Tiopenal-natriy -tomirga kiritilganda 1 daqiqadan keyin qo‘zg‘alish davri bo‘lmagan narkoz rivojlanadi va u 20-30 daqiqa davom etadi. Dori vositaning katta qismi yog‘ to‘qimasida to‘planib asta-sekin jigarda parchalanadi. Skelet mushaklarini yaxshi bo‘shashtiradi. Adashgan nervni qo‘zg‘atib, laringospazm chaqiradi, so‘lak va nafas bezlarining faoliyatini kuchaytiradi. Tomirga tez kiritilsa, kollaps va apnoe rivojlanadi, chunki dori vosita nafas va qon aylanish markazlariga salbiy ta’sir etadi. Narkozdan keyin, davomli uyqu chaqiradi.
Qo‘llanilishi: kirish narkozida, qisqa muddatli jarrohlik muolajalarida, tirishish va ruhiy qo‘zg‘alishlarni bartaraf etishda. Jigar va buyrakning organik xastaliklarida, diabet, bronxial astma va o‘tkir, tez o‘tuvchi porfiriyalarda qo‘llash mumkin emas.
Geksenal – barbitur kislotasining hosilasi. Tomirga kiritilgach, qo‘zg‘alish davri bo‘lmagan, chuqur, tez rivojlanuvchi, jarrohlik davri 15-25 daqiqa davom etuvchi narkoz rivojlanadi. Jigarda tez parchalanadi. Tiopental natriyga o‘xshash, lekin unga nisbatan ko‘proq asoratlar chaqiradi (yurak faoliyatini susaytiradi, tirishish kuzatiladi, uyg‘onish davrida harakat keskin kuchayadi). Asosan kirish narkozida qo‘llaniladi.
Predion - (viadril)-kimyoviy tuzilishi steroid gormonlarga o‘xshasa ham, gormonal ta’siriga ega emas. Predionning narkotik ta’siri 3-5 daqiqadan so‘ng boshlanib, 30-40 daqiqa davom etadi. U skelet mushaklarini yaxshi bo‘shashtiradi. Nafas, yurak-tomir sistemasiga deyarli ta’sir etmaydi. Miorelaksantlar ta’sirini kuchaytiradi. Asosiy kamchiligi, bu tomirlarga ta’sir etib, flebitga olib keladi. Buni oldini olish uchun, kiritishning oxirida glyukoza yoki osh tuzi eritmalaridan 10-20 ml kiritiladi (venalar yuviladi). Odatda kattaroq venalarga kiritiladi. Teri ostiga kiritish mumkin emas. Barbituratlarni qo‘llash mumkin bo‘lmaganda, kirish narkozi uchun qo‘llaniladi.
Natriy oksibutirat - Gammaoksimoy kislotasining (GOMK) natriyli tuzi bo‘lib, o‘zining farmakologik xususiyatlari bo‘yicha MNSning tabiiy metaboliti gamma amino moy kislotasiga (GAMK) o‘xshaydi. Natriy oksibutirat gematoensefalik to‘siqdan oson o‘tadi, tinchlantiruvchi va markaziy miorelaksantlik ta’sirga ega. Katta dozalarda uyqu va narkoz chaqiradi. Og‘riqsizlantirish ta’siri kuchsiz, lekin narkotik va analgetiklar ta’sirini kuchaytiradi. Antigipoksantlik xususiyati yaxshi rivojlangan. Narkotik faolligi yetarli bo‘lmaganligidan katta dozalarda qo‘llaniladi. Bir daqiqada 1-2 ml tezlikda venaga kiritilganda 5-7 daqiqadan keyin bemor uyquga ketadi, qo‘zg‘alish davri rivojlanmaydi. Jarrohlik bosqichi 30-40 daqiqadan keyin yuzaga keladi va 2-4 soat davom etadi. Narkoz uchun venaga, mushaklarga va og‘iz orqali kiritish mumkin. Dori vositani bemorlar yaxshi qabul qiladilar, yurak qon tomir, nafas sistemasiga, jigar, buyrakga salbiy ta’sir etmaydi. Lekin tomirga tez kiritilsa harakat qo‘zg‘alishi, oyoq va qo‘llar hamda til mushaklarining ixtiyorsiz tortishishlari, nafas olish to‘xtab qolishi mumkin. Uyg‘onish bosqichida nutq va harakat qo‘zg‘alishi yuzaga chiqishi mumkin. MITdan yaxshi so‘riladi va ichilgandan keyin 40-60 min so‘ng narkoz rivojlanadi va u 1,5-2,5 soat davom etadi. Zaharliligi past.
Qo‘llanilishi: kirish va bazis narkozda, tug‘ishni og‘riqsizlantirishda, bosh miyaning gipoksiyali shishida, shoklarda, uyqu chaqiruvchi va tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.
Narkoz vositalarini qo‘shib, (hamjihat) qo‘llash mumkin. Bunda 2 va 3ta narkoz vositalarining birga yoki ketma-ketlik bilan qo‘llash mumkin. Bundan maqsad qo‘zg‘alish bosqichini rivojlantirmaslik, narkozni tez yuzaga chiqarish, narkotik moddalarni zaharli va nojuya ta’sirlarini kamaytirish, chunki ular kichik dozalarda ishlatiladi. Tiopental natriy+ftorotan+azod-oksid. Lekin narkozlarni boshqarish oson bo‘lgan dori vosita bilan o‘tkazishga ahamiyat beriladi.
Narkoz vositalarini boshqa farmakologiya guruh vositalari bilan qo‘llab ishlatiladi masalan: tinchlantiruvchi, og‘riqsizlantiruvchi, atropinsimon, kuraresimon, ganglioblokator va boshqalarni har xil kombinatsiyalarda qo‘llash mumkin.
-
Do'stlaringiz bilan baham: |