Motor rotor zanjiridagi to‘liq yurgazish qarshiligi bilan aylana boshlaydi. Berilgan sxemada ikki bosqichli reostatli yurgazish sxemasi qabul qilingan. Rotor qarshiliklarini bosqichma – bosqich ulash vaqtga qarab avtomatik tarzda amalga oshiriladi. KM2 kontaktori ulanganda KT1 vaqt relesi chulg‘ami o‘chiriladi, va vaqt tutilishi bilan KM3 kontaktori ulanadi. KM3 kontaktori esa yurgazish qarshiliklarini motor rotori zanjiri bilan tutashtiradi.
Motorni to‘xtatish uchun buyuruvchi – kontroller dastagini nol holatga keltiriladi. Bunda KM2 kontaktori o‘chiriladi va KM1 kontaktori ulanadi. U esa stator chulg‘amiga o‘zgarmas tokni ulaydi. Bu bilan motorning dinamik tormozlanishi boshlanadi. Tormozlanish vaqti KT3 vaqt relesi tomonidan belgilanib uning chulg‘ami ta’minot kuchlanishini yo‘qotganidan keyin vaqtga rostlanuvchan kontaktlari tomonidan dinamik tormozlash kontaktori KM1 va mexanik tormoz kontaktorlarini tarmoqdan uzadi. Sinxron motorlarni boshqarishning rele-kontaktorli sxemalari motorni ishga tushirish va tarmoqdan uzishdan tashqari motorning uyg‘otish zanjirini ham boshqaradi. 10.5 - rasmda sinxron motorning eng ko‘p qo‘llaniladigan boshqaruv paneli sxemasi keltirilgan. Sxemada uyg‘otgich sifatida sinxron motor valiga o‘rnatilgan o‘zgarmas tok generatori qo‘llanilgan.
Sinxron motorni ishga tushirish SA ulagich dastagini “yoq.” holatiga o‘tkazish bilan amalga oshiriladi. KV2, KV3 relelari o‘zgaruvchan tok zanjiri kuchlanishi mavjudligini nazorat qiladi. Agar kuchlanish mavjud bo‘lsa KV1 rele ishga tushib
kuch kontaktori KM1ni ishga tushiradi. Sinxron motor asinxron rejimda ishga tushadi. Uyg‘otgich kuchlanishi ortib boradi va sinxron motor sinxronosti tezligiga erishishi bilan motor sinxron tezlikka tortiladi. Tarmoq kuchlanishi 15-20% ga kamayganida KV3 o‘chadi va o‘zining normal yopiq kontakti bilan KM2 kontaktorini ishga tushiradi. KM2 kuch kontaklari bilan jadallashtirish qarshiligi Rfni shuntlashi natijasida sinxron motorning uyg‘otish toki va kuchlanishi ortadi. Bu holat tarmoqdagi kuchlanish birdaniga pasayganda motorning sinxronizmidan chiqib ketishidan asraydi.
Agar tarmoqdagi kuchlanish uzoq vaqt o‘z holatiga qaytmasa KT vaqt relesi motorni o‘chiradi.
O‘zgarmas tokli mustaqil uyg‘otishli motorlarni rele – kontaktorli boshqarish bugungi kunda ishlatilmaydi. Bu motorlar yarim o‘tkazgichli boshqariluvchi to‘g‘irlagichlar yordamida boshqariladi (5.3 va 5.4 - boblar).