X U L O S A
Bir milliy adabiyotning turli davrga mansub yozuvchilar hikoyalarini
qiyoslash orqali quyidagi umimiy xulosalarga kelindi.
1. Jahon adabiyotining ayrim mumtoz asarlarida insonlar orasidagi ziddiyat
ko‘rsatiladi. O‘zbek adabiyotida qashshoq kishilarning nochor ahvoli, jirkanch,
paskash kimsalarning qiyofasini ko‘rsatish jihatidan Abdulla Qahhor asarlari
alohida e’tiborni tortadi. Uning haqoratlangan kishilar obrazi yaratilgan qator
hikoyalari jahon adabiyotning shu janrdagi mumtoz namunalari bilan bir qatorda
turadi.
2. Abdulla Qahhorning “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor”, “Dahshat” hikoyalarida
qalamga olingan insoniy munosabatlar barcha xalqlar hayotida kuzatiladi. Ushbu
hikoyalardagi voqealar o‘tmish qa’rida qolib ketmagan. “O‘g‘ri”dagi Qobil bobo,
“Anor”dagi Turobjon, “Bemor”dagi Sotvoldining ahvoliga tushgan odamlar fan-
texnika, ishlab chiqarish mislsiz taraqqiy etgan, inson haq-huquqlari himoyasi
nazariy jihatdan mukammal ishlab chiqilgan bugungi kunda ham har qanday
mamlakatda millionlab topiladi.
3. Abdulla Qahhor Qobil bobo obrazida “necha zamonlar qozonini suvga
tashlab qo‘yadi”ganlarning nochor ahvolini haqqoniy aks ettiradi. Qobil boboning
ellikboshi oldida tahqirlanishi-yu ko‘nglida umid paydo bo‘lishi, pristavning
huzurida titrab-qaltirashi, tutaqqancha chiqib ketishini aniq manzaralarda
ko‘rsatadi.
4. “O‘g‘ri” hikoyasidagi “Cholning butun bo‘g‘inlari bo‘shashib ketdi, keyin
tutoqishdi, ammo go‘rda bir narsa deya oladimi?” degan jumla e’tiborni tortadi.
“O‘g‘ri”ning ayni damda ruhan g‘orat bo‘lish oqibatida itoatkor qul holiga kelib
qolgan, insonga nomunosib hayot kechirishini anglamaydigan, uni tahqirlaydigan
boylar, amaldorlar qarshisida o‘zining ojiz ekaniga ko‘nikkan, qalbida
adolatsizlikka qarshi norozilik ruhi butkul so‘ngan mute kishilarning ojizligi
haqqoniy aks ettirilgan.
46
5. “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor”, “Dahshat” hikoyalari yoki “Sarob” romanidagi
qahramonlar harakat-holatlarini ko‘rsatuvchi detallar o‘zining betakrorligi bilan
xotirada muhrlanib qoladi. “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor”, “Dahshat” hikoyalarini
mutolaa qilish hamisha o‘quvchini mahzun qilib qo‘yadi. Chunki ularda insoniy
munosabatlar murakkabligi gavdalantiriladi. Ammo san’atkor adib manman
zotlarga qahr-g‘azabini ham, kambag‘al bechoralarga achinish tuyg‘usini ham
oshkora izhor qilmaydi. U voqelikni odamlar munosabatidagi ziddiyatni xolis turib
gavdalantiradi. Bechora odamlarga achinish ularga mehr-muruvvat ko‘rsatish,
qo‘lidan kelgancha ko‘maklashish har bir inson uchun sharaf sanaladi.
6. Adibning “O‘g‘ri”, “Dahshat” hikoyalarida insonga achinish, mehr-shavqat
tuyg‘usidan mahrum kimsalarning bechora kishilarni xo‘rlashdan cheksiz
lazzatlanishi betakror manzaralarda, ta’sirchan detallarda ko‘rsatiladi. “O‘g‘ri”
hikoyasida ellikboshi, amin, pristavning Qobil boboni tahqirlashi ularning
bepisand gap-so‘zlari, xatti-harakatlarida gavdalantirilsa, “Dahshat”da dodxohning
o‘z xotinlarini behad azoblashi xususida “Dodxohning savoli javobsiz qolishi
mumkin emas. Shuning uchun bittasi gunoh qilsa, hammasi baravar kaltak
yeydigan kundoshlar Unsinni turtkilashdi” deyiladi. Unsin dodxohning sakkizinchi
xotini. U tegimonchining qizi. Unsinning ismi, u ota-onasining tilab-tusab olgan,
ne azob-u mashaqqatlar bilan o‘stirgan farzandi ekanini bildiradi. Dodxohning
katta xotini Nodirmohbegim. Bu xotinning ismi esa uning aslzoda, boy-badavlat
xonadonda o‘sganligidan dalolat beradi.
Namoz o‘qib ro‘za tutadigan, “har kech taroveh namozidan keyin halqaga
qoladigan”, qo‘lidan tasbehi tushmaydigan dodxoh ham musulmonchilikning bu
shartini biladi. Ammo u sakkizta xotinining “bittasi gunoh qilsa, hammasini
baravar kaltaklaydi, qo‘liga qamchi olib, “qayering qichidi”ga soladi”. Dodxoh
xotinlariga bu kabi zulmlar qilgani yetmaganday yanada dahshatli jazo usullarini
ham o‘ylab topadi. Unsin qorong‘i tunda do‘mpaygan qabrlar, o‘yilib tushgan
sag‘analar orasida yurgan paytida kutilmaganda uning yelkasiga “kattakon bir
sag‘ananing ichidanmi, naryog‘idanmi nimadir kelib, yelkasiga minib oladi,
aftidan, bo‘g‘moqchiday bo‘lib qo‘l uzatadi”. Bu qabristonda titrab turgan Unsinni
47
battar qo‘rqitish niyatida dodxoh tomonidan birov orqali yuborilgan maymun
bo‘lib chiqadi. Tabiiyki, “O‘g‘ri”dagi Qobil bobo, “Anor”dagi Turobjon,
“Bemor”dagi Sotiboldi singari bechora kishilar, har qancha tirishsa ham, birovni
azoblashning bunday shafqatsiz usulini o‘ylab topolmaydi. Chunki ular birovga
shunday zulm qilishdan, nohaq ozor yetishidan juda qo‘rqadi.
7. Adib “Sarob” romanida ham Murodxo‘ja domla obrazida mol-davlat
orttirish hirsi bilan yashaydigan kimsalarning qiyofasini yaratadi. Adib o‘z
manfaati uchun har qanday pastkashlikka tayyor xudbinlar toifasining bu vakili
tashqi ko‘rinishini ham istehzo bilan tasvirlaydi. U Murodxo‘ja domla portretini:
“Mo‘ylovga o‘xshagan qoshlari ko‘zining ustiga tushib turar, kichkina do‘ppisi
qoplay olmagan tepakal boshi hozirgina pardozlangan sariq etikning tumshug‘iday
yaltirar edi. Domla harakatda ayiq, yurishda o‘rdakni xotirlatardi” deb chizadi.
Murodxo‘ja domla Saidiyga: “Odam dunyoga bir keladi. Kishining dunyoga kelib
tortadigan tashvishi o‘z huzur-halovati yo‘lidagi tashvish bo‘lmasa va buning
ketidan bir rohat ko‘rmasa, dunyoga keldi-yu, kelmadi nima bo‘ldi… Mulk kerak,
boylik kerak. U o‘z manfaati yo‘lida har qanday pastkashlika qo‘l uradi.
Murodxo‘ja domla To‘pa ismli xotinni uyida yeti yil ishlatdi. Ammo uning haqini
bermaydi. Bir rus xotin kelib, To‘paning haqini talab qilganda Murodxo‘ja domla
“E, uning bizda qanday haqi bo‘ldi? Yetti yil ishlagani yo‘q, biz uni tarbiya qildik,
bir bechora ko‘chada xor, zor bo‘lmasin, deb odamgarchilik qildik” deydi. Domla
o‘zi yolg‘iz qolib, yangi reja tuzdi: To‘paga ikki yillik haq to‘laydi, ammo qolgan
besh yilligini tan olmaydi, Saidiyning bo‘yniga ag‘daradi. “Men ishlatganim yo‘q,
Saidiy ishlatdi”deydi.”
Adib o‘z manfaati yo‘lida boshqalarga shafqatsiz Murodxo‘ja domlaning
davradoshlari ham u kabi pastkash ekanligini turli voqealar orqali ochib beradi.
8. Adib “Sarob” romanida Murodxo‘ja domla ertalab gulqand bilan nonushta
qilishini, peshinda kobili sho‘rva va qizil gulning bargi solingan musallas ichishini
ta’kidlarkan, u uyidagi oqsoch xotin To‘paga ba’zi kunlari ovqat bermay, och
qo‘yishini aniq voqealarda gavdalantiradi. Adib insonga achinish tuyg‘usidan
mahrum Murodxo‘ja domla singari xudbin kimsalarning bu kabi ayovsizliklarini
48
ko‘rsatish bilan cheklanmasdan, ularga ham xudo fe’liga yarasha jazo berib
qo‘yganini ta’kidlaydi. Adib asarlarida takabbur, manman kimsalarning hashamat
to‘la hayotida ham o‘ziga yarasha fojia, bechora odamlarning turmushida ozgina
bo‘lsa-da quvonch borligini ta’kidlash orqali hayotning haqqoniy manzaralarini
gavdalantiradi.
9. “Dahshat” hikoyasi qahramoni Unsin dodxoh dastidan jabr tortsa-da,
“Ertagayoq Ganjiravonga jo‘nash, ota-onasini, dugonalarini ko‘rish umidi bilan,
xuddi dadasidan katta hayitlik olib, bozor boshiga ketayotgan yosh boladay
chopqillab, qarshisidan esayotgan shamolga so‘z bermay, ba’zan irg‘ishlab” tun
qorong‘usida go‘ristonga yuguradi. Hikoyada insonga achinish tuyg‘usidan
mahrum, bechora odamlarni xo‘rlab, xaqoratlashdan lazzatlanadigan kimsaning bu
jirkanch holati quyidagicha tasvirlanadi: “Unsin Nodirmohbegimning og‘ir
eshigini zo‘rg‘a ochdi, ostonadan o‘tib bir necha qadam bosgandan keyin holdan
toyib cho‘kkaladi va nemashaqqat bilan intilib, jo‘mragidan choy oqib,
bug‘lanayotgan choynakni sandalning bir chekkasiga qo‘ydi, bir umrlik orzusi
ushalganday, hordig‘i chiqib o‘zini yerga tashladi. Sandalga o‘tirib, pinakka ketgan
dodxoh uyg‘onib tamshandi, boshini ko‘tarib, Unsinni ko‘rdi-yu, “jon berayotibdi”
deb o‘yladi, shekilli, ko‘zlari olaydi, undan ko‘zini olmay, sekin o‘rnidan turdi,
xuddi o‘lim xavfidan qochganday, bir irg‘ib sandaldan oshdi-da o‘zini eshikka
urdi.”
10. O‘tgan ikki-uch asr oralig‘idagi jahon adabiyoti o‘zining chuqur
insonparvarlik g‘oyasiga asoslanganligi bilan barcha davrlar adabiyotidan ustun
turadi. Bu davrda barcha xalqlar adabiyotida kambag‘al-bechora odamlar asosiy
qahramon sifatida ko‘rsatiladi. Sharq adabiyotida ham, G‘arb ijodkorlari asarlarida
ham nochor odamlarning uqubat to‘la achinarli turmushi asosiy mavzuga aylandi.
Abdulla Qahhor yuqorida aytilgan ulug‘ ijodkorlar ilgari surgan insonparvarlik
g‘oyalariga mos betakror asarlar yaratdi. Uning asarlari milliy turmushning
haqqoniy manzaralarini gavdalantirishi, insonning tashqi ko‘rinishi, ichki
dunyosidagi o‘zgarishlar jarayonini nozik ilg‘ab ko‘rsatishi, so‘zning sirli-sehrli,
49
beqiyos imkoniyatlarini namoyon etishi, har bir so‘zga bir olam ma’no
joylashganligi bilan ajralib turadi.
11. Ulug‘bek Hamdam hikoyalarida moddiy boylik haqida fikr yuritilmaydi,
biroq adib asarlarida ma’naviy qashshoqlikni ko‘plab uchratish mumkin.
12. Ulug‘bek Hamdam asarlarida ong oqimi, inson ruhiyati birinchi o‘ringa
chiqadi. Har bir asarida juft obraz beriladi-da, ular bir-birini yo tushunmaydi, yoki
tushunishni xohlamaydi. Asarlaridagi qahramonlarning biri judayam madaniyatli
va ma’rifatli bo‘ladi, ikkinchisi oz-moz xabardor bo‘ladi yoki umuman bilmaydi.
13. Tahlilga tortilgan hikoyalar ma’naviy qashshoqlik fojeasining badiiy
ifodalanganligi, muommoningdoimiyligi bilan umumiylik kasb etadi. Bu
umumiylik makon, zamon, davr va janr har xilligini tan olmaydi. Shuning uchun
ham adabiyotdagi ma’naviyat masalasini qiyosiy planda o‘rganish adiblar oldidagi
dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi.
50
Do'stlaringiz bilan baham: |