ADOLAT
(Hikoya)
Umr. U oxiri ko`rinmaydigan yuksak qoyaga o`xshaydi. Inson bir umr mana shu viqorli, ulkan qoyani mahv etishga urinadi. Ammo hayot insonni turli sinov va mashaqqat tarozisiga qo`yib ko`radi, uni beayov imtixon qiladi. Sinovlarga bardosh berib, umrning o`nqir- cho`nqirlaridan omon o`ta olgan insongina hayotda o`z o`rnini topa oladi.
Taqdir ham inson umr yo`llariga hayot toshi bilan o`yib yozilgan bitikdir.Uni har kim o`zicha tushunadi.Kimdir uni o`z qo`lim bilan yarataman, desa, yana kimdir esa bu OLLOHning irodasi, uni o`zgartirib bo`lmaydi, deydi. Aslida esa taqdir Yaratgan tomonidan beriladi, uni qay tarzda yaratish esa har bir insonning o`ziga bog`liq.Bu hayotning asl qonuniyatidir. (Muallif)
U tug`ilgan kuni kechasi bilan jala quyib chiqdi.Jumboqlarga to`la dunyo uni kulib emas,go`yo g`am chekib qarshilaganday tuyildi. Ammo murg`ak qalb hayotning bu injiqliklarini dast ko`tara oldi .Go`dakning so`ngsiz umid uchqunlari alanga bo`lib yondi va butun olamni nurga to`ldirib yubordi.Dunyo chaqaloqlari hayotga olamni buzgudek qilib dod-faryod bilan kelishsa, negadir u onasi vujudidan hammani hayratda qoldirib, o`zgacha bo`lib tug`ildi.U oh-voh qilmadi, sira yig`lamadi.Bu ajabtovur voqea edi.Shifokorlar avvaliga qattiq qo`rqishdi.Hatto bu hol o`z ishining mahoratli egalarini ham ajablantirdi.
Mashina kasalxonadan chiqaverishdagi tosh yo`lda uzoq turdi. Haydovchining ustki kiyimlari shalabbo,yomg`irda ivigan holda kimnidir kutayotganga o`xshardi.Negadir uning yuzlari horg`in,xomush tortgan,parishon edi.U o`z-o`ziga onda-sonda nimalardir deb g`udranib qo`yardi.Yonida hech kim ko`rinmasa-da, xuddi birov eshitib qoladigandek sekin gapirdi:”Yana qiz.Nahotki Xudoyim bir o`g`ilni ravo ko`rmasa.Uch qizdan keyin hech bo`lmaganda o`g`il bo`lar devdim.Yo`q.to`rtinchisi ham qiz bo`ldi”.U mashinaga suyangan ko`yi xotini yotgan xona derazasiga uzoq qarab turdi.Yarim tun bo`lishiga qaramay, xonaning xira chirog`i hali o`chmagan edi.Hozirgina uning xayolidan yashindek o`tayotgan fikrlar xotinini ham o`ylantirayotgan bo`lsa,ajab emas.Balki u entikib yig`layotgandir.Nima bo`lganda ham u ona,farzandi qiz bo`ladimi,o`g`ilmi yuragining bir parchasi,axir.Halima jajji qizalog`ining mehr to`la yuziga gap-so`zsiz uzoq tikilganidan so`ng qulog`iga bir nimalar deb shivirladi.Xonada ona va boladan boshqa hech kim yo`qligi sababli bu shivirlashni eshitish mumkin edi:
“Bu ko`zlarda umid bor,bu yuzlarda quvonch bor.Ham shahdamlik,ham shijoat bor.Hayotga nafrating yo`q,nega muhabbating bor.Hayot beshafqat , lekin sen adolatlisan.Adolat…Adolat…”.
Halima to`rtinchi farzandining ismini Adolat qo`ydi.Adolat uyga olib kelinganida otasi unga qayrilib ham qaramadi.Go`dakni Ona bag`riga bosib erkalatganida ota .mehrga tashna yurakka e`tiborsiz chetda indamay ishini qilib o`tiraverardi.Halima ichidagi bor alamini to`kib soldi:”Siz ham odamga o`xshab,shu tirik jonga ozgina mehringizni bersangiz bo`lmaydimi?Opalari-ku,o`rganib ketishdi.Bu dunyoda tirnoqqa zorlar qancha.Axir,mahshar kuni shu qizlaringiz gunohlaringizga parda bo`lib turadi-ku”.Ota javob berish o`rniga lom-mim demasdan uydan chiqib ketdi. Shu zaylda oradan ancha vaqt o`tdi. Adolat opalari ichida eng cho`rtkesari , sho`x-shaddodi bo`lib ulg`aydi.U boshlagan ishini oxiriga yetkazmay qo`ymasdi.Onasi Halimada qiziga bo`lgan muhabbat tuyg`usi porloq quyosh kabi abadiylikka yo`g`rilgan edi.So`nmas ziyodek nur sochayotgan, ko`nglining tub-tubiga qadar ildiz otib borayotgan ishonch Halimani qiziga mehr berishga majbur etardi.Qizining allaqanday g`uborsiz orzularini, chek-chegarasi yo`q umidlarining barchasini ona sof qalbning ko`zlarida ko`rardi.Ammo…ammo ota negadir bu ko`zlarga e`tibor bermasdi.Adolat o`n sakkiz yoshiga kiribdiki,shu vaqtgacha otasi yuziga tik qaramagan.Eng og`ir damlarda otasidan najot kutgan, yuzlaridan mehr izlagan,ammo toshyurakdan hech narsa topa olmagan.Balki otasini hayot o`z izmiga solgandir.Ertadan kechgacha tirikchilik qayg`usida yuradi.Bolalarim och qolmasin,egni yupun bo`lmasin,deb o`zini o`tga-cho`qqa uradi.Yo`q,aslida bu yelib-yugurishlar ,sarson-sargardonliklar sabab bo`la olmaydi,chunki Adolatni otasi ko`p xafa qilgan,murg`ak qalbiga ozor yetkazgan.Hamon yodidan chiqmaydi:ayb aslida opasi Feruzada bo`lsa ham,otasi ataylab Adolatni jerkib bergan.Bir bugina emas.Har safar ota-ona bolalarni kiyintirish gali kelganda birgalashib qizlarni kiyintirishardi.Har yili yangi kiyim qayoqda.Katta opasiga to`rt-besh yil deganda zo`rg`a bitta tufli olib berishgan.O`sha kuni o`zidan katta ikkala opasiga ham bir xilidan kiyim xarid qilishdi.Endigi navbat Adolatga keladi.Halima kenja qizi Adolatga chiroyli sumka ko`rdi.Sotuvchi bilan uzoq tortishib o`tirmay,pulni hamyondan chiqarib uzatdi.Ammo otasi sotuvchiga uzatilgan pulni birdan yulib oldi va:”Pulni qayerga ishlatishni bilish kerak,nima buningni shoxi bormi?Opalarinikini kiysa, bir joyi kamayib qolarmidi?” Halima ortiqcha gapirmadi.Ayol kishida, baribir.Eriga nima deya olardi.Bir tomondan yer-u ko`kka ishonmaydigan qizini xafa qilishga yuragi dov bermayapti.Nachora,u qizining yuziga qaradi.Adolatning yuzida hech qanday o`zgarish bo`lmadi.Lekin ich-ichida ,vujud-vujudida bir narsa uzilgandek bo`ldi.Uning qalbini o`rtayotgan ,qaddini bukayotgan oh-u nolalarini baralla aytgisi keldi: “Kiyim muhim emas,otajon.Men uchun bir chimdim mehringizni ayamasangiz bo`ldi edi.Qizim deb erkalashlaringizni,menga ham opalarimga bergan e`tiborni loyiq ko`rishigizni xohlayman”. Adolat hech narsa demadi.Uyga borgach,qorong`u xonaga kirdi-yu, burchakda bag`rini yerga berib rosa yig`ladi.Nafaqat beg`ubor ko`zlari,balki sofdil ko`ngli ham yum-yum yig`ladi.Negadir bu dunyodan butunlay ketkisi keldi.Yo`q-yo`q u yig`lamasligi kerak.Bu yorug` dunyoga kulib kelgan,baxtli bo`lmaguncha ko`zini yummaydi.
Yillar,oylar, bir-birini quvgan kunlar bunchalik tez o`tmasa.Bugunlar kechaga,kechalar o`tmishga aylanyapti.Boyligi to`lib-toshib yotgan odamlarni ham,ilm-u ma`rifatda yuksak cho`qqilarni egallab,minglab shogirdlarini g`oliblik marrasiga yetkazgan professorlarni ham yiqityapti,bu hayot.
Adolat o`z bilimi bilan universitetga kirdi.Jurnalistika fakultetiga.O`qishga kirgan kuni kechasi bilan yig`lab chiqdi.Bu g`am-alamdan emas edi.Yurak-yuragi quvonib,sevinch yoshlarini to`kdi.Universitetga kirish qayoqda,ko`chasidan ham o`tolmaysan,deganlarning yuziga tik qaragisi keldi.Yo`q,bandasi yuziga tik qaramadi,Xudodan qo`rqdi.Hammadan ham ko`ra,mushfiq onasi quvondi.Adolat bu quvonchli kunda otasi yuzidan iftixor tuyg`usini izladi.Ammo hech qanday faxr ham, mehr ham topolmadi.
O`sha mudhish kun u darsda edi.Birdan yuragi sanchdi.Bunaqa kasali yo`q edi-ku.Negadir yuragi tez-tez uryapti, xuddi otilib chiqadigandek.Ma`ruza darsi Adolat uchun uzoqqa cho`zildi.Derazadan tashqariga boqarkan,xayoli birdan xiralashdi.Negadir ko`ngli bir nimalar haqida xabar bermoqchidek edi.Ko`z oldidan otasining betob yotganligi o`tdi:”Ey Xudoyim, ilohim uydagilar tinch bo`lsin”. U dars tugashini sabrsizlik bilan kutdi.Uyiga qanday borganini o`zi ham bilmay qoldi.Adolat uyiga boradigan ko`chadan yurib borar ekan,eshigi oldida turgan mashinalarni ko`rdi-yu, jonholatda yugurdi.Adolat uyi oldida to`planishib turgan tumonat odamni oralab o`tdi.Ichkariga kirsa,yaqinlari,qon-qardoshlari “Voy,jigarim” deb yig`lashyapti. Adolatning bo`g`ziga nimadir tiqildi.Opalari bir chetda tizilishib,indamay o`tirishibdi.Xuddi osmon o`pirilib boshini ezib qo`yganga o`xshaydi.Adolat bir necha soat o`zini yo`qotib ,bir nuqtaga tikilgancha o`tiraverdi. Ammo erkaklar nimanidir yelkasiga qo`yib, olib ketishayotganda hushi o`ziga keldi.Uning faryodi olamni buzdi:”Voy otam. Ro`shnolik ko`rmagan otam”. Nega yig`layapti o`zi? Adolatni tug`ilishini istamagan,unga mehr bermagan shu ota emasmidi? Yo`q, u bugun hammasini unutdi.Yana o`sha eski odati, yer bag`irlab yig`ladi.Qizlar,aslida, samodan tushgan farishtalar bo`larkan.Ular mehrni belbog` ,saxovatni ehson qilishadi.Ota-onalar esa bu samo farishtalarini Xudodan tilab olishadi.O`g`il farzand mabodo ota qaddini buksa, qiz farzand ota qadrini tiklarkan. Oradan ancha yil o`tdi.Adolat xalqqa mashhur shoira bo`lib tanildi.Hayotda eng omadli va baxtli kim deyishsa, hech ikkilanmasdan “Adolat” deyishardi.CHunki u faqat haqiqatni kuylardi-da.Adolat:”Hayotda yig`lamaslik kerak,sen g`amga bosh egsang, qayg`u-alam qaddingni bukadi”derdi.
Kunlarning birida Adolat otasini ziyorat qilishga bordi.Otasi qabridan yovvoyi o`t-giyohlar o`sib chiqibdi.Qabrga yozilgan yozuv ham ko`rinmay qolibdi.Adolat yig`ladi.Sevinchdan emas,alamidan yig`ladi.Nahotki, bu padari buzrukvorning to`rt qizi bo`la turib,shu joyni tozalashga birortasining aqli yetmasa.Adolatning dodiga osmon ham quloq tutdi:”Axir,otajon.Siz meni shu darajaga yetkazdingiz-ku.Mehr bermadingiz,natijada mehribon bo`ldim.Hech yig`lamasdim.Faryod chekishga o`rgatdingiz. Ota,men sizdan roziman, lekin hayot mendan rozimas.Baxtli va mashhur bo`lishga ulguribman-u,hayot murabbiyimni esdan chiqaribman”. Adolat qabristonga kirayotganda erta sahar edi.Hozir esa kun peshinga yaqinlashibdi.Qo`llari qonab ketgan.ust-boshi chang,soch-u kiprigi tuproqqa belangan holda qabristondan chiqar ekan:”Ana,endi yovvoyi o`tlar otam nomini berkitolmaydi.Xudo xohlasa,bahorda yana kelaman”.Bu makonda jim-jitlik hukmron.Allaqayoqlardadir sukunatni buzayotgan qarg`alar qish kelayotganidan darak berib,onda-sonda qag`illashadi.Shu manzildagi qabrlarni o`t-o`lanlar “bezab turishibdi”.Faqat bitta qabr hozirgina supurilgan. Qabr yonida esa qalin muqovali kitob.Bu kitobning ustki qismiga tiniq harflar bilan yozilgan:”HAYOT MUALLIMIM OTAM “ .
Do'stlaringiz bilan baham: |