bo’lgan me’yoriy hujjat hisoblanadi. Bu esa hozirgi bozor munosabatlariga o’tish sharoitida respublikamiz agrar sohasida mulkdorlar qatlamining shakllanishida muhim va hal qiluvchi ahamiyatni kasb etadi.
Yuqorida zikr etilgan qonuning I bulim 3-moddasida Fermer xo’jaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqarish bilan shug’ullanuvchi, mustaqil xo’jalik yurituvchi subyekt ekanligi qayd qilingan.
Fermer xo’jaligining boshlig’i shu xo’jalikning muassisi – fermerdir. U o’n sakkiz yoshga to’lgan, qishloq xo’jaligida tegishli malaka yoki ish tajribasiga ega bo’lgan, fermer xo’jaligiga tegishlicha alohida mol-mulk ajratib beradigan va ustavini ishlab chiqadigan shaxsdir.
Chorvachilik mahsulotlari ishlab chikarishga ixtisoslashgan fermer xo’jaligi kamida 30 bosh shartli bosh chorva moli bo’lgan taqdirda tashkil etiladi. Fermer xo’jaligiga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o’lchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg’ona va Xorazm viloyatlaridagi sug’oriladigan yerlarda kamida 0,3 gektarni, boshqa viloyatlar va Qoraqalpog’iston Respublikasidagi sug’oriladigan yerlarda kamida 0,45 gektarni, sug’orilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo’jaliklarida ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o’lchami paxtachilik va g’allachilik uchun kamida 10 gektarni, bog’dorchilik uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekanlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni tashkil etishi shart ekanligi belgilab qo’yilgan.
Fermer xo’jaligi belgilangan tartibda davlat ro’yxatiga olingan paytdan e’tiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi va yuridik shaxs maqomini olib, bank massasida hisob-kitob varag’i va boshqa xil hisob varaqlar ochishga o’z nomi yozilgan muhrga ega bo’ladi. Fermer xo’jaligi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan namunali ustav asosida tuzilgan shu fermer ustavi asosida faoliyat yuritadi.
Fermer xo’jaliklari yuritish uchun beriladigan yer uchastkalari, zahira yerlardan, yuridik va jismoniy shaxslarga berilmagan, qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlardan, qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan qishloq xo’jalik kooperativlarining (shirkat xo’jaliklarining) hamda boshqa qishloq xo’jalik korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yer uchastkalaridan beriladi.
Ilmiy tadqiqot muassasalari, oliy o’quv yurtlari, akademik liseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablarining yerlari, shuningdek suv fondi yerlari fermer xo’jaligiga berilishi mumkin emas.
Fermer xo’jaliklarini yuritish uchun uchastkalari tanlov asosida ijaraga ellik yilgacha bo’lgan, lekin o’ttiz yildan kam bo’lmagan muddatga beriladi. Qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan qishloq xo’jaligi kooperativlarining (shirkat xo’jaliklarining) hamda boshqa qishloq xo’jaligi korxonalari muassasalari va tashkilotlarning yer uchastkalari maxsus tashkil etilgan komissiya o’tkazgan tanlov yakunlariga ko’ra tuman hokimining qaroriga asosan beriladi.
Qishloq xo’jaligi kooperativlarining (shirkat xo’jaliklarining) hamda boshqa qishloq xo’jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yer uchastkalari mazkur kooperativning (shirkat xo’jaligining) yoki korxona, muassasa tashkilotining a’zolariga fermer xo’jaligini yuritish uchun qishloq xo’jaligi kooperativining (shirkat xo’jaligining) umumiy yig’ilishi tomonidan o’tkazilgan tanlov yakunlariga ko’ra tuman hokimining qaroriga asosan berilishi mumkin.
Tanlov «Qayta tashkil etilayotgan qishloq xo’jaligi korxonasi negizida fermer xo’jaligi tashkil etishda tanlov g’oliblarini aniqlash to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi vazirligining 2005 yil 4 yanvardagi 1439-sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan Nizom asosida o’tkaziladi.
Tuman hokimining fermer xujaligi yuritish uchun yer uchastkasi berish to’g’risidagi qarori viloyat hokimi boshchilik qiladigan yer uchastkalari berish (realizasiya qilish) masalalarini ko’rib chiquvchi viloyat komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan keyin kuchga kiradi.
Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi fermer xo’jaligining boshlig’i va tuman hokimi tomonidan imzolanadi. Fermer xo’jaligiga berilgan yer uchastkasidan kat’iy belgilangan maqsadda foydalaniladi. Ular xususiylashtirilishi, shuningdek oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti bulishi va ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin emas.
Yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kreditlar olishda fermer xo’jaligi tomonidan garovga quyilishi mumkin. Fermer xujaligi berilgan yer uchastkasidan foydalanganlik uchun haq mahalliy byudjetga to’lanadigan har yilgi ijara haqi tariqasida yer uchastkasining sifatiga, joylashgan yeri va suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab, yerning kadastr bahosini inobatga olgan holda belgilanadigan yagona yer solig’i stavkasi miqdorida undiriladi.
Davlat ro’yxatidan o’tgan paytdan e’tiboran ikki yil mobaynida fermer xo’jaligi yer uchastkasidan foydalanganligi uchun haq to’lashdan ozod etilishi qonunda belgilab qo’yilgan.
Fermer xo’jaligi yuridik shaxsning barcha huquqlariga ega bo’ladi. Fermer xo’jaligi tadbirkorlik shakllaridan biri bo’lib, tashkil etilishidan ko’zlangan maqsadlarga erishish uchun shu maqsadlarga monand tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
Fermer xo’jaligi boshqa shakllarda xo’jalik yurituvchi korxonalar bilan teng huquqlarga ega.
Fermer xo’jaligi:
-o’ziga qarashli uy-joylar, xo’jalik imoratlari, qishloq xo’jaligi ekinzorlari va ko’chatzorlari, dov-daraxtlar, mahsuldor chorva mollar, parrandalar, qishloq xo’jaligi texnikasi, asbob-uskuna va ashyo-anjomlari, transport vositalari, pul mablag’lari, intellektual mulk obyektlari, shuningdek boshqa mol-mulklarga;
-ishlab chiqarish faoliyati natijasida yetishtirlgan mahsulotga;
-olingan daromadlarga (foydalarga);
-qonunda ta’qiqlanmagan asoslarda ega bo’ladigan boshqa mol-mulkka daxldordir.
Fermer xo’jaligining faoliyati ko’proq xo’jalik a’zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Fermer xo’jaligidagi ishlarni bajarishga boshqa shaxslar m yehnat shartnomasi asosida jalb etilishi mumkin.
Fermer xo’jaligi o’zi yetishtirayotgan mahsulotni sotishi, shu jumladan davlat xaridi tartibida sotish uchun huquqiy va jismoniy shaxslar bilan ixtiyoriylik asosida xo’jalik shartnomalari tuzish huquqiga ega. Taraflar shartnoma majburiyatlari buzilgan taqdirda, qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan tartibda javobgar bo’ladilar.
Fermer xo’jaligi o’zi yetishtirayotgan mahsulotga bozordagi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib mustaqil ravishda narx belgilaydilar.
Fermer xo’jaligini ishlab chiqarish ahamiyatiga molik obyektlar qurilishi, asosiy ishlab chiqarish vositalarini xarid etish uchun uzoq muddatli kreditlash va joriy ishlab chiqarish faoliyati uchun o’rta va qisqa muddatli kreditlash shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Fermer xo’jaliklari bank muassasalari tomonidan ularga xizmat ko’rsatish uchun tashkil etiladigan maxsus kredit fondidan imtiyozli shartlarda foydalanadilar. Fermer xo’jaligi qonun hujjatlariga muvofiq byudjetga soliqlar, yig’imlar hamda boshqa to’lovlar to’laydi. Fermer xo’jaligi o’z faoliyatining natijalarini hisobga olib boradi hamda mahalliy statistika va soliq organlariga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.
Prezidentimizning “O’zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida” asarida ta’kidlanishicha, “Bu yerda gap o’ziga tekkan mulkni shamolga sovurmasdan yoki shaxsiy boylik orttirish yo’lida sovurmasdan, balki ana shu mulkni ko’paytira biladigan, texnika bilan qayta jihozlaydigan va zamon talablariga muvofiq takomillashtira oladigan, uning negizida raqobatga bardoshli mahsulot ishlab chiqarishni yo’lga qo’ya oladigan mulkdorlar haqida borayotir. Shuningdek, ish bilan band bo’lmagan aholini ish o’rinlari bilan ta’minlaydigan, o’ziga ham, ishlovchiga ham, davlatga ham daromad keltiradigan, ishlab chiqarishni tashkil qila oladigan mulkdorlar haqida fikr yuritilyapti!».
Haqiqiy mulkdor bo’lish haqiqiy xo’jayinlik tuyg’usini his etish demakdir. Bu o’z navbatida insonning yashirin kuch-g’ayratini, tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etadi, uni tashabbuskor va omilkor qiladi, o’z korxonasining rivojlanish istiqboli haqida qayg’urib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirib boradi, oladigan foydasi ham, xodimlarning daromadi ham ko’payadi. Demak, iqtisodiy jihatdan erkin fuqaro, haqiqiy mulkdorgina o’z mol-mulkini samarali tasarruf etishdan, o’z boyligini ko’paytirishdan moddiy manfaatdor bo’libgina qolmay, balki mamlakatni boyitishga ham o’zini sezilarli hissasini qo’shishga imkoniyat yaratadi.
Fermer xo’jaliklarini tashkil etish resurslardan, ayniqsa yerdan samarali foydalanish, mehnatkashlarda mulkka, mehnatga bo’lgan munosabatlarni tubdan o’zgartirish, yuqori ko’rsatkichlarga intilish istagini ko’chaytirishga olib keladi. Shu xo’jalikdagi a’zolarga haq to’lash mexanizmi mehnat unumdorligini oshirishda, o’z mulkiy huquqlaridan to’la foydalanish o’z mulki asosida, yetishtirilgan mahsulotga mustaqil egalik qilish hissini uyg’otish orqali erishish mumkinligini ko’rsatadi. Fermer xo’jaliklarida mulkdorlar o’z mulklari asosida kichik va qo’shma korxonalar tashkil etib, mulkni va sifatli mahsulotlarni ko’paytirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish, mehnatni ilg’orlar tajriba va texnologiyalar asosida tashkil etish, boshqaruvga malakali mutaxassis va menendjerlarni jalb etish, mahsulot sifatini yaxshilash va tannarxni pasaytirishdan mafaatdordirlar.
Qishloq xo’jaligida fermer xo’jaliklarini tashkil etishdan maqsad mehnatkashlarni boqimandalik kayfiyatidan xolos etib, ma’lum bir miqdorda mulk egasi etib, shu mulkdan imkoniyat darajasida samarali foydalanib, uni ko’paytirishning moddiy manfaatdorlik mexanizmini ta’minlashdan iboratdir. Mulkdor mahsulot ishlab chiqarishdagi sarf-harajatni tejamkorlik bilan amalga oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, uni raqobatbardoshli qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi. Fermer xo’jaliklarini tashkil etish qishloq mehnatkashlarining farovonligini oshirish, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, mulkni ko’paytirish, undan samarali foydalanish, texnologik bir-biriga uzviy bog’liq xo’jalik subyektlari maqsadlarini uyg’unligini ta’minlovchi mexanizmlarni yaratishda bosh omil bo’lib hisoblanadi.
Kishloq xo’jaligida ham fermerchilik usul va tamoyillariga asoslangan xo’jalik yuritish shakllari bozor iqtisodiyoti talablariga javob berishi nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Mulkka va pirovard natijalarga egalik kilish huquqlarini mustahkamlash bilan bir qatorda fuqarolarda yangi iqtisodiy tafakkur va tushunchalarning rivojlanishida katta ahamiyatga egadir.
Yuqorida keltirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib, turli xil mulkchilikka asoslanib, faoliyat ko’rsatayotgan qishloq xo’jaligi korxonalari orasida xususiy mulkchilikka asoslanib, o’z manfaati va o’z mas’uliyati negizida xo’jalik yuritayotgan fermer xo’jaliklarida mavjud bo’lgan ishlab chiqarish resurslaridan samaraliroq foydalanishga sharoit yaratadi. Shu bilan birgalikda u mulkka, o’z mehnatining natijasida ishlab chiqarilgan mahsulotga ega bo’lishi bilan birgalikda mamlakatimizni kuchli huquqiy davlatdan kuchli xuquqiy fuqarolik davlat tizimiga o’tishda Respublika aholisini yangi ijtimoiy tafakkur va tushunchalarning shakllanishida asos bo’lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |