2. Davlat – jamiyat siyosiy tuzilmasining asosiy tashkiloti sifatida
Siyosiy hokimiyat murakkab ijtimoiy hodisa bo’lib, u davlat hokimiyati va boshqa siyosiy tashkilotlardan tarkib topadi.
Davlat – ijtimoiy hodisa bo’lib, jamiyatning harakatlanishida muhim rolp o’ynovchi alohida bir tashkilotdir. U har qanday jamiyat siyosiy tizimining bir qismi (elementi), hokimiyatni amalga oshiruvchi vositadir. Uning faoliyati jamiyatning hamma sohasiga ta’sir qiladi. U vakolatni xalqdan oladi va o’ziga tegishli vakolatni o’zining maxsus tuzilmalari – davlat organlari orqali amalga oshiradi. Davlat xalq manfaatini ko’zlasa, unga ijtimoiy hayotda, davlat ishlarida, xo’jalik yuritishda erkinlik bersa, tinchlik siyosati yurgizsa, davlat demokratik hisoblanadi va taraqqiyotga sabab bo’ladi. Aksincha, xalqning erkinligini cheklasa, taraqqiyotga to’sqinlik qilsa, zo’rovonlik bilan ish olib borsa – reaktsion davlat hisoblanadi. «Davlat» so’zi ko’pincha «mamlakat» so’zi o’rnida ham ishlatiladi. Masalan, ayrim hollarda «mamlakatimiz» degan so’z o’rnida «davlatimiz» degan so’zni uchratishimiz mumkin. Davlatning ko’rsatmasi jamiyatning hamma a’zolari – fuqarolar. Fuqaroligi bo’lmagan shaxslar, chet el fuqarolari, mansabdor shaxslar, nodavlat tashkilotlari, jamoat birlashmalari uchun majburiydir. Davlat qonun yaratadi va o’zi ham qonunlarga bo’ysunadi11.
Davlat jamiyat siyosiy tizimida markaziy o’rinni egallaydi. Negaki, u hokimiyatni o’ziga eng ko’p mujassamlashtirgan siyosiy tashkilot bo’lib, jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni yechishning eng ko’p imkoniyatlariga ham egadir. SHu tufayli jamiyat siyosiy tizimini tashkil etuvchi boshqa institut va tashkilotlar ham aynan davlat atrofida birlashadilar. «Davlat» keng ma’noli tushunchadir. Davlatning mohiyatini tushunishda 3 asosiy nazariy yondashuv mavjud: ijtimoiy, sinfiy va siyosiy-huquqiy.
Davlat mohiyatini tushunishdagi 1-yondashuvga ko’ra, davlat – umumiy muammolar va ishlarni hal etish vositasi, u hukmdorlar va xalqning o’zaro munosabatini tartibga soladi. 2-yondashuvning mohiyati shundaki, davlat sinflarning paydo bo’lishi bilan yuzaga kelgan va sinfiy kurash bir sinfning boshqasini bostirish quroli bo’lib xizmat qilgan. 3-yondashuvning asosi ko’yidagicha: davlat jamiyatning va davlatning o’z hayotini tashkil etuvchi huquq manbaidir12. Albatta, uchala yondashuvda ham muayyan asos bor. Yanglishuv bir nazariy qarash boshqalaridan ustun qo’yilib, mutlaqlashtirganda boshlanadi. Demak, davlatni quyidagicha izohlash mumkin.
Davlat – suverenitetga, boshqaruvning hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishning maxsus apparatiga ega bo’lgan, shuningdek, huquq normalari (qoidalari)ni yaratishga qodir bo’lgan ommaviy hokimiyatning siyosiy-hududiy tashkilotidir.
Davlat – butun mamlakat miqyosidagi hokimiyatning maxsus boshqaruv va majburlov apparatiga, barcha uchun majburiy qonunlar chiqaradigan va suverenitetga ega bo’lgan yagona siyosiy tashkilotdir.
Davlat – hokimiyatning bosh instituti. Hokimiyat davlat orqali o’z siyosatini amalga oshiradi. «Hokimiyat», «davlat» va «siyosat» tushunchalari o’zaro juda yaqin bo’lib, bir-birlarini belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |