Vegetativ organlariga-novda, barg, ildiz kiradi. Novda daraxt va butalarning er ustki shox-shabbasini ushlab turishga yordam beradi. Daraxtlarning tanasi urug’ unib chiqishi va undan hosil bo’lgan niholning asosiy novdasini o’sib rivojlanishi natijasida shakllanadi va u tuproqdagi suvda erigan mineral moddalarni ildiz orqali barglarga, barglardan fotosintez jarayoni natijasida hosil bo’lgan organik moddalarni butun o’simlik tanasi bo’ylab xarakatlanishini ta’minlaydi.
Novda uch qismdan iborat bo’lib, barg birikkan joy novda bo’g’imi, ikkita bo’g’im oralig’i, novda bo’g’imidagi barg va poya orasida hosil bo’ladigan burchak barg qo’ltig’i deb ataladi. Novdaning eng yuqori nuqtasida hamda barg qo’ltig’ida kurtaklar joylashadi.
Novda: I – soxta kashtanning bargsiz novdasi, II – qoraterakning bir yillik novdasi, III –qoraterakning 4 yillik novdasi, 1 – o’suvchi kurtak, 2 – barg qo’ltig’idagi kurtak, 3 – kurtaklar oralig’i, 4 – barg o’rni, 5 – uzel, 6 – kurtak qoplamining birikish joyi, 7 – chechevishka, 8 – o’tkazuvchi tolalar yig’imi
O’simliklarning shox-shabbasi va uning shakli daraxt turi, yoshi va tabiiy sharoitlariga bog’liq holda turlicha - sharsimon, zontiksimon, konussimon, piramidal, kolonnasimon, majnuntolsimon shakllarga ega bo’ladi. Shox-shabbasining zichligiga ko’ra zich (zarang, eman, jo’ka, qayrag’och), va siyrak (gledichiya shumtol) bo’ladi.
Novdalar shoxlanishiga ko’ra dixotomik monopodial,simpodial va soxta dixotomik tipda shoxlanadi. O’sish nuqtasi 2 qismga bo’linib, shox ayri kabi ikki tomonga baravar ajraladi, bu kabi shoxlanish dixotomik shoxlanish deyiladi. Urug’li o’simliklarda shoxlar kurtaklardan rivojlanadi, ba’zan daraxtlardagi yon shoxlar bitta bo’g’imda chiqib, doira shaklida joylashadi (qarag’ay), bunda shoxlar tanani yuqorisiga ko’tarilgani sari o’sishi sustlashadi va oxir oqibatda shox-shabba konussimon shaklga ega bo’lishi mumkin (oqqarag’ay va qoraqarag’ay). Bu kabi shoxlanuvchi daraxtlarning kurtagi barg qo’ltig’ida bo’lmay, novda uchida joylashadi va doimo yuqoriga o’sadi. Bu monopodial shoxlanishdir. (tilog’och, oqqarag’ay, qoraqarag’ay, eman, zarang, shumtol).
Ko’pgina daraxtlarda novda birinchi yili bo’yiga o’sib, so’ng uchki kurtak o’sishdan to’xtaydi. Ikkinchi yili qo’ltiq kurtak hosil bo’ladi va u uchki kurtakka nisbatan tez o’sadi, natijada uni kuchsizlantiradi va har yili uchki kurtak avj olsada, kuzda quriydi. Oqibatda yolg’iz tana hosil bo’lmasdan, turli yoshdagi har xil tartibli qing’ir-qiyshiq shoxlar vujudga keladi. Bu simpodial shoxlanish deyiladi (qayin, arg’uvon, qayrag’och, tol tog’terak).
Daraxtlar tanasi shoxlar soni va zichligiga ko’ra turlicha qoplangan bo’ladi. Sershox daraxtlarning shox-shabbasi qalin, kam shoxli daraxtlarning bo’lsa, aksinchasiyrak bo’ladi, ya’ni bu holat daraxt turlarini yorug’likka bo’lgan ehtiyojidan kelib chiqadi. Yorug’sevar daraxt turlari shox-shabbasi siyrak, yorug’likka ehtiyoji kam daraxt turlarida bo’lsa qalin bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |