Mintaqa eksport hajmini ko`paytirishni huquqiy asoslari
Mamlakatimizda qulay investitsion muhit, tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish, eksportni qo`llab-quvvatlash borasida oxirigi uch yilda 10 dan ortiq farmon va qarorlar hamda turli darajadagi huquqiy hujjatlar imzolandi.
Bunda birinchidan, hamkor mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari bilan munosabatlardagi yondashuv o`zgartirildi. Oliy darajadagi tashriflar chog`ida Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya, AQSh, Koreya, Turkiya, Qozog`iston va Qirg`iziston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish bo`yicha ikki tomonlama davlatlararo shartnomalar imzolandi. Evropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan to`laqonli munosabatlar tiklandi, bank tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka 190 million AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ajratildi. Turli yo`nalishlarda 20 dan ortiq loyihalar ishlab chiqildi. Evropa investitsiya banki, Frantsiya rivojlanish agentligi bilan hamkorlik o`rnatildi. O`zbekiston yangi tuzilgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining teng huquqli a`zosiga aylandi.
Ikkinchidan, tashqi savdo faoliyatidagi barcha sun`iy to`siqlar olib tashlandi. Xususan, oldindan to`lovlarsiz va kafolat majburiyatlarisiz eksport qilish tartibi joriy etildi. Ortiqcha va eskirgan ruxsat beruvchi talablar bekor qilindi. Qishloq xo`jaligi mahsulotlarini eksport qilish mexanizmlari soddalashtirildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida eksport hajmi 11,3 milliard AQSh dollarini tashkil etdi va oldingi yil shu davr ko`rsatkichiga nisbatan 126 foizga oshdi.
MDH davlatlari ichida mahsulot eksport qilinadigan eng yirik davlatlar qatoriga Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston va Tojikiston hamda uzoq xorijiy mamlakatlar – Xitoy, Turkiya, Afg`oniston,Eron, Koreya Respublikasi va Frantsiya davlatlarini kiritish mumkin. Mahsulot turlari bo`yicha eksportning eng yuqori o`sish sur`atlari mashina va asbob-uskuna, rangli metall, oziq-ovqat mahsulotlari hamda to`qimachilik mahsulotlariga to`g`ri keldi. Bunda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti ham mablag` jihatidan (592,6 million dollar), ham miqdor jihatidan (831,7 ming tonna) o`sishiga erishildi. Bugungi kunda eksport tarkibining qariyb 78 foizini qayta ishlash tarmog`i mahsulotlari tashkil etmoqda. Jumladan, yuqori qo`shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportining ulushi 28,5 foizdan 34,5 foizgacha ortdi, elektr maishiy texnika 2,4 baravarga, avtomobil eksporti 3 baravarga, to`qimachilik mahsulotlari 1,3 baravarga va charm-poyabzal mahsulotlari eksporti 14,2 foizga o`sdi.
Agrar sektorni modernizatsiyalash va intensiv rivojlantirish, qishloq xo`jaligini yanada isloh qilish va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. 2017 yil davomida qishloq xo`jaligi sohasiga oid 5 ta qonun, 20 dan ortiq farmon va qaror qabul qilindi, 2 ta yangi qo`mita va 3 ta uyushma tuzildi. Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi faoliyati tubdan takomillashtirildi. Qishloq tumanlarida hokimlarning qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimi joriy qilindi. O`zbekiston Fermerlari kengashi O`zbekiston Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi sifatida qayta tashkil etildi. O`tgan yilda mamlakatimizda 8 million 377 ming tonna g`alla, 2 million 900 tonnadan ziyod paxta, 12 ming 450 tonna pilla, 500,8 ming tonna sholi, 22 million tonna meva-sabzavot, 12,3 million tonna go`sht va sut mahsulotlari etishtirildi. Bu yilda birinchi marta g`alladan bo`shagan qariyb 1 million gektar maydonga sabzavot, kartoshka, poliz va dukkakli ekinlar ekildi va 5,5 million tonnadan ortiq mahsulot etishtirildi. Ispaniya, Polsha, Niderlandiya, Gretsiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Vetnam va Indoneziya davlatlarining ilg`or tajribasidan keng foydalanishga alohida e`tibor qaratildi. Shuningdek, mamlakatimizda birinchi marta shafran kabi noan`anaviy ekin ekish yo`lga qo`yildi, soya ekish kengaydi. Qishloq xo`jaligi mahsulotlarining 132 ming tonnasi qayta ishlanib, 100 million dollarlik tayyor mahsulot, 856 million dollarlik 724 ming tonna ho`l meva eksport qilindi.
Chorvachilik tarmog`ini rivojlantirish dasturlari doirasida baliq, asal etishtiriladigan, parranda, echki, qoramol boqiladigan ko`plab xo`jaliklar faoliyati yo`lga qo`yildi. Zotdor qora bayir otlarini ko`paytirish va ot sportini rivojlantirish maqsadida Qashqadaryoda yangi yilqichilik kompleksi tashkil etildi. Toshkent viloyatida va boshqa hududlarda ham bunday majmualar barpo qilinmoqda. Pillachilikda yuqori hosil olishda muhim ahamiyatga ega bo`lgan, ammo deyarli yo`qolib borayotgan an`analar qayta tiklanmoqda. Qimmatbaho xom ashyo bo`lgan ipak etishtirishning mutlaqo yangi tizimi yo`lga qo`yildi. O`tgan yil mamlakatimizda birinchi marta pilladan yiliga ikki marta hosil olish tajribasi sinovdan o`tkazildi va ijobiy natija berdi.
Har bir viloyatda pilla xom ashyosini qayta ishlab, tayyor mahsulot olish maqsadida to`g`ridan-to`g`ri chet el investitsiyalari jalb qilindi va ipakni qayta ishlashga ixtisoslashgan 10 ta korxona ishga tushirildi.
Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tadbirlar qo`llab-quvvatlanib, ularning tashabbuskori bo`lgan xo`jalik va tashkilotlarga qo`shimcha imtiyoz va preferentsiyalar berildi. Natijada, bugungi kunda qariyb 240 ming gektar maydonda ana shunday texnologiyalar, jumladan, 28 ming gektar erda tomchilatib sug`orish texnologiyasi joriy qilindi.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo`llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Qarori bilan tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot etkazib berishni ko`paytirishni rag`batlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish maqsadida quyidagilar nazarda tutilgan:
2017 yilning 1 iyulidan boshlab barcha tadbirkorlik sub`ektlariga yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum va poliz mahsulotlarini to`lovni oldindan 100 foiz amalga oshirish sharti bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar asosida eksport qilish huquqi berildi. 18
Ta`kidlash joizki, ushbu choralar meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini kengaytirish bilan birgalikda dehqon va fermer xo`jaliklarini tashqi bozorlarda talab yuqori bo`lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko`paytirish, er resurslaridan samarali foydalanish, shu jumladan, takroriy ekinlar ekish hisobiga qishloq xo`jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishga rag`batlantiradi.
Bu esa o`z navbatida, ishlab chiqarilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining narxi va sifati bo`yicha tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, dehqon va fermer xo`jaliklari etishtirgan mahsulotlarining haqiqiy egasi sifatida ulardan o`z ixtiyoriga ko`ra foydalanish, mustaqil eksport qilish, daromadlarini oshirish, oilasining moddiy farovonligini ko`tarishlari mumkin bo`ladi, qo`shimcha valyuta tushumlari esa qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va ularni chuqur qayta ishlash bo`yicha yangi loyihalarni investitsiyalash uchun imkoniyat yaratadi.
Shu bilan birga, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish uchun chet elda qabul qilingan me`yor va standartlarga mahsulotlarning muvofiqligini ta`minlash bo`yicha tizimli ishlarni amalga oshirish vazifasi qo`yildi
Qabul qilingan qarorning muhim jihatlaridan biri, nafaqat mahsulot ishlab chiqaruvchilarga, balki mahsulotlarni chet elga eksport qilishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko`maklashadigan tashqi savdo tashkilotlariga ham eksport faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratildi.
Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi-eksport qiluvchilar uchun qo`llaniladigan amaldagi qonunchilikda ko`zda tutilgan imtiyoz va qulayliklar endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari eksporti bilan shug`ullanadigan barcha tadbirkorlik sub`ektlariga tatbiq etiladi.
Bu eksport bilan tegishli tajriba va zarur mablag`larga ega, doimiy ravishda jahon bozori kon`yunkturasini kuzatib boradigan hamda tashqi bozorlarda ishonchli hamkorlari bor ixtisoslashgan kompaniyalarning mahsulotlar eksporti bilan shug`ullanishi xalqaro amaliyotga to`liq mos keladi.
Bundan tashqari, ushbu me`yorning tatbiq etilishi zamonaviy marketing usullaridan, shuningdek, tashqi savdo kompaniyalarining imkoniyat va afzalliklaridan maksimal foydalanish imkonini beradi, bu o`z navbatida respublikamiz eksport salohiyatini sezilarli darajada kuchaytirishga, eksport geografiyasi va mahsulotlar eksporti nomenklaturasini kengaytirishga olib keladi.
Shuningdek, hujjatda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradigan tadbirkorlik sub`ektlarining ruxsat olish tartibidan o`tishdagi, shu jumladan, mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish muddatlarining cho`zilib ketishi kabi ayrim qiyinchiliklar yuzasidan ko`plab davlat organlariga murojaatlarning echimi o`z aksini topgan va mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlari 3 ish kunidan ko`p bo`lmagan muddatda rasmiylashtirilishi qat`iy belgilab qo`yilgan.
Bundan tashqari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 dekabrdagi «Eksportga ko`maklashish va uni rag`batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-4069-sonli Qarorida amalga oshirilayotgan tadbirlarning samaradorligi ustidan muntazam ravishda olib borilayotgan monitoring tashqi savdo va eksportning umumiy ijobiy dinamikasiga qaramasdan ular hajmlarining real o`sish sur`atlari iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sur`atlariga muvofiq emasligini ko`rsatayotganligi qayd etilib aniq vazifalar belgilandi.
Xususan, tovarlar va xizmatlar eksporti hajmini tubdan oshirish, eksportbop mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, tashqi savdo muvozanatini ta`minlash va valyuta tushumlarini ko`paytirish maqsadida:
Tadbirkorlik sub`ektlariga quyidagilarda har tomonlama ko`maklashish davlat idoralarining asosiy vazifalari etib belgilandi.
Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Markaziy bankning Eksportni qo`llab-quvvatlash milliy tizimini tashkil etish va uning asosiy vazifalari etib eksport faoliyatiga axborot-tahliliy ko`maklashish bo`yicha:
eksportni rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini takomillashtirish, eksport salohiyatini rivojlantirish bo`yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda ko`maklashish;
marketing, narx shakllanishi, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq hamda bojxona ma`muriyatchiligi (shu jumladan, xorijdagi) masalalari, «yagona darcha» tamoyili asosida tashqi bozorlarga kirish sharoitlari bo`yicha eksport qiluvchilarga va ularning chet eldagi hamkorlariga axborot va maslahat ko`magini ko`rsatish;
xorijiy xaridorni izlashga va eksport shartnomasini tuzishga qadar muzokaralar jarayoniga, shu jumladan ularning loyihalarini tayyorlashga ko`maklashish;
respublika vazirliklari va idoralari, viloyatlar hamda tuman hokimliklari bilan milliy mahsulotlarni chet elga eksport qilish, eksport qiluvchilarni eksportni qo`llab-quvvatlash bo`yicha chora-tadbirlar, mavjud imtiyozlar va preferentsiyalar, vakolatli davlat organlarining vazifalari va funktsiyalari to`g`risidagi ma`lumotlar bilan ta`minlashda tizimli hamkorlikni ta`minlash;
hududlarda axborot-maslahat markazlari tarmog`ini tashkil etish;
mahalliy eksport qiluvchilar, ishlab chiqariladigan mahsulotlar va xizmatlar bazasini ta`minlash orqali elektron tashqi savdo maydonchalarini yuritish, ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan shug`ullanadigan tadbirkorlik sub`ektlariga etakchi xalqaro elektron tijorat maydonchalariga kirish uchun yordam ko`rsatish;
ishonchli sifatli mahsulot etkazib beruvchi sifatida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning halolligini isbotlash uchun, shu jumladan har yili «Made in Uzbekistan» milliy ko`rgazmasini, tarmoq va mintaqaviy tovarlar ko`rgazmalari va savdo yarmarkalarini o`tkazish, xalqaro ko`rgazmalar va taqdimotlarda ishtirok etish yo`li orqali o`zbek brendlari va mahsulotlarini xorijda ilgari surish bo`yicha «Made in Uzbekistan» dasturini amalga oshirish;
eksport qilishni boshlayotganlar uchun o`quv seminarlari va treninglar, tadbirkorlar uchun xorijiy mamlakatlarga tashqi savdo masalalari bo`yicha savdo missiyalari tashkil etish va o`tkazish;
eksport faoliyatini moliyaviy qo`llab-quvvatlash qismida:
eksport qiluvchi korxonalarni moliyaviy resurslar bilan ta`minlash, noxomashyo eksport hajmi, milliy eksport qiluvchilar va ularning mahsulotlarini sotib oladigan mamlakatlar sonini oshirishga ko`maklashish;
ko`rgazma stendlarini tashkil etish va respublika korxonalarining xalqaro savdo yarmarkalari, taqdimotlari va reklama kampaniyalarida ishtirok etishi, shu jumladan an`anaviy milliy mahsulotlar va brendlarni potentsial bozorlarda ilgari surishni moliyalashtirish;
milliy mahsulotlarni xorijiy vakolatli organlar tomonidan rasmiylashtirilishi orqali standartlashtirish va sertifikatlashtirishning ham respublikadagi, ham xorijdagi xalqaro tizimlarini joriy etish bilan bog`liq xarajatlarni qoplash maqsadida eksport qiluvchi korxonalarga maqsadli moliyaviy yordam ko`rsatish;
moliyaviy qo`llab-quvvatlash va milliy eksportni sug`urtalashning zamonaviy mexanizmlarini muvaffaqiyatli qo`llagan xorijiy mamlakatlar tajribasini inobatga olib, shu jumladan xalqaro moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda eksportoldi va eksportni moliyalashtirish, eksport kreditlari va tavakkalchiligini sug`urtalash mexanizmlarini joriy etish;
savdoni moliyalashtirish uchun xalqaro va xorijiy moliya institutlarining qarzlari va imtiyozli kreditlarini jalb qilish;
boshqa kompleks moliyaviy va konsalting xizmatlarini ko`rsatish.19
Ma`lumki, mamlakat eksport salohiyatini kengaytirishda tabiiy salohiyat muhim o`rin tutadi
Xususan,bu borada O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 oktyabrdagi «Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi PQ-3978-sonli Qarorida mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportining to`laqonli rivojiga to`sqinlik qilayotgan g`ovlarni bartaraf etish, eksport faoliyatining davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanishini takomillashtirish, shuningdek, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishning kompleks tizimini tashkil etish maqsadidaquyidagi imtiyozlar berildi:
Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish mexanizmi ancha soddalashtirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |