4. Bozorlar tizimi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotish bozorlari
Qishloq xo’jaligida to’laqonli va samarali harakat qiladigan kompleks bozor, uni tashkil qiluvchi yig’indini ifodalaydi: ixtisoslashgan bozorlar sistemasi–qishloq xo’jaligi mahsulotlari bozori, ish kuchi bozori, yer bozori, ishlab chiqarish vositalari (moddiy resurslar) bozori, moliya (kapital) bozori – bozor infratuzilmalari, shuningdek, xo’jalik yuritishning bozor mexanizmlaridan iborat bo’ladi. Yuqoridagilar birortasining mavjud bo’lmasligi yoki yetarli rivojlanmasligi bozor munosabatlari samaradorligini pasaytirishga olib keladi.
Qishloq xo’jaligi mahsulotlari bozorining o’ziga xos xususiyatlari bo’lib, u qishloq xo’jaliginingxususiyatlaridan kelib chiqadi:
1.Qishloq xo’jaligi mahsulotlarining taklifi qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan mahsulotning miqdori va sifatini nazorat qilish imkoniyatini chegaralab qo’yadigan tabiiy sharoitlarga bog’liq. Bunga bog’liq holda ular o’zlarining ishlab chiqarish va sotish faoliyatlarini 3 xil dastur asosida ko’rib chiqishlari kerak.
Birinchi dastur dehqonchilik va chorvachilik yalpi mahsulotini ko’paytirish bilan bog’liq bo’lgan va qulay tabiiy sharoitda tovar ishlab chiqaruvchilar harakatini aniqlashga qaratilgan bo’lishi kerak.
Ikkinchi dastur noqulay tabiiy sharoitga mo’ljallab tuzilishi kerak. U o’z ichiga hosilni saqlab qolish, vaqtincha jalb qilingan ishchi kuchi hisobiga hosilni yig’ishtirishni tezlashtirish, uni saqlash bilan bog’liq qo’shimcha tadbirlarni va boshqalarni olishi kerak.
Uchinchi dastur tovar ishlab chiqaruvchilar faoliyati bo’lishi mumkin bo’lgan tabiiy ofat sharoitiga moslashgan bo’lishi kerak. Bu modelning diqqat markazida ularning faoliyati vujudga kelgan zararni kamaytirishga, hatto butunlay qoplashga qaratilgan bo’lishi kerak.
Bu uchala modelda ham olinishi mumkin bo’lgan hosil va yetishmovchiligi, sotish, saqlash, shuningdek xarajat, yo’qotish, foyda yoki zarar oldindan taxminan hisoblangan bo’lishi kerak.
2.Qishloq xo’jaligi mahsulotlariga, aholining oziq-ovqatga bo’lgan talabini qondirishga bog’lik qilish darajasidagi garantiyali talab qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga sanoatdagilarga nisbatan ancha qulaylik beradiki, bu qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqarishiga sanoatdagidek noma’lum miqdorda sotish sharoitida ishlashga to’g’ri kelmaydi. Qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchisi o’z faoliyatida bu afzallikdan samarali foydalanadi. U har yili bir xil mahsulotni ishlab chiqarmasdan, balki talabga mos yangi ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyatiga ham ega bo’ladi. Tovar ishlab chiqaruvchining bunday harakati ularga raqobatchilar bilan muvaffaqiyatli kurashishga va yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish hisobiga daromad olishning yangi manbalarini topishga imkon beradi. Amaliyotda bir xo’jalik ichida bir qancha, o’zaro texnologik aloqada bo’lmagan mahsulot turlari rivojlanadi.
3.Biroq, turli mahsulot turlarini ishlab chiqarish, qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun, bir tomondan, ishlab chiqarish xarakteri jihatdan ham, sotish xarakteri jihatidan ham qo’shimcha qiyinchilik tug’diradi. Masalan, g’alla ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tovar ishlab chiqaruvchi cho’chqa boqish bilan shug’ullanish imkoniyatiga ega bo’lishi mumkin. Yuqoridagi mahsulot turlarini ishlab chiqarish va sotish prinsip jihatidan turli xil yondoshishga asoslangan. Boshqa tomondan tovar ishlab chiqaruvchi bunday ishlab chiqarish kombinasiyasidan ma’lum darajada katta zarardan sug’urta qilinadi, ya’ni g’alla yaxshi ololmagan paytda, undan yem sifatida foydalanib, cho’chqachilikdan qo’shimcha daromad olishi mumkin bo’ladi.
4.Mahsulotning ko’p miqdori va uning tez buzilish xarakteri, bir tomondan, omborlar, saqlaydigan xonalar bo’lishini taqozo qiladi, boshqa tomondan - tovar ishlab chiqaruvchini bunday mahsulotni juda tez va qisqa muddatda sotishga undaydi. Bu yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmaslikka va mahsulot daromadini pasaytirmaslikka imkon beradi.
5.Qishloq xo’jaligi mahsulotlari iste’molining shaharda to’planishi, uni sotish uchun turli xil vositachilar zarurligini keltirib chiqaradi. Bu ular daromadining bir qismi, ya’ni o’z mahsulotlari qiymatining bir qismini vositachilarga berilishini bildiradi.
Qishloq xo’jaligi mahsulotlari bozorining vujudga kelishi, dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini sotish ikki kanal orqali amalga oshiriladi: davlat topshirig’i bozori va to’g’ridan–to’g’ri talab bozori. Davlat topshirig’i bozorida tovar ishlab chiqaruvchilar bilan davlat o’rtasida vertikal aloqalar amalga oshadi. Bu bozor orqali mamlakatning garantiyalangan oziq-ovqat fondini yaratish maqsadida qishloq xo’jaligi mahsulotlarining asosiy turlari hajmi markazlashgan tartibda vujudga keltiriladi.
Davlat topshirig’i mahsuloti tarkibiga: non va non mahsulotlari, paxta va paxta mahsulotlari, go’sht va go’sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, qand, o’simlik yog’i, baliq va baliq mahsulotlari, yengil sanoatni ta’minlash uchun paxta tolasi, kanop tolasi, jun va boshqa turdagi mahsulotlar kiradi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotning bevosita talab bozorida nisbatan ajralgan tovar ishlab chiqaruvchilar, shuningdek tovar ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar o’rtasida gorizontal aloqa amalga oshadi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini bevosita talab bozori orqali sotish shakllari turli tumandir. Bu mahsulotni korxona va tashkilotlarga, jamoa xo’jaligi bozorida, bevosita qishloq xo’jaligi korxonalarida qishloqda yashovchi xodimlarga, matlubot kooperasiyasi va boshqalarga sotish mumkin.
Tovar ishlab chiqaruvchilarning qayta ishlovchi sanoat korxonalari, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari bilan bo’ladigan bevosita aloqalari eng samaralisi hisoblanadi. Ular qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, ortish, tushirish, qayta ishlash va saqlashning hamma bosqichlarida yo’qotishlarni kamaytirish bo’yicha eng qulay tadbir hisoblanadi. Bevosita aloqalarni kengaytirish, bundan tashqari sifatli mahsulotni iste’molchiga yetkazib berish muddatini qisqartadi, tayyorlov xarajatlarini kamaytiradi.
Qishloqqa bozor munosabatlarini kiritish sotib olish va savdo faoliyati tizimini o’zgartirishni, uning turli-tuman shakllari uchun sharoit yaratishni talab qiladi. Davlat topshirig’i rejasida, davlat savdo-tayyorlov tizimi bilan bir qatorda matlubot kooperasiyasi, kooperativ va aralash tashkilotlar, shuningdek, dehqon kooperativlari, yetakchi savdo-sotiq faoliyatlari rivojlana boshlaydi. Bularga eng avvalo kartoshka, sabzavot, mevalarning ortiqcha qismini sotib olish va ularni sotishni kiritish mumkin. Bu esa mahalliy ta’minotni yaxshilaydi, davlat va kooperativ savdodagi og’irlikni pasaytiradi, ular o’rtasida raqobat elementlarini yaratadi.
Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotish muammosida qishloq xo’jalik tovar birjalari muhim ahamiyatga ega. Ma’lumki, tovar birjalari qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotish bo’yicha regulyar harakat qiladigan, dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini sotishni amalga oshiradigan korxona hisoblanadi.
G’alla birjasi, paxta tolasi birjasi, sabzavot, meva birjalari kabi tor doirada ixtisoslashgan birjalar va yirik tovar mahsuloti, valyuta, qimmatbaho qog’oz va boshqalarni amalga oshiradigan universal birjalar bo’lishi mumkin. Qishloq xo’jaligi tovar birjasining a’zolari alohida fuqarolar, dehqon xo’jaliklari, ijara jamoalari, boshqa korxona va tashkilotlar vositachi (broker) tashkilotlar-banklar, investisiya tashkilotlari bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, birja savdosini birja a’zosi bo’lmaganlar ham amalga oshirishi mumkin. Bunday holda o’tkazilgan operasiyalar uchun yig’im olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |