O‘t haydovchi vositalar
Safroning fiziologik ahamiyatlaridan biri uning tarkibidagi o‘t kislotalarining yog‘larini emulgatsiyalashtiruvchi xossasidir. Ma’lumki yog‘lar emulsiya holatidagini lipaza fermenti ta’sirida o‘zlashtiriladi va ichakdan so‘riladi. Safroning yetishmovchiligi 2 xil sabab bilan bo‘lishi mumkin: jigar hurujlarida o‘tni hosil bo‘lishini buzilishi yoki hosil bo‘lgan safroni ichakka oqib chiqishini buzilishi. Shunga asoslangan holda safro haydovchi vositalar ikki turga bo‘linadilar:
Safroni hosil bo‘lishini kuchaytiruvchi vositalar (xoleretika, xolesekretika, chole-o‘t, rheo-oqish).
Safroni ajralishini kuchaytiruvchi vositalar (xolagoga yoki xolikinetika-chole-safro, ago-haydash).
Safroni hosil bo‘lishini kuchaytiruvchi vositalar (xoleretika) o‘z navbatida quyidagilarga bo‘linadi.
O‘t kislotalari va ularning tuzlari: degidroxol kislota, xologon, degidroxolin.
Safro dori vositalari-”xolenzim” tabletkalari.
O‘simliklardan tayyorlangan dori vositalar-xolosas.
Sintetik dori vositalar-oksafenamid
Ushbu dori vositalarning barchasi safro hosil bo‘lishini kuchaytiradilar, ayniqsa o‘t kislotalari.
Digidroxol kislota (Acidum dehydrocholicum -xologon, degidroxolin)- Jigar hujayralarining fiziologik ta’sirlantiruvchisi bo‘lib hisoblanadi. Peshob ajralishini ham kuchaytiradi. Safroni suyultiradi, safro yo‘llarida o‘tni yig‘ilib qolishiga, kristallanishiga yo‘l qo‘yilmaydi, ichak peristaltikasini kuchaytiradi. Xolangit, surunkali xoletsistitlar, gepatitlarda qo‘llaniladi. Davolash 2-4 hafta davom etadi. Jigarning o‘tkir distrofiyalarida, o‘t yo‘llarini konkrement yoki o‘simtalar bilan berkilib qolgan holatlarda qo‘llash mumkin emas.(obturatsion sariqlikda)
Allaxol – tarkibida quritilgan safro, sarimsoqning quyuq ekstrakti, (krapiva) gazanda o‘tining quyuq ekstrakti, faollashtirilgan ko‘mirdan iborat bo‘lgan, usti qoplangan tabletkalar. Asosan gepatotsitlar faoliyatini kuchaytiradi, MITni sekretor va harakat faolligini oshiradi, ichakda chirish va achish jarayonlarini kamaytiradi. Ovqatdan keyin ichiladi. Davolash 3-4 hafta davom etadi.
Qo‘llanilishi: surunkali gepatit, xolangit, xoletsistit, ichak atoniyasi tufayli yuzaga kelgan qabziyatlarda.
Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar: O‘tkir gepatitlar, jigar distrofiyalari va obturatsion sariqlikda
Noxush ta’siri: ba’zi bemorlarda allergik reaksiyalar, ich ketishi mumkin.
“Xolenzim” tabletkalari tarkibida so‘yilgan qora molning quritilgan safrosi, quruq me’da osti bezi va quritilgan ingichka ichak shilliq qavatining 0,1 g miqdorlaridan tayyorlangan. Tarkibida amilaza va tripsin fermentlari borligi uchun ovqat hazm qilishni yaxshilaydi. Allaxol kabi qo‘llaniladi (ovqatdan keyin ichiladi).
“Liobil” tabletkalari – tarkibida 0,2 liofillangan safro bor. Xolenzim va allaxol kabi qo‘llaniladi.
Xolosas (Cholosasum) – na’matakning mevasi va shakardan tayyorlangan quyuqlashtirilgan sharbat. O‘ziga xos hidga ega. O‘t ajralishini oshiradi. 1 choy qoshiqdan kuniga 2-3 marta ichiladi. Ko‘rsatmalar: gepatit, xoletsistitlar. Bulardan tashqari tarkibida mentol, terpen va efir moylarini saqlangan flavonlar, fitosterinlardan iborat 100dan ortiq o‘simliklar dori vositalar bo‘lib, ularning aksariyati safro hosil bo‘lishi va ajralishini kuchaytiradilar (makkajo‘xori popugi, buznoch, safro haydovchi aralashmalar, damlamalar).
Oksafenamid – sintetik birikma, safroni hosil bo‘lishini va ajralishini kuchaytiradi, ayniqsa giperxolesterinemiyada. Davolash 15-20 kun davom etadi.
Qo‘llanilishi: surunkali xoletsistitlar, xoletsistogepatitlar, safro-tosh xastaligi va boshqa o‘t ajralishini oshirish zarur bo‘lgan xastaliklar, hamda 12 barmoqli ichakni zondlashdan avval ichiladi. Antibakterial, spazmolitik, xolinolitik vositalar va promedol bilan kerak bo‘lgan hollarda qo‘shib ishlatiladi. Noxush ta’siri yo‘q, kamdan-kam hollarda ichni surishi mumkin.
Dori vositaning o‘tkir gepatitlar va jigarda kuchli distrofik o‘zgarishlar bo‘lganda qo‘llash mumkin emas .
Sikvalon – safro haydovchi va yallig‘lanishga qarshi xossalarga ega. Oksafenamidga o‘xshash ko‘rsatmalar bo‘yicha qo‘llaniladi.
Tabletkalari kuniga 3 - 4 marta ichiladi. 3 - 4 hafta davomida.
Nikodin – nikotin kislotasi amidi va formaldegid hosilasi. Safro haydovchi, bakteriostatik va bakteriotsid ta’sirga ega. Bu dori vositadan ajralib chiqayotgan formaldegid bilan bog‘liq. Dori vositaning qolgan qismi vitamin RR bo‘lib jigar hujayralariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Dori vositani xoletsistitlarda, gastroenterit va peshob yo‘llarining infeksiyalarida qo‘llaniladi. Ayniqsa safro yo‘llarining yallig‘lanishi gastrit va kolitlar bilan birgalikda kechganda, kuniga 3-4 martadan ovqatdan keyin 10-14 kun mobaynida ichiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |