6. Xalqaro terrorizmning siyosiy hodisa ekanligi va uning insoniyat hayotiga tahdidi. Xalqaro terrorizmni bartaraf qilish amaliyotida «O’zbekiston omili»
Terrorizm o’ta salbiy ijtimoiy hodisa sifatida u yoki bu ko’rinishda qadim-qadimdan ma’lum. qizig’i shundaki, o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishish mumkin emasligini hisobga olgani holda terroristlar tarixning barcha davrlarida qaysi mintaqa yoki mamlakat hududida faoliyat ko’rsatishidan qat’iy nazar har doim xalq ommasining ayrim qatlam va guruhlarini «yo’ldan urish», turli yo’llar bilan ular qalbiga yo’l topish taktikasiga amal qilib kelganlar. Terrorchilik o’ta salbiy ijtimoiy hodisa sifatida necha asrlar davomida faoliyat yuritib kelayotgan bo’lsa, har doim xalq nomidan gapirish, uning manfaatlarini aks ettiruvchi «haqqoniy xalqparvar» harakat deb o’zini ta’riflash amaliyoti uning barcha ko’rinishlariga bosh xususiyat bo’lib qolavergan.
Terrorizmning bugungi holatiga keladigan bo’lsak shuni alohida ta’kidlash lozimki, o’zining bir necha asrlar davomida sinovdan o’tgan aholining ayrim qismi ongini zaharlash yo’li bilan hokimiyatni qo’lga kiritish amaliyotiga sodiq qolgani holda davrlar o’tishi bilan uning o’z kurash shakli, uslublari va vositalarini ustalik bilan o’zgartirib kelganligining guvohi bo’lamiz. Masalan, bir zamonlar terrorchilar planetamizning turli joylarida alohida-alohida, ya’ni biri-biridan batamom ajralgan holda harakat qilgan bo’lsalar, bugungi XXI asr boshlarida ular o’z «faoliyatini» mintaqaviy va hatto umumsayyoraviy darajada muvofiqlashtirish imkoniyatini qo’lga kiritayotganligini kuzatish mumkin. Gap, Prezidentimiz talqini bilan aytadigan bo’lsak, bugun insoniyat terrorchilar misolida xalqaro miqyosda uyushgan, kerak bo’lsa bir yoki bir nechta qudratli markazlar tomonidan boshqarilayotgan siyosiylashgan xalqaro jinoiy guruhlar to’g’risida bormoqda.
Terrorizmning o’ta xavfli xalqaro siyosiy hodisaga aylanayotganligi to’g’risida so’z borar ekan, uning asosiy sabablari quyidagi ob’ektiv umumsayyoraviy ijtimoiy siljishlar bilan belgilanayotganligining guvohi bo’lamiz: Avvalo asosiy sabablardan biri XX asrning oxirgi o’n yilligida deyarli butun dunyoda terror yo’li bilan aholini tutqunlikda saqlash, uning ustidan hukmronlik qilish amaliyotiga batamom zid bo’lgan demokratiyaning keng yoyilib borishi, ya’ni aksariyat mamlakatlarda siyosiy hokimiyat xalq xohish-irodasining ifodasi degan tamoyilning ustuvorlik kasb etayotgani bilan bog’liq bo’lsa, ikkinchi asosiy sabab siyosat, iqtisod, ijtimoiy soha va madaniyatning turli jabhalarida odamlarning ongi, dunyoqarash va tafakkuri hamda mo’ljal va rejalariga salbiy ta’sir qiluvchi, hatto uni izdan chiqaruvchi jarayonlar kuchayishi o’z siyosiy maqsadlarini amalga oshirishning eng jirkanch yo’llarini axtarib yurgan guruhlar, shuningdek, birinchi navbatda terrorchi guruhlar uchun noyob «siyosiy-ruhiy makon» yaratilishiga borib taqaladi.
Terrorizmning diniy ekstremizm bilan bugungi kunda chirmashib ketish jarayonini ayrim mutaxassislar, tahlilchilar, uning tarafdorlari o’rtaga tashlayotgan ijtimoiy-siyosiy loyiha, ya’ni jamiyatni idora etish loyihalari burungilardan mutlaqo boshqa, misli ko’rilmagan darajada yangi asosga qaratilgan. Ular, aholining chekka qatlamlari, yo’qsillariga "jozibadorroq" tuyuladigan g’oyalari bilan ziddiyatli vaziyatni vujudga keltirmoqda, degan fikrni ilgari surishmoqda.
Qayd etilgan umumsayyoraviy falokatdan bizning Vatanimiz ham batamom kafolatlanganicha yo’q. «Bugungi kunda bizning mintaqamiz, - deb ta’kidlaydi, Prezidentimiz, - shu hududda joylashgan mamlakatlarni demokratik, huquqiy, dunyoviy taraqqiyot yo’lidan qaytarishga urinayotgan turli xil ekstremistik kuchlar va markazlarning bu yerdagi xavfsizlikka raxna solish uchun ko’z tikkan joyi bo’lib qolmoqda.
Bu yovuz kuchlar diniy ekstremizm va xalqaro terrorchilikni mintaqamizga yoyishga urinayotgani shundan dalolat beradi»38. Bu jihatdan diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm bugungi kunda biri mafkuraviy tazyiq bo’lsa, ikkinchisi mafkura va siyosiy mo’ljallarni ro’yobga chiqarish, amalga oshirishning shakli hamda vositasi sifatida bir-birini to’ldirmoqda. Zotan, terrorizm oshkora noinsoniy ko’rgazma, uslub, xulq-atvor, xatti-harakat va faoliyatdan iborat jarayon, tizim sifatida diniy ekstremizmdan ko’ra «yaxshiroq», yashirinroq ikkinchi bor tayanchga ega emas.
O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov bashariyat osoyishtaligiga xavf solib turgan «xalqaro terrorizm» deb atalmish siyosiy va qolaversa, olam barqarorligiga qaratilgan jinoiy hodisa to’g’risida to’xtalib: «O’zgalar qonini to’kish hisobiga mo’may daromad olishni istovchilar batamom yo’q bo’lib ketadigan zamonlar kelishiga hali ancha borga o’hshaydi. Bu toifaga kiruvchi «bizneschilar» uchun qon va nopok siyosat qorishgan pul dunyoning turli burchaklarida xalqaro qotillarni yollash va sinab ko’rish mumkin bo’ladigan mojarolarni rag’batlantirish borasida eng qulay vosita ekanligi»ni alohida ta’kidlab o’tgan edi39.
Zamon o’zgarib umumbashariy, siyosiy va mafkuraviy kurashning an’anaviy shakllari ish bermay qolgandan so’ng, terrorizm, endilikda, boshqa yo’llarni axtarib topmoqda. Bugun dunyoda barcha terrorchilarni diniy qarashlari, mafkuraviy moyilligi va tafakkuridan qat’iy nazar ularni asosan ikki jihat, u ham bo’lsa behisob pul va hokimiyatga intilish qiziqtiradigan bo’lib qoldi.
Mohiyatdan, amaliyotda demokratiya va erkin iqtisodiy munosabatlar tizimiga, raqobatga tubdan qarshilik xususiyati, vatanfurushlik xalqaro terrorchilar safiga turli batamom bir-biriga o’xshamaydigan diniy maslak, millat tsivilizatsion moyillikka mansub, ammo pul va hokimiyat yo’lida intilgan kimsalarni olib kirmoqda. Masalan, umrimiz kechayotgan Markaziy Osiyo miqyosiga, xususan, O’zbekistonga real tahdidga aylangan terrorchilik harakatlarini olib ko’raylik.
Inkor etish mumkin bo’lmaydigan faktlar va axborotlarga ko’ra, 2000-2001 yillarda mamlakatimiz xavfsizligiga real xavf solgan, janubiy va sharqiy-janubiy chegaralarimiz yonginasida harakat qilgan terrorchilar harakatida CHecheniston hududida uzoq vaqtdan buyon olib borilayotgan separatistik jangchilarga xos bo’lgan harbiy-taktik jihatlar ko’zga tashlanib qoldi. Har ikkala harakat ishtirokchilari bir markazdan moddiy va ma’naviy ta’min-lanayotganligi, ularga qurol va «yangi kuchlar» yetkazib berish amalga oshiri-layotganligi ayon bo’lib qoldi. Radio, komp’yuter orqali uzatilayotgan axborot oqimining tahlili bu ikki hududdagi terrorchilik va ekstremistik harakatlar yagona xalqaro markazdan boshqarilayotganligi ularning har ikkalasiga ham yagona ma’naviy rahnamo xosligini ko’rsatdi. 2001 yil 11 sentyabrda AQSHda sodir etilgan terroristik harakat natijasida binolar vayron bo’ldi, ko’plab odamlar qurbon etildi.
Lekin qanday va nima bo’lishdan qat’iy nazar, bugun jahonda xalqaro terrorizmga nisbatan ogohlik darajasi ancha o’sganligini ta’kidlash lozim. Nufuzli xalqaro (BMT Xavfsizlik Kengashi, Xalqaro tribunal, Interpol va boshqa nosiyosiy tashkilotlar) va mintaqaviy (Evropa Xavfsizligi va hamkorlik Tashkiloti, MDH hamda bir qancha ko’p tomonlama va ikki tomonlama shartnomalar tarafdorlari) tashkilotlar faoliyatida terrorizmni keskin qoralash amaliyoti ustuvorlik kasb etmoqda.
Dunyoning turli mintaqa va hududlarida inson zoti va bugungi xalqaro xavfsizlikka tahdid solib turgan tashkilot va guruhlarning ro’yxati ham har yili e’lon qilinmoqda. Diqqatga sazovor joyi shundaki, ularning qarash va hisob-kitoblarida oxirgi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligiga raxna solayotgan ayrim «tashkilotlar» ham o’rin olmoqda. Bu, o’z navbatida, mintaqamiz xavfsizligiga nisbatan jahon hamjamiyatining e’tibori oshib borayotganligidan dalolat beradi.
Umuman, Prezident Islom Karimov terrorchilikka qarshi kurashi to’g’risida to’xtalib shunday degan edi “afsuski, terrorchilikka qarshi kurash niqobi ostida dunyoning asosiy geostrategik o’yinchilari bo’lmio’ davlatlar har jihatdan g’oyat muhim bo’lgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi o’z ta’sirini saqlash uchun kurash olib borishmoqda. Bunday vaziyatda esa terrorchilikka qarshi haqiqiy kurash masalasi sodir bo’layotgan jarayonlardan chetda qolib ketishi mumkin”40
Xalqaro hamjamiyatda o’zining munosib o’rnini egallash uchun dadil harakat qilayotgan O’zbekiston Respublikasi rahbariyati mustaqillikning birinchi soniyalaridan xalqaro terrorizmning insoniyat va qolaversa, endigina mustaqillikni qo’lga kiritib, demokratik rivojlanish sari qadam qo’ygan millat va davlatlarning bugungi hamda kelajagi uchun nechog’lik xavfli ekanligini chuqur anglab yetdi. Keyingi paytda diniy ekstremizga tayanib ish yuritayotgan xalqaro terrorizmga keskin zarba berish milliy xavfsizlik strategiyamizning ustuvor yo’nalishi sifatida hayot-mamot manfaatlari tizimidan alohida o’rin egallaganligi ham davlatimizning bu umumplanetar azmu-qarorda turgan o’rnining o’ziga xosligining yaqqol isboti bo’lib xizmat qiladi41.
Prezident Islom Karimov o’zining 2000 yil 22 yanvar kuni Oliy Majlisning ikkinchi chakiriq birinchi sessiyasida so’zlagan ma’ruzasida davlatimiz tashqi siyosati va xavfsizlik strategiyasining ustuvorliklarini ta’kidlar ekan, «Bugungi kunda bizning barcha tashabbus va sa’y-harakatlarimiz mintaqamizga tajovuzkorona xatti-harakatlar, diniy ekstremizm, aqidaparastlik va xalqaro terrorchilikning yoyilish xavfi kuchayib borayotganligini keng jamoatchilikka tushuntirishga qaratilmoqda»42 degan jiddiy fikrni o’rtaga tashladi. Xalqaro terrorizmning tom ma’noda milliy mustaqillik, davlat suverenligi hamda har bir mamlakatning, demokratik taraqqiyot yo’lidagi strategik maqsadlariga zid bo’lgan davrning eng salbiy fenomenlaridan biri ekanligi, davlatimiz rahbariyati tomonidan bugun chuqur anglab yetganligi har bir mamlakat fuqarosining kelajakka bo’lgan ishonchini yanada oshiradi. O’ziga xos geosiyosiy, geotarixiy mavqega ega bo’lgan O’zbekistonda islom dinini bayroq qilib, aslida esa bizning ulkan ma’naviy tayanchimizni obro’sizlantirayotgan terrorchilar birgina biz uchun emas, balki dunyodagi barcha ilg’or, umidli xalqlar uchun o’ta xavfli tahdid ekanligi tobora oydinlashib bormoqda. Noyob ijtimoiy-siyosiy, madaniy, geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqqan O’zbekiston Respublikasi siyosiy rahbariyati, birinchi navbatda, davlat boshlig’i Islom Karimov zudlik bilan bu muammo yechimining bosh yo’nalishlaridan biri sifatida belgilash bilan birga, bu borada jahon hamjamiyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish va ularning ko’magini hisobga olgan holda siyosat olib borishda alohida urg’u berib kelmoqda. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 2000 yil 15 dekabrda «Terrorizmga qarshi kurash to’g’risida» qonun qabul qildi. Unda terrorizmning tub mohiyati ochib berildi.
O’zbekiston va jahon xalqi osoyishtaligi va rivojlanishiga qarshi qaratilgan xalqaro terrorizmni bugun har qachongidan ko’ra kuchayganligini e’tiborga olib, siyosiy rahbariyat muhim taklif va chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqdi hamda bu borada barcha xayrixoh kuchlar, siyosiy bloklar va davlatlar bilan hamkorlikka tayyor. Ular orasida yon qo’shni davlatlar bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilayotganligi esa o’z-o’zidan ravshan. «Tinchlik va barqarorlikka, millatlararo totuvlik va mintaqamiz xalqlari hamda davlatlarining an’anaviy do’stligiga, hamjihatligiga tahdid soluvchi bu jiddiy xavfni bartaraf etish bo’yicha qo’shni mamlakatlar bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar ko’rish – bugungi kunda eng dolzarb vazifamizdir» (I.A.Karimov. Asarlar. T. 8, 345-bet). SHu munosabat bilan bir necha muhim jihatlarni alohida ta’kidlash o’rinliki, u ham bo’lsa aynan yon qo’shni hududiy tutash davlatlar bilan hamkorlik masalasi bilan bog’liq. Ikkinchi, qo’shni davlatlar birligi, jipsligiga va nihoyat, uchinchidan, barcha Markaziy Osiyo davlatlarining xavfni faqatgina bir jon va bir tan bo’lib bartaraf etishiga bog’liq.
Davlatimiz tashqi siyosiy strategiyasini kuzatib borar ekanmiz, keyingi yillarda Prezidentimizning ana shu jihatga u jiddiy ahamiyat berayotgan-ligining guvohi bo’lamiz. U, jumladan, 2000 yilning o’zida MDH davlatlari boshliqlarining oliy darajadagi sammitlarida, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Dushanbe va Bishkek uchrashuvlari, «SHanxay beshligi harakati» (2001 yil) davlatlari boshliqlari bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun uyushtirilgan matbuot-anjumanlarda diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm bir markazdan boshqarilayotganligi, mintaqa davlatlari bu borada kerak bo’lsa, tarixiy yakdillikka ahdu-paymon qilishlari va eng zaruri, bu ofatni birlashgan holda bartaraf etish borasida zudlik bilan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi lozimligini qayta-qayta ta’kidladi.
1999, 2000 va 2001 yillarning yoz faslida Afg’oniston hududida o’ziga uya qurib olgan turrorchi to’dalarning O’zbekistonning janubiy hududiga suqilib kirishi va bu vatangado jangarilar to’dasiga qarshi kurash hamda ularning qirg’iziston va O’zbekistonga ham bevosita xavf solishi hududiy jihatdan birdamlikni taqazo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |