Chala cho`l zonasida yozning issiq va quruq, qishning qattiq sovuq bo`lishi hayvonlarning yashash sharoitiga ta`sir etgan va natijada mavsumiy hayvon turlari vujudga keladi. Yozda janubiy issiq o`lkalarning hayvonlari masalan chayon, cho`l kaltakesagi va ba`zi parrandalar shimolga chala cho`lning uzoq ichki qismigacha kirib boradi va yangi mahalliy sharoitga moslanib, tusini o`zgartiradi, ko`pincha malla yoki qo`ng`ir tusga kiradi, ya`ni tuproq tusini oladi. Qish juda sovuqligi sababli chala cho`lda hayvonlar dashtlardagiga nisbatan oz bo`ladi, qishda ularning ko`pi uyquga kiradi, to`rg`ay, loyxo`rak kabi parrandalar boshqa yerlarga uchib ketadi.
Chala cho`lda suv kam bo`ladi yoki bor suvni ham issiq va taxirligidan ichib bo`lmaydi, shuning uchun hayvonlar suvga tashnaliklarini turli yo`llar bilan qondiradilar. Masalan, oqquyruq juda chopqir hayvon bo`lib, o`tlab yurgan joydan g`oyat uzoqdagi suvloqqa tez borib kela oladi. Bo`ri, tulki, sassiqko`zan, oqsichqon kabi yirtqichlar odatda suvloqlar atrofida yashaydi. Yumronqoziq, qo`shoyoq, olmaxon singari kemiruvchi hayvonlar yegan ovqatidagi nam bilan qanoatlangani sababli suvni oz ichadi yoki butunlay ichmaydi. Chalacho`ldagi hayvonlarning eng ko`p sonlisi yumronqoziqlardir. Malla va kichik yumronqoziqlar ayniqsa ko`p uchraydi. Ular inlarida yashaydi, efemer, shuvoq va sho`ra o`sgan yerlarda ko`p bo`ladi. Chala cho`lda kichik olmaxon, cho`l olasichqoni, turli dala sichqoni va qumsichqon, kalamush, doimiy yer tagida hayot kechiruvchi ko`r sichqon kabi boshqa kemiruvchi hayvonlar nihoyatda ko`p. umuman chala cho`lda sichqon va kalamushlar yerni ilmateshik qilib tashlashgan.
Chala cho`lning obod qilinmagan rayonlarida, chunonchi Betpaqdala, Orolbo`yi Qoraqumi va Ustyurtning shimoliy chekkalarida, To`rg`ay o`lkasida, Balxash bo`yi qumlarida tukli hayvonlar yashaydi, oqquyruq va jayron gala-gala bo`lib o`tlab yuradi. Oqquyruq bilan jayron nihoyatda chopqir hayvon bo`lib dushmanlaridan qochganida soatiga 60-70 km yo`l bosa oladi. Chala cho`lning balandroq joylarida, daralar orasida yovvoyi qo`y (arxar) yashaydi. Chala cho`lda o`tmishda qulon ham uchraydi, lekin uni saqlab qolish maqsadida Borsakelmas orolida oqquyruq bilan birgalikda qulonni ham ko`paytirish mo`ljallanmoqda. Chala cho`lda yirtqich hayvonlardan bo`ri, quloqlari katta, oyoqlari ingichka tulki, sassiqko`zan, oqsichqon yashaydi. Parrandalardan oqto`rg`ay va qora to`rg`ay, chopqir yirik yilqichi qush, oq to`shli va qora to`shli ryabka buldurug`i, bulduruq, turna va boshqalar bor. Bu yerda nihoyatda chiroyli tuvaloq yashaydi.
Chala cho`lda toshbaqa, kaltakesak, ilon kabi sudralib yuruvchilar bor. Kaltakesak yakkam dukkam o`tlar orasida shipirlab yuradi. Chala cho`lda chipor ilon, bo`g`ma ilon, suv ilon, kabi zaharsiz ilonlar, cho`l qora ilon kabi zaharli ilonlar bor. Chala cho`lda chayon, tarantula, falanga va qoraqurt singari o`rgimchaksimon zaharli hasharotlar nihoyatda ko`p.
Cho`l hayvonlari. Cho`lning hayvonlari juda g`alati bo`ladi. Chunki cho`l hayvonlarining ko`pchiligi qurg`oqchilikka va baland haroratga, qumli, gilli, sho`rxokli va toshli yerlarda yashashga o`rgangan. Ba`zilari suvni nihoyatda oz talab etsa, ba`zilari avji issiq yozda uyquga ketadi. Ba`zi birlari tushki jazirama issiqda uyalariga berkinib oladi, kechalari ovqat izlab tashqariga chiqadi, bularni tungi hayvonlar deyish mumkin. Ba`zi bir boshqa hayvonlar esa quduqlarda, g`orlarda umuman soya-salqin yerlarga kirib oladi. Qumda yashayotgan ko`pgina hayvonlarning oyog`i qum ustida tez yurishga moslashgan. Cho`l hayvonlarining tusi ham o`sha yerga moslashgan, masalan, qum hayvoni malla rangda, taqir hayvonni bo`z rangda, toshloq hayvoni olachipor tusda bo`ladi. Ingichka barmoqli qum yumronqozig`I cho`lning hamma yerida uchraydi, u sochilma qumlar ustida tez chopadi.
Do`ng qumlar orasidagi chuqurchalarda katta qum sichqonlari to`p-to`p bo`lib yashaydi. Qumlarda urug` ildiz, ildiz tanacha, o`t va shuningdek hasharotlar bilan oziqlanadigan tungi hayvonlardan qo`shoyoqlarning bir necha turi bor. Qo`shoyoqlar lola piyozchalarini yeb, chanqovlarini bosadi. Ba`zan quyon ham uchraydi.
Qum cho`llarda yirtqich hayvonlardan tulki, chiyabo`ri, barxan mushugi va boshqalar yashaydi. Cho`lning eng yirik va chidamli uy hayvoni tuyadir.
Qum cho`llar sudralib yuruvchilar makoni. U yerda toshbaqa va kaltakesaklar g`oyat ko`p. Ko`pchilik kaltakesaklarning gavdasi cho`ziq va ingichka, qo`l oyoqlari uzun, qumda nihoyatda tez chopishga va qum ichiga ko`milib ketishga moslashgan epchil hayvon. Katta quloqli dumaloqbosh kaltakesak kunduzgi hayvon. U kunning issiq vaqtida harorat pastroq, sershabada qum tepalariga chiqib oladi.
Qumda oddiy kaltakesaklardan O`rta Osiyo agamasi ham bor. O`rta Osiyo agamasi joyga qarab tusini o`zgartirib turadi. Kaltakesaklarning eng kattasi bo`z echkemar varandir, uning uzunligi 1,5 m dan oshadi. U qumda sang`ib yurib, kaltakesak, ilon, qushcha, har xil tuxumlar va mayda sut emizuvchi hayvonlarni, chigirtka, falang kabi hasharotlarni tutib yeydi. U faqat havo issiq vaqtda yuradi, harorat 150 bo`lganda badani uvishadi, 100 bo`lganda esa to`lg`ib qoladi. Varan yomon tishlaydi va uzun kuchli dumi bilan qattiq uradi. Ilonlar qumda yashovchi tipik hayvonlardir. Ilonlar ham kaltakesaklar singari, birdaniga qumga kirib keta oladi va qumda tez chopadi. Qumli cho`lda uzunligi 1m dan ortiq keladigan bo`g`ma ilon ko`p. u zaharsiz bo`lib, hasharot, kaltakesak, qush bolalari hamda mayday hayvonlarni tutib yeydi va nihoyatda tezlik bilan qunga kirib ketadi.
Kobra katta ilon bo`lib, uzunligi 1,5-2 m keladi. U Kopetdog`, Hisor, Zarafshon, Nurota va boshqa tog` etaklarida, Qoraqum, Badxiz, Qarshi, Surxon-Sherobod cho`llarida ko`p uchraydi. Kobraning ko`zi ostida ko`zoynaksimon belgisi bo`lib uni ko`zoynakli ilon deb ham atashadi. Qum cho`llarida o`rgimchaksimonlardan qoraqurt, falanga, chayon kabi hasharotlar ko`p.
Tog` oldi tekisliklarida efemer o`sadigan dashtlarda ham xilma-xil hayvonlarni, ayniqsa uyasidan chiqib har yerda sang`ib yurgan son-sanoqsiz toshbaqalar ham yugurib yurgan malla yumronqoziqlarni har odimda ko`rish mumkin. Dasht va cho`llarda tog` oldi zonalarda yirtqichlardan bo`ri ham uchraydi. U qishda quyi zonalarda, yozda esa yuqori zonalarda kezib yuradi.
To`qay va daraxtzorlardagi hayvonlarning turi va yashash sharoiti butunlay boshqacha, Sirdaryo, Amudaryo, Ili, Chuv, Sarisuv daryolarining sersuv qayirlaridagi qalin to`qay va daraxtzorlarda har xil hayvonlar yashaydi. To`qaylarning tipik hayvonlari to`ng`iz, yovvoyi cho`chqa, bug`i, yo`lbars, to`qay mushugidir. Cho`chqa shilliqqurt, qurbaqalarni terib yeydi, kuzda esa daraxtlarni paynon qilib, ekinlarni yeb yuradi. Biroz janubroqdagi rayonlarda bug`u-konchul uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |