5-Mavzu: Axloqiy tarbiya . Axloqning ma’naviyatda tutgan o’rni
Reja
Axloqiy tarbiyaning asosiy maqsadi
Asl insoniy fazilatlar
Erkinlik va mas’uliyat tarbiyasi
Xudbinlikning vujudga kelish sabablari
Ma’naviy tarbiya tizimida insonning yaxshi xulqi, muomalasi, halolligi, yolg’on va soxtalikdan o’zini tiyishi va boshqa ko’plab ijobiy xislatlarni shakllantirish muhim o’rin tutadi. Kishilik jamiyati vujudga kelib dastlabki rivojlanish jarayonida odamlar munosabatini tartibga soluvchi qonunlar hali bo’lmagan. Bu vazifani axloq bajargan. Axloq inson ma’naviyatining xamirturushidir desak, xato bo’lmaydi. Axloqiy me’yorlar, qoidalar qadimda, balki, o’rta poleolitda uning ba’zi unsurlari yuqori poleolitda paydo bo’la boshlagan. SHundan buyon axloqiy me’yorlar rivojlanib, boyib, takomillashib kelmoqda. Ijtimoiy ongning alohida mustaqil shakli sifatida esa axloq ibtidoiy sinkretizm parchalangandan keyin vujudga kelgan. Lekin axloqiy qoidalar, me’yorlar, urf-odatlar, marosimlar, an’analar ko’rinishida o’ziga xos tizim sifatida ungacha ham nisbatan ajralib turgan. To’g’ri, ularning o’zi sinkretik bo’lib, g’ayritabiiy kuchlarga sig’inish usullarini o’z ichiga olgan.
Axloqiy tarbiyaning asosiy maqsadi va vazifasi insonda asl insoniy fazilatlarini shakllantirishdir. Lekin bu ancha murakkab va qiyin ish. CHunki, bir tomondan, har qanday tarbiya asosida bilim yotadi. Ikkinchi tomondan, bilimlar o’z-o’zidan insonni tarbiyalamaydi. Ular tuyg’ular, ishonch, ixlos bilan bog’lansagina, insonning ichki e’tiqodiga, dunyoqarashi unsuriga aylanadi. Ayniqsa, axloqiy va estetik tarbiyada his – hayajon, tuyg’ular dunyosi – ko’ngil katta ahamiyat kasb etadi. Inson keng bilimli, o’z kasbini yaxshi egallagan tashkilotchi va ishchan, ammo ayni paytda xudbin, o’z manfaatlari yo’lida hech narsadan toymaydigan, bag’ritosh zolim ham bo’lishi mumkin. Insonda insoniylik birinchi navbatda aql, kasbiy bilim, mahorat orqali emas, ko’ngil va mehr (ishq) orqali tarbiya topadi. Bejiz xalq maqolida “Olim bo’lish oson, odam bo’lish qiyin” deyilmaydi. Lekin bundan axloqiy tarbiyada aql ikkinchi darajali ekan degan xulosa kelib chiqmaydi. Gap bu yerda tarbiya nimadan boshlanishi va uning hissiy poydevori ustida ketyapti, xolos. Insonning har qanday e’tiqodi, jumladan axloqiy e’tiqodi aql orqali, ijobiy bilimlar orqali vujudga keladi.
Axloqiy tarbiya avvalo axloqiy tuyg’ularni shakllantirishdan boshlanadi. Tuyg’u inson ongining voqelikni his – hayajon ko’rinishida aks ettirishi, voqeaga, predmetga nisbatan insonning bevosita hissiy reaksiyasidir. Qo’shnilarning bolasi janjal qilib, biri ikkinchisini do’pposlabdi degan xabar sizda ma’lum tuyg’u o’yg’otadi, lekin tezda o’tib ketadi. Ammo kaltak yegan va janjal qilgan sizning farzandingiz bo’lsa, his-hayojoningiz uzoqroq davom etadi. Ayrim tuyg’ular mazmuni va tuzilmasiga ko’ra oddiy, ayrimlari esa murakkab, hatto ancha murakkab bo’ladi. Masalan, hayo, ibo, kabi tuyg’ular oddiy axloqiy tuyg’ulardir. Ammo vijdon, diyonat, adolat, vatanparvarlik, ezgulik kabi tuyg’ular ancha murakkab tuzilishga va mazmunga ega. Ular insonning tuyg’ularinigina ifodalab qolmasdan, balki butun axloq ilmini va jamiyat tajribasini mujassam aks ettiradi.
Axloqiy tuyg’ular insonga uzoqroq ta’sir ko’rsatsa, hissiy kechinmalarga aylanadi. Hissiy kechinmalar inson ko’nglini tarbiyalaydi, teranlashtiradi va noziklashtiradi. Boshiga tashvish tushib, ko’p his – hayojonli o’ylarni xayolidan kechirgan kishi hayotni, uning muammolarini teranroq, chuquroq tushunadi. Agar hayot qiyinchiliklari uni ezib, ma’naviy majruhga aylantirib qo’ymagan bo’lsa, u shunday muammolarga duch kelgan boshqa kishilarga yaqindan hamdardlik qiladi, vaziyatdan chiqib olishda so’zi yoki ishi bilan yordam beradi. Axloqiy tarbiya birinchi galda barcha ijobiy insoniy tuyg’ularni shakllantirishi va mustahkamlashi lozim
Axloqiy tuyg’ular va kechinmalarni anglab olish, umumlashtirish asosida axloqiy g’oyalar, tushunchalar, baholar, me’yorlar, kategoriyalar, axloqiy qonunlar vujudga keladi.
Insonning eng muhim belgilaridan biri yaratuvchilikdir. Inson aql zakovati, mehnati orqali tabiatni o’zgartiradi, yangilaydi, tabiatda yo’q narsalarni yaratadi. Axloq insonda yaratuvchilikni tarbiyalaydi. Insonda insoniy fazilatlarni, yaratuvchilikni rag’batlantiradigan g’oyalar, qadriyatlar ezgulik deb, aksincha, uni buzg’unchilikka moyil etib tarbiyalaydigan g’oyalar, usullar va h.k. yovuzlik, deb ataladi. Axloq odamlarni bir biridan ajratadigan, uzoqlashtiradigan, bir biriga ishonchini so’ndiradigan har qanday xatti-harakatni cheklaydi, qoralaydi. SHu sababdan yovuzlik, zolimlik, zo’ravonlik, o’g’irlik, qotillik, talonchilik, yolg’on, xudbinlik va ko’plab shu kabi salbiy fe’l – atvor axloqiy me’yorlarda qoralandi, taqiqlandi. Axloqiy me’yorlarning undovchi va cheklovchi vazifalari oqibatda inson va jamiyat rivojiga xizmat qildi. Bu nafaqat oddiy axloqiy me’yorlarga, shuningdek murakkab axloqiy tushunchalarga, kategoriyalar va qonunlarga ham taalluqli.
Lekin unutmaslik kerakki, axloqiy me’yorlar qotib qolgan tushunchalar emas. Ular jamiyat taraqqiyoti jarayonida, ob’ektiv shart – sharoitlar yaxshilanishi, ishlab chiqarish va ta’minot darajasi, moddiy va ma’naviy madaniyat yuksalishi, inson bilimlari ortib, ongi, tafakkuri o’zgarishi jarayonida rivojlanadi. Axloqiy me’yorlar mazmunan boyiydi, shaklan takomillashadi, ba’zi bir taqiqlaridan voz kechadi, ba’zi bir yangi taqiqlarni joriy qiladi. Masalan, xotin – qizlar erkinligi, keyinishi, jamoat ishlarida qatnashishi va sh.k. bilan bog’liq ko’plab taqiqlar bugun bekor qilingan. Zamonaviy jamiyatda oila nikoh masalalarida erkak va ayollarning tengligi nafaqat huquqiy – yuridik jihatdan, shuningdek axloqiy qarashlar nuqtai nazaridan ham tubdan ijobiy tomonga burildi. Ayni paytda ekologik masalalarda zamonaviy jamiyatning axloqiy qarashlarida yangi taqiqlar paydo bo’ldi.
Axloqiy tarbiya odamlarga odob – axloq qoidalari, me’yorlari, qadriyatlarini o’rgatish qatorida ularning takomillashuvi uchun ma’naviy – ruhiy shart – sharoit, zarur muhit yaratadi. CHunki odamlarning axloqiy madaniyati, o’ziga va boshqalarga nisbatan axloqiy talablari, baholash darajasi o’sadi.
Axloq kategoriyalaridan kelib chiqib konkret tarixiy davrda jamiyatda hukm surayotgan talablar, odatlar, urflar, davlat yuritayotgan siyosat baholanadi. Axloq kategoriyalari har bir davr me’yorlari, qoidalari ma’lum yo’nalishda va doirada (chegarada) rivojlanishini belgilaydi. Ammo bu chegarani qat’iy va aniq chizib qo’ymaydi. Erkin va ijodiy takomillashish uchun imkoniyat qoldiradi. Bu ham insoniyat har bir avlodining axloqiy ongi va xulqi shakllanishi, takomillashishining o’ziga xos xususiyatidir. Ko’pincha bizga o’zgalar tajribasi, tavsiyasi kamlik qiladi. Ko’pincha manglayimizni g’urra qilib, nohushlikni o’z boshimizdan o’tkazmaguncha, hayotdan achchiq saboq olmaguncha, to’g’ri xulosa chiqarmaymiz.
Axloqiy tarbiya odamlarning o’zaro munosabatini qattiq o’zgarmas qolipga tiqib qo’ymasligi lozim. SHunda jamiyatda ma’naviy erkinlik, ijodiy izlanish, ijtimoiy tajriba, ijtimoiy rasum-rusumlarni (modani) o’zgartirib turish, xilma-xillikka intilish qaror topadi. Konservatizm asta – sekin yengib o’tiladi. Ayni paytda radikalizm (keskin o’zgarish) ham cheklanadi. Ma’lumki, inson yoshlikda radikal fikrlaydi, jamiyatni tubdan o’zgartirishga moyillik bildiradi. Keksalikda inson mavjud munosabatlar, ota-bobolardan qolgan barqaror qoidalar o’zgarmasligi, to’lig’icha saqlanib qolishi tarafdoriga aylanadi. Keksalikka konservatizm ko’proq xos. YOshi keksa kishilardan “odamlar buzilib ketdi, mehr-oqibat yo’qolib boryapti”, “ilgari unday edi, hozir bunday” kabi norozilik ohangidagi so’zlarni tez-tez eshitish mumkin. Ta’kidlash joizki, bunday so’zlarni barcha zamonning barcha keksalari gapirgan. Ilgari hatto jamiyatning, odamlarning “buzilib ketayotgani” oxirzamon yaqinlashayotganining belgisi sifatida talqin qilingan. Misr papiruslarida, Mesopotamiya sopol taxtachalarida bundan 5 ming yil avval yuqoridagi mazmunda bitilgan yozuvlar topilgan. Antik davr va o’rta asrlarda-ku bunday yovuzlar, kitoblar ancha ko’p uchraydi. Axloqiy tarbiya jamiyat zamonga moslashib, mo’’tadil rivojlanishini, radikalizmga ham, konservatizmga ham berilib ketmasligini o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi.
Falsafa, etika, madaniyatshunoslik fanlari tarixida axloq kategoriyalari turlicha yoritilgan. Ularning mohiyati, mazmuni, tuzilmasi, manbai har xil tushuntirilgan. CHunki ular inson hayoti, dunyoqarashi, e’tiqodi bilan bevosita bog’liq, shu boisdan ancha chigal va murakkab. Tabiiyki, bu axloqiy tarbiya mazmun - mohiyatini, metodologiyasini tushunishni ham qiyinlashtirgan, ziddiyatlarni kupaytirgan. Axloqning o’zak kategoriyalari ezgulik va yovuzlik misolida buni ochib berish mumkin.
Avestoda ezgulik va yovuzlik olamning boshida, ibtidosida turgan ikki kuch – Axura Mazda va Agra Maynyu irodasi sifatida talqin qilinadi, ularning o’zaro kurashi bayon etiladi. Tabiatning jonivorlari, o’simliklari, g’ayritabiiy (ilohiy) asotiriy mavjudotlar – barcha-barchasi ikkiga bo’linib, Axura Mazda yoki Agra Maynyu qo’shiniga kiritilgan. Masalan, asotiriy devlar yoki tabiatda real mavjud ilonlar yovuzlikka, turli ilohlar (ma’budlar, farishtalar) yoki tipratikan ezgulikka oid hisoblangan. Avesto o’z vaqtida tizimlashtirilgan ta’limotni, qarashlarni aks ettirgan insoniyat tarixidagi birinchi kitob bo’lgan. Demak, insoniyatning ma’naviy o’zligini anglashi ezgulik va yovuzlik tushunchalarini tahlil etish va baholashdan boshlangan desak, xato qilmaymiz.
Insoniyat e’tiqod qiladigan hamma dinlarda ezgulik va yovuzlik masalasi markaziy o’rin egallaydi. Ezgulik – savob, insonni jannatga muyassar qiladi. YOvuzlik – gunoh, uvol, insonni do’zax azobiga mubtalo etadi. Do’zax yoki jannat, qiyomat kuni tushunchalari yo’q dinlarda esa, ezgulik va yovuzlik insonning yangi hayoti, qayta tug’ilib insonning biror boshqa mavjudot (yoki insonga) o’tishi, inkarnatsiyasiga (bizda bu “tanassux”atamasi bilan ifodalanadi) ta’sir qiladi.
Ba’zi yondashuvlarda ezgulik va yovuzlik inson ehtiyojlari bilan bog’lab tushuntiriladi. Insonga foyda keltiradigan, uning turmushini, odamlar bilan munosabatni yaxshilaydigan, shaxsni kamol topdiradigan, o’zini baxtli his etishga yordam beradigan axloqiy g’oyalar, me’yorlar, tushunchalar ezgulik deb, insonga zarar keltiradiganlari, azob-uqubat va baxtsizlikka duch qiladiganlari esa yovuzlik deb talqin qilinadi. SHu sababdan ba’zi xalqlarda ezgulik tushunchasi va moddiy boylik, hatto gavdaning yetilib to’ladan kelishi (insonning semirishi) bir xil so’z bilan atalgan. Masalan, rus tilida “dobro” so’zi nafaqat axloqiy tushunchani (kategoriyani), shuningdek mehnat bilan topilgan boylikni (najitoye dobro) yoki biror kishining gavdasi to’lishganini (“razdobrel”) bildiradi. O’tmishda gavdaning to’lishgani sog’lomlik (yaxshilik), ozib ketish (kasallik, yomonlik) alomati sifatida kundalik ongda o’rnashib qolgan. Boylik ezgulik bo’lsa, har qanday yo’l bilan boylik to’plash egulikka intilish deb tushuntirilgan, natijada bu yo’ldagi nohalollik, yolg’on, qalloblik ekspluatatsiyadan, kezi kelganda toymaslik oqlangan. Badaning to’laligi sog’lomlik (ezgulik) deb tushunilishi odamlarda semirishga intilishni kuchaytirgan. Ammo nohalol topilgan boylik ham, chegaradan chiqadigan semizlik ham odamlarning havasini keltirmagan, salbiy baholangan. Axloqiy tarbiya maqsad va mo’ljallarida ziddiyatlar, ikkilanishlar paydo bo’lgan.
Antik davrdayoq yunonlarda insonning yashashdan maqsadi baxtli bo’lish (evdonizm), zavq-shavq tuyish, lazzatlanish (gedonizm), degan qarashlar qaror topgan. Ular ezgulikning tarkibiy qismi hisoblangan. Lekin baxtning o’zi nima, hayot lazzati nima degan savolga bir xil javob berilmagan. Natijada baxt ba’zan boylik orttirish, to’q yashash, xohish-istaklarni amalga oshirish imkoniga ega bo’lish, lazzat ham ba’zan xushta’mli ovqatlarni iste’mol qilish, nafsini qondirish, aysh-ishrat surish qabilida o’ta jo’n tushinilgan. Bu ham axloqiy tarbiyada chalkashlik va ziddiyatlarni hosil qilgan. Bunday tushunish moddiy jihatdan yaxshi ta’minlangan kishilarning bir qismida nafs va hirsga moyillikni rag’batlantirgan. SHu sababdan o’tmishning ayrim ilg’or mutafakkirlari, diniy arboblari maishatparastlikni, nafsni qattiq qoralab, ularni yovuzlik deb, talqin qilgan. Antik davrning buyuk faylasufi Suqrotning “ovqatlanish yashash uchun kerak, yashash ovqatlanish uchun emas,” degan hikmati turli ko’rinishlarda, ifodalarda hozir ham mashhur. Aksincha, ezgulik, donishmandlar fikricha, nafs va hirsni jilovlash, haqqa, haqiqatga intilishdir. Haqni esdan chiqarishda bevosita yoki bilvosita sabab bo’ladigan har qanday istak-hoxish, intilish va ehtiyojni ular yovuzlikka kiritgan. Ba’zi ta’limotlar, tasavvuf tariqatlari hatto o’zlikdan kechishni, ayrim sog’lom ehtiyojlardan ham qutilishni targ’ib etgan.
Ayrim diniy mazhablarda, oqimlarda, tariqatlarda, alohida qarashlarda ezgulik va yovuzlik masalasi ancha keskin va birtomonlama qo’yilishiga qaramasdan, umuman olganda din hamisha ezgulikni himoya qilgan (albatta, o’z ta’limotidan, tushunchasidan kelib chiqib). Ezgulik tushunchasi atrofida insonga, jamiyatga, tabiatga,har qanday voqea va hodisaga, shu jumladan alohida insonlarning konkret ishiga beradigan bahosini, kengroq olsak, amaliy munosabatini qurgan. “O’zinga ravo ko’rganmagan narsani boshqalarga ham ravo ko’rma”degan axloqiy qonun bir biridan mustaqil holda Konfutsiy ta’limotida (Xitoy), Manu qonunida (Hindiston), Tavrotda (YAqin SHarq) o’z aksini topgan. Quronda va payg’ambar hadislarida biz ushbu qonunning yana-da teranroq va kengroq talqinini uchratamiz: “O’zingga ravo ko’rmagan narsani boshqalarga ham ravo ko’rma, o’zing bahramand bo’lgan ne’matdan boshqalar ham bahramand bo’lishiga ko’maklash”. Mazkur axloqiy qonunni odamlar ongiga singdirish barcha davrlarda, kelajakda ham ma’naviy tarbiyaning asosiy maqsadlaridan biri bo’lib qolaveradi. Uning anglab olinishi, va odamlar orasida keng tarqalishida buyuk mutafakkirlar bilan bir qatorda diniy kitoblar va diniy voizlar katta rol o’ynagan.
Lekin dinga xos mantiqiy va ijtimoiy – ma’naviy ziddiyatlar ayrim xollarda din vakillari va tashkilotlarining xato qarorlarini qabul qilishlariga, ularning niyatidan qat’i nazar, ezgulikning o’z dialektik qarama-qarshiligi – yovuzlikka aylanishiga sabab bo’lgan. Masalan, xristian katolik cherkovi salib yurishlariga, mustamlakachilik urushiga, g’ayrindilarni ommaviy jazolashga,qirg’in qilishga, o’z diniga majburan o’tkazishga fatvo bergan. Rus pravoslav cherkovi ham undan qolishmagan. CHor mustamlakachilari “Za sarya, otechestvo i veru pravoslavnuyu” (“Podshoh, ota yurt va pravoslav dini uchun”) shiori ostida boshqa xalqlarni bosib olgan, ko’plarini majburan cho’qintirgan, bo’yin tovlaganlarni ommaviy qirgan. Islom peshvolari ham urushlarda ommaviy qatllarga fatvo bergan. Bugun radikal islom ulomalari jihod niqobidagi terrorizmni qo’llab-quvvatlayotir.
Ta’kidlash joizki, o’zinga ravo ko’rmagan narsani, boshqalarga ham ravo ko’rma, degan axloqiy qonun shakllanishi va hayotga tadbiq etilishiga ezgulik va yovuzlik kategoriyalaridan tashqari yana vijdon kategoriyasi ham sezilarli hissa qo’shgan. Garchi vijdonning o’zini ezgulikning muayyan ko’rinishi deb talqin qilish mumkin bo’lsa-da, u insonning ichki nazoratchisi, undovchisi, cheklovchisi, sudyasi sifatida juda ulkan ijtimoiy-psixologik, aksiologik (baholash) va ijtimoiy mo’ljal vazifalarini bajaradiki, uni nisbatan mustaqil kategoriya sifatida o’rganish joiz. Vijdon iudaizm, xristianlik, islom dinlarida alohida kategoriya sifatida mavjud. Buddaviylik, induizm, konfutsiychilik, daosizm, sintoizm dinlarida esa vijdon tushunchasi ezgulik va yovuzlik kategoriyalari doirasida o’rganiladi. SHu sabab ularda hatto vijdon tushunchasiga mos keladigan alohida atama yo’q. Lekin bundan mazkur dinlarga e’tiqod qiluvchilar vijdon to’g’risida tasavvurga ega emas, uning talablariga rioya qilmas ekan degan xulosa kelib chiqmaydi. Faqat bizda vijdon tarkibiga kiritilgan g’oyalar, tamoyillar, me’yorlar, ideallar ularda ezgulik va yovuzlik kategoriyalari, axloqiy qonunlar, ko’rsatma va talablar tarkibiga kiritilgan, xolos. Bizda esa vijdon nisbatan alohidalashgan tizimni tashkil etgan. Aynan vijdon o’ziga ravo ko’rmagan narsani boshqalarga berishga, sotishga, tashviq etishga, o’zi zavq-shavq oladigan, lazzat qiladigan narsani boshqalardan yashirishga yo’l qo’ymaydi.shu sababdan vijdon tuyg’usini va tushunchasini odamlarda shakllantirish axloqiy tarbiyaning muxim vazifalaridan biridir. Insonning o’z nojo’ya ishidan vijdoni qiynalishi, xayrli ishidan vijdoni qoniqishi uni noto’g’ri xatti – harakat sodir qilishidan tiyadi, to’g’ri sa’y – harakatga undaydi. Inson ma’naviy erkinlikka sof vijdoni orqali erishadi.
Axloqiy tarbiya – erkinlik va mas’uliyat tarbiyasi, iroda va tolerantlik tarbiyasidir. Ushbu masalada biz boy milliy – madaniy merosimizni va jahon xalqlari, jumladan g’arb xalqlari yaratgan merosni, tarbiyaviy tajribani o’rganishimiz lozim. G’arb axloqining bizga to’g’ri kelmaydigan tamoyillarni asosli tanqid qilib, inkor etish, o’rganishga arziydigan jihatlarini qabul qilish lozim. Ma’naviy tarbiyaning biror sohasida, jumladan axloqiy tarbiyada ham biz milliy mahdudlikka tushib qolmasligimiz kerak. Endi axloqiy tarbiya bilan bog’liq ayrim tamoyillar va baholarga munosabat bildirib o’tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |