Pedagogik diagnostika nima?
Uni joriy etish yo`llari va ahamiyati
Har qanday faoliyat zamirida ham amalga oshirilgan ishlarning pirovard maqsadi, vazifalari va kutilgan natijalari bo`ladi. Faoliyat natijalarini sarhisob qilish, amaliy xulosalar yasash – bo`sh yoki muvaffaqiyatli o`rinlarni belgilab olish, faoliyatning keyingi bosqichlarida uni hisobga olish diagnostika deyiladi.
Pedagogik diagnostika ta`lim samaradorligi, ish mazmuni, olib borilganpedagogik faoliyatni tahlil qilishda katta ahamiyatga ega bo`lib, ilg`or ta`lim muassasalarida bu ish uslubi muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilmoqda, yutuqlar mustahkamlanib, yo`l qo`yilgan kamchilik va nuqsonlarni tahlil qilish asosida bosh strategik yo`nalishlar belgilab olinmoqda va yuqori darajadagi pirovard natijalar qo`lga kiritilmoqda. Savol tug`iladi:
- bola qobiliyati, imkoniyati, bilimi, egallagan ko`nikmalarining o`lchovi bormi?
- bolaning bilish va ko`nikmalarini belgilashga o`qituvchi aralashgani ma`qulmi yoki o`ziga-o`zi baho bergani afzalroqmi? Mana shu savollarga eng maqbul asoslarda javob berish pedagogic diagnostikaning predmetidir. Mana shu maqsadni ro`yobga chiqarish yo`l-yo`riqlari, metodik mexanizmlarini ishlab chiqish, joriy etish muhim vazifadir. Pedagogik diagnostikaning tarixi pedagogik faoliyat tarixi bilan deyarli tengdosh.Boshqacha qilib aytganda, pedagogik jarayon ming yillardan beri mavjud bo`lsa, bu faoliyatning me`yorlari va natijalarini belgilash ham shunchalik qadimiydir.Demoqchimizki, o`quvchi bilimiga baho qo`yish, uni sinov va imtixon qilish,pirovard ish natijalarini belgilab olish boshlangan erda pedagogik diagnostika ham mavjud. Faqat farq shundaki, ibtidoiy va o`rta asr pedagogikasida bola bilimi va iqtidorini diagnostik tahlil qilishning ilmiy asosi yo`q edi.
Pedagogik diagnostikani ilmiy asosda tahlil etish va yo`lga qo`yish XX asr boshlarida amalga oshirilgan. Shu boisdan, bu pedagogik jarayonning nomlanishi ham turlicha bo`lgan.
Ayrimlar pedagogik diagnostikani taklif etilgan bilimlarni o`zlashtirish asosi deyishadi. Boshqalar diagnostika o`qitishni jadallashtiruvchi axborotdir deb hisoblaydilar. Yana ayrimlar esa diagnostika egallangan bilim sifatini nazorat etishdir, degan fikrni ilgari suradilar.
Taniqli pedagogik olim Matserman pedagogik diagnostikani «o`quvchi o`zlashtirishi bilan, o`quv materialini to`g`ri tanlash, maqsadni to`g`ri yo`naltirish mezonidir» deb hisoblaydi.
Aslida pedagogik diagnostika o`quv materialini bilish jarayonining asosini tashkil etib, maqbul pedagogik xulosaga kelishga zamin yaratadi.
Shu boisdan ham, pedagogik diagnostika: birinchidan, o`quvchiga individual ta`lim berishni jadallashtiradi; ikkinchidan, davlat va jamiyatning ta`limga qo`ygan talablaridan kelib chiqib, o`quvchi bilimini to`g`ri, adolatli baholashni ta`minlaydi; uchinchidan, ishlab chiqilgan ta`limiy mezon, kriteriyalar orqali o`quvchining sinfdan sinfga o`tishida, mutaxassislikka qabul qilinishida minimal talablarga javob berishini belgilaydi.
Pedagogik diagnostika yordamida ta`lim-tarbiya jarayoni to`g`ri tahlil etiladi va uning samaradorligi to`g`ri baholanadi. Boshqacha qilib aytganda,pedagogik diagnostika orqali ta`lim ob`ekta, ta`limiy tushunchalar qay darajada o`zlashtirilganligi tahlil etiladi, butun o`quv kursini, o`quv dasturlarini o`zlashtirish darajasi baholanadi.
Pedagogik diagnostika muhim ahamiyatga ega. U o`quv-tarbiya jarayonini yaxshilashga xizmat qiladi, ta`limiy faoliyat natijasida erishilgan samaralarni holislik bilan belgilab beradi, yo`l qo`yilgan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etishga yo`l ochadi, pirovard natijada ta`limning takomillashib borishiga ijobiy ta`sir qiladi.
Pedagogik diagnostika tarixiga nazar tashlasak, o`tgan asrlarda u faqat o`quvchi bilimini baholash orqali amalga oshirilganini kuzatamiz. Unga 1864 yilda AKSh olimlari D. Fisher va R. Resslar asos solganlar, 1908 yildan boshlab esa, olim T. Stoun arifmetikadan test orqali o`quvchi bilimini sinash tizimini tatbiq etgan.
Egallagan malakani aniqlashga qaratilgan pedagogik diagnostika yoki diagnostik faoliyatning ayrim jihatlari:
a) taqqoslash;
b) pedagogik tahlil;
v) avvaldan ayta bilish (prognoz);
g) interpretatsiya;
d) pedagogik diagnostika natijalarini o`quvchilarga etkazish;
e) amalga oshirilgan turli diagnostik metodlarni o`quvchilarga etkazish;
j) pedagogik diagnostika metodlarini to`g`ri belgilashdan iborat bo`lgan.
Pedagogik diagnostikaning eng muhim kriteriylari esa: ♦ haqqoniylik (ob`ektivnost`);
♦ ishonchlilik (nadejnost`);
♦ puxtalik (validnost`) ka asoslanadi.
Diagnostik tahlillar qachon ob`ektiv bo`ladi?
1. ♦ Agar: sinov natijalari turli tekshiruvlarda bir xil natijalar ko`rsatilib,
ko`rsatkichlar o`zaro bir-biriga yaqin bo`lsa;
♦ Agar: sinov mezonlari, o`lchovlari birligi hamda uning natijalari sinovni
amalga oshiruvchi, aniqlovchining shaxsi xislati va munosabatlariga bog`liq
bo`lmasa;
♦ Agar: sinov bir xil talab, bir xil munosabat va psixologik kayfiyatda amalga oshirilsa, haqiqiy ahvolni aniqlashda ob`ektiv natijalar olinishi mumkin. Modomiki maqsad haqiqiy ta`limiy ahvolni aniqlash ekan, unga to`g`ri, halollik, xaqqoniylik bilan yondashish zarur. Aks holda, diagnostikadan ko`zlangan natijaga erishish, to`g`ri tashhis belgilash mumkin emas. Bundan tashqari, ayrim sinf ishlarini, ba`zan yozma ishlarni, ko`pincha esa og`zaki berilgan javoblarni baholashda har xil yondashuvlar qayd etilishi mumkin. Bu sinovchi, ya`ni diagnostik tahlil o`tkazuvchi qilinayotgan ishlarning tub maqsadiga tushunib etishiga, mas`uliyatiga, ishga bo`lgan yondashuviga, va nihoyat uning saviyasiga bog`liq.
Bundan kelib chiqadigan amaliy xulosa shuki, pedagogik diagnostikani amalga oshirishda rioya-andisha, oshna-og`aynigarchilik, tanish-bilishchilik yoki boshqa noxushliklar aralashsa, haqiqiy ahvol aniqlanmaydi, umumiy ishga putur etadi, kamchilik va nuqsonlar ochilmay xaspo`shlanadi, ta`limni takomillashtirishdan ko`zda tutilgan maqsadlar ochilmay qoladi.
2. Pedagogik diagnostikaning ishonchliligi bir necha marta qilingan tahliliy xulosalar natijasining bir xilligi qayd etilgan hollardagina ta`minlanadi.
Agar buni muayyan maktab, sinfning hayotiy faoliyati bilan bog`lasak,mabodo o`qituvchi ilgarigi ishini oradan bir necha vaqt o`tib, aynan ushanday__baholasa, ishonchlilik paydo bo`ladi, lekin bunday hol afsuski amaliyotda kam uchramoqda.
Pedagogik diagnostika natijalari qachon uzil-kesil tasdiqlanadi?
Tajribalar, tahlillar shuni ko`rsatadiki, pedagogik diagnostika test usullari vositasida amalga oshirilsa, natijalar haqqoniy bo`ladi.
Chunki bunda to`rt xil xulosa bir xil natija bilan baholanadi. Bular:
♦ mazmunning tasdig`i;
♦ har xil usul bilan olingan natijalarning bir xilligi;
♦ natijalarga ko`ra amalga oshirilgan tahlillarning isbotlanishi;
♦ loyihalashning tasdiqlanishi (ya`ni loyihalashtirishdagi natijalarning
olingan xulosalarga uyg`unligi).
Do'stlaringiz bilan baham: |