Zarafshon Qizilarchasi - Mojjevelnik Zarafshanskiy -
Juniperus seravschanica Kom.
Tibbiyotda qo’llanilishi va kimyoviy tarkibi. Qubba mevalarining nastoykasi siydik xaydovchi, kasalliklarga qarshi va o’t xaydash xususiyatlariga ega.
Zarafshon Qizilarchasi o’rmon meliorativ tadbirlari uchun nihoyatda qimmatbaho o’simlikdir. U tog’ qoyalarini surilishidan, yuvilib ketishdan saqlab turadi. Xushbo’y yog’ochi qurilish sanoatida juda qadrlanadi.
Uning yosh novdalarida 0,45-0,75% efir moyi mavjud bo’lib, u kadinen, terpen, mirsten, stedronlardan tashkil topgan. Efir moylari miqdori baxordan kuzga tomon oshib boradi. Mevalarida 10-30% qandlar, yuniperin glikozidi, 9% smola, organik kislotalar, yosh novdalari po’stlog’ida 8,3% oshlovchi moddalar, 120-140 mg/% S vitamini mavjuddir.
O’simlikning tarqalishi. O’simlik dengiz satxidan 1000-2500 metr balandlikdagi tog’ qoyalarida, toshli, shag’alli joylarda o’sadi. Toshkent, Farg’ona, Samarqand va Buxoro viloyatlarida uchraydi. Pomir-Oloy tizmasida: Tyan-Shan, Koratog’ va Shimoliy Afg’onistonning Xindukush tog’larida tarqalgan.
O’zbekiston tabiiy archazorlari
Xom ashyo tayyorlanishi va uning sifati. Qizilarchaning qubbalari kuzda (avgust oxiridan noyabr oxirlarigacha) – ular to’q-qo’ng’ir rangga kirib, to’liq etilganida terib olinadi. Yig’ib olish uchun albatta maxsus xaltachalar va archaning ninasimon barglaridan ximoyalanish uchun brezent qo’lqoplar bo’lishi shart. Qubbalarni terish uchun novdalar qo’l bilan ushlab turib asta silkitiladi, bunda etilgan qubbalar to’kiladi, etilmagan yashil qubbalar esa novdada qoladi. To’kilgan qubbalar ninabarglardan tozalanib xaltachalarga solinadi. Qubbalarni terishda novdani tayoqlar yordamida silkitishga yo’l qo’yilmaydi, chunki bunda etilmagan qubbalarning xam to’kilib tushishi va keyingi yil xosilini kamayishiga sabab bo’ladi. Xom ashyoning quritilishi sekinlik bilan olib boriladi. Qubbamevalar soya joylarda, ularni xar kuni aralashtirib turgan xolda quritiladi. Buning uchun xavo almashib turadigan, usti yopiq joylardan foydalanish mumkin. Xom ashyoni pechlar quritishga yo’l qo’yilmaydi, bu uning sifatini pasayishiga olib keladi.
Odatda talab darajasidagi tayyor xom ashyo qubbalar 5-7 mm sharsimon, po’stlog’i egiluvchan, to’q-qo’ng’ir yoki qoramtir rangda bo’ladi. Xidi o’ziga xos hushbo’y, ta’mi shirinroqdir. Xom ashyoda efir moylari 0,5% dan kam bo’lmasligiga; xom ashyoda 5% gacha kul moddalari bo’lishiga; 10% li xlorid kislotada erimaydigan kulning miqdori 0,5%; organik va mineral qo’shimchalar 0,5%; begona zaharsiz mevalar 0,5% ni tashkil etishiga yo’l qo’yiladi. Quritilgan xom ashyo 40-50 kg li (xaqiqiy og’irligi) qoplarga joylab qo’yiladi. Ular xavo almashinadigan salqin xonalarda saqlanadi. Qizilarchani saqlash davomida unda doimiy ravishda efir moylarining miqdorini kamayib borishi kuzatiladi. Xom ashyo 2 yilgacha saqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |