Bog'liq O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi f
Kurs ishi mavzusini tanlash, uning rejasini tuzish, adabiyotlar to’plash va ulardan foydalanish. “Industrial va innovatsion iqtisodiyot” fanidan kurs ishi mavzusini tanlab olish va uning rejasini tuzish talabaning mustaqil ravishda bajaradigan ilmiy ishining dastlabki bosqichidir. Ishning darajasi va sifati ko’p jihatdan mavzuni to’g’ri tanlashga bog’liqdir. Binobarin bu ishga jiddiy, mas’uliyatni sezgan holda yondoshish zarur. Talaba kurs ishi mavzusini tanlashda dastlab shu fan bo’yicha professor-o’qituvchining ma’ruzalarini diqqat bilan tinglab, hozirgi zamon iqtisodiyotiga oid adabiyotlarni chuqur o’rganib chiqishi lozimdir.
Talaba kurs ishi mavzusini tanlaganda quyidagi maqsadlarni o’z oldiga qo’yishi kerak,ya’ni tahlil qilinayotgan mavzusini katta qiziqish bilan o’rganish va ahamiyatini,dolzarbligini tushunib yetish, o’zining bilim darajasini kengaytirishi va uni kelajakda mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashi uchun amaliyotga tadbiq qila olish imkoniga ega bo’lishi muhim hisoblanadi. Ayniqsa, talaba mavzusini o’z mutaxassisiligi yo’nalishiga qarab tanlasa, bu ishning muvaffaqiyatli bajarilishi va ijobiy baholanishida alohida ahamiyatga ega bo’ladi.
Kurs ishi rejasini o’qituvchidan maslahat olib tuzish maqsadga muvofiq. Reja – kirish qismidan, mavzuning iqtisodiy mazmuni va mohiyatini ochib beruvchi 4-5 ta masaladan va xulosa qismidan iborat bo’ladi. Rejadagi savollar mantiqan bir-birlari bilan bog’langan bo’lishi, har bir keyingi savol o’zidan oldingi savolning mantiqan davomi bo’lib, bir butunni tashkil etishi kerak. Kirish qismida mavzuning dolzarbligi va uning iqtisodiy ahamiyati to’g’risida so’z yuritilsa, xulosa qismida esa tahlil qilingan masalalarni hal etish bo’yicha muallifning tavsiyalari berilishi kerak. Kurs ishining asosiy qismida mavzuning mohiyatini aks ettiruvchi nazariy fikrlar,yondashuvlar,uning mamlakat iqtisodiyotidagi o’rni va sanoatni rivojlantirishdagi ahamiyati haqidagi tasavvurlarini yoritib bergan holda qisman tahliliy baholashni amalga oshirib,masalani rivojlantirish istiqbollari haqidagi mustaqil fikrlarini izohlab berishi belgilanadi.SHuningdek,bu qismni yoritishda foydalaniladigan adabiyotlardan va statistik ma’lumotlarga murojaatlarni havola qilinishi ta’kidlanadi.Har bir kurs ishigi ana shunday talablar qo’yiladi. Kurs ishi rejasi tuzilgandan so’ng uni bajarish muddati rahbar tomonidan belgilanadi.
Belgilangan muddatga qarab ishni bajarish holati rahbar tomonidan nazorat qilinadi.Kurs ishini bajarish bo’yicha konsulьtatsiya kunlari shakllantiriladi. SHuningdek,har bir rejani bajarish holatiga alohida yondashiladi. Kurs ishining kirish qismini bajarish bo’yicha namunalar ham havola etiladi.
Kurs ishini bajarishda mazkur ko’rsatmada taqdim etilayotgan adabiyotlar bilan cheklanmasdan, ayrim masalalarni batafsil bayon qilish imkonini beradigan qo’shimcha adabiyotlardan ham foydalansa maqsadga muvofiq bo’ladi. Talaba kurs ishi uchun qo’shimcha adabiyotlarni ARMdan va boshqa kutubxonalardan,internet saytlaridan olishi mumkin.
Kutubxonada bibliografik, ya’ni sistemali, predmetli alfavit kataloglari asosida adabiyotlar tanlanadi. Masalan, sistemali katalogdan sohalariga qarab joylashtirilgan bo’ladi. Mabodo, qiyinchilik yuzaga kelsa, kutubxonada mutaxassis maslahatidan foydalanish mumkin.
Adabiyotlar va ma’lumotlardan foydalanishda quyidagilarga e’tibor berish zarur:
talaba o’rganib chiqayotgan va tanlagan mavzuga taalluqli adabiyotlarni to’liq yozmasdan, o’z so’zi bilan qisqacha va ijodiy bayon qilib berishi;
zarur hollarda foydalanilayotgan jumlalarni o’zgartirilmay aynan berilish tariqasida ko’chirishi;
umumiy daftar tutib, rejadagi har bir savolga taalluqli fikrlarni alohida yozib qo’yish va kerak bo’lganda ulardan foydalanish:
mavzuga taalluqli fikrlarni ayrim varaqlarga va maxsus kartochkalarga yozib qo’yish. Kartochka tizimi afzalligi shundaki, u kerak bo’lgan fikrlarni tezroq qidirib topish imkonini beradi;
uchragan hamma ma’lumotlar va raqamlarni ko’chirib olmasdan, ko’rib chiqilayotgan mavzuga bevosita tegishli eng muhim ma’lumot va raqamlardan foydalanish;
O’zbekiston o’z mustaqilligiga ega bo’lgan davridan boshlab masala doirasida qanday yutuqlarga erishganini aniq ma’lumotlar asosida ko’rsatish;
ma’lumotlarga asoslanib tuzilgan jadval, grafik va diagrammalar hamda nazariy jihatdan tahlil etilayotgan fikrlarning amaliyotda naqadar ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatib berish.
Talaba barcha adabiyotlarni batafsil o’rganib, zaruriy ma’lumotlarni to’plaganidan keyin kurs ishini yozishga kirishishi mumkin.