1.2. Mustaqillik yillarida O’zbekistonda ijro hokimiyatining shakllanshi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritgach, o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilashga ehtiyoj tug‘ildi. Bunday ehtiyojlardan dastlabkisi davlat boshqaruvi tizimida islohotlarni o‘tkazish, ya’ni siyosiy modernizatsiyani amalga oshirishga bo‘lgan ehtiyoj edi. Chunki Sovet ittifoqi parchalanib va u suyangan totalitar boshqaruv tuzumi tanazzulga yuz tutib, xalqning hokimiyatga bo‘lgan ishonchi tobora yo‘qolib bormoqda edi. Bunday davrda boshqaruv tizimini isloh qilish mamlakatning tiklanish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanardi.
Barchaga ma’lumki, sobiq Sovet tuzumi davrida boshqaruv hokimiyati partiya hukmronligiga bo‘ysundirilgan bo‘lib, O‘zbekiston SSRda ijro hokimiyatiga rahbarlik O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi Birinchi Kotibi tomonidan amalga oshirilardi. XX asr 80—90 yillari chegarasida Sovet ittifoqida bo‘lgan siyosiy jarayonlar: “Qayta qurish” siyosati, xalqlarning milliy o‘zligini anglash jarayoni va boshqa shu kabilar kommunistik partiyaning va uning mafkuralari obro‘yini tushirib yubordi hamda davlat mexanizmini partiya nazoratidan holi qilish ehtiyoji yuzaga keldi. Markazda boshlangan bu jarayonlar respublikalarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Lekin O‘zbekiston rahbariyati bunday talabni boshqa respublikalardan oldin payqab yetdi.
Mustaqillikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston oldida quyidagilar birinchi navbatdagi vazifalar bo‘lib qoldi:
a) eski ma’muriy-buyruqbozlik tizimini, unga muvofiq bo‘lgan hokimiyat va boshqaruv organlarini tugatish;
b) yangi davlatchilikning siyosiy-huquqiy, konstitutsiyaviy asoslarini yaratish, Konstitutsiya va qonunlarda ijtimoiy munosabatlarning yangi tizimini, davlat hokimiyati organlarining yangi tizimini mustahkamlab qo‘yish31.
Avvalo, shuni ta’kidlab o‘tmoq lozimki, boshqaruv tizimida, jumladan, ijro hokimiyati tizimida islohotlar mustaqillikka erishishdan bir qancha vaqt muqaddam, ya’ni 1990-yil mart oyida boshlandi. Bu holat ham siyosiy islohotlarning naqadar dolzarb ahamiyat kasb etganini namoyon etadi. 1990 yil 24 martda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida “O‘zbekiston Prezidenti lavozimini ta’sis etish hamda O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni) ga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning kirish qismida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston SSR Prezidenti lavozimi “demokratik jarayonlarni yanada rivojlantirish, siyosiy o‘zgarishlarni takomillashtirish, konstitutsiyaviy tuzumni, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va xavfsizliklarini mustahkamlash, O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati va boshqaruv oliy organlarining o‘zaro ta’sirini takomillashtirish maqsadida” ta’sis etildi32. Ushbu qonun doirasida O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasiga yangi – “O‘zbekiston SSR Prezidenti” bobi qo‘shildi va joriy boshqaruv islohotining siyosiy-huquqiy asosi yaratildi. Bu keyinchalik mustaqil O‘zbekistonning Konstitutsiyasi yaratilishida ham o‘z aksini topdi.
O‘zbekiston Prezidenti lavozimining joriy qilinishi, birinchidan, respublikaning milliy mustaqillikka intilish yo‘lidagi jiddiy qadam bo‘ldi. Chunki, bilamizki, prezident lavozimi faqat suveren respublikalarga xosdir. Bundan tashqari, o‘sha vaqtda Sobiq Ittifoqda bitta – SSSR Prezidenti faoliyat yuritardi, xolos. Milliy respublikalar orasidan ushbu lavozimning birinchi bo‘lib O‘zbekistonda ta’sis etilishi ham yuqoridagi fikrimizni asoslay oladi. Ikkinchidan, Respublika Prezidenti lavozimining joriy qilinishi mamlakatda davlat boshqaruvini zamon talablariga moslashtirish, ya’ni modernizatsiya jarayonini boshlab berdi.
Dastlabki davrda Vazirlar Kengashi ijroiya hokimiyati sifatidagi huquqiy maqomi va vakolatlarini saqlab qolgan edi. Jumladan, 1990 yil 30 martda Respublika Oliy Kengashi tasdiqlagan yangi tarkibi 41 kishi, ya’ni Rais, Bosh vazir, uning ikki birinchi o‘rinbosari, to‘rt o‘rinbosari, 19 vazir, 14 davlat qo‘mitasi raisidan tashkil topgan edi. 1990 yil 1 noyabrda Oliy Kengash tomonidan “O‘zbekiston SSRda ijroiya va boshqaruv hokimiyatining tuzilishini takomillashtirish hamda O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni) ga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi va uning doirasida Prezident hokimiyati va Vazirlar Kengashining ijroiya-boshqaruv hokimiyati qo‘shilib ketdi. Vazirlar Kengashi Vazirlar Mahkamasi sifatida o‘zgartirilib, Respublika Prezidenti ayni bir vaqtda Vazirlar Mahkamasining raisi bo‘lib qoldi, unga, shuningdek, Prezident apparati qo‘shib yuborildi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatda kuchli prezidentlik hokimiyatining qaror topishiga olib keldi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tmoq joizki, Sobiq Ittifoqning parchalanishi bilan bog‘liq muammolar – ishlab chiqarishning keskin pasayishi, ommaviy ishsizlik, diniy ekstremistik va millatchilik g‘oyalarining avj olishi, chegaradosh qo‘shni mamlakatda boshlanib ketgan fuqarolar urushi, eski partiyaviy boshqaruvga aholining ishonchi qolmagan holatda Respublikada siyosiy xavf-xatarlar (risklar) ning oldini olishda kuchli prezidentlik hokimiyatining joriy qilinganligi muhim ahamiyat kasb etdi.
1990 yil 15 noyabrda O‘zbekiston SSR Prezidenti “O‘zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonini imzoladi. Ushbu farmon asosida xalq xo‘jaligi dehqonchilik sanoati, xalq iste’moli mollari, qurilish-transport, mashinasozlik, yoqilg‘i-energetika, umumiqtisodiyot, moddiy-texnik, madaniyat ishlari komplekslariga ajratilib, uning rahbarlari belgilandi va ular Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiritildi. Bu ijro hokimiyatini modernizatsiyalash yo‘lidagi keyingi qadam bo‘ldi.
O‘zbekistonda ijro hokimiyatini amalga oshiruvchi asosiy organ – Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga rahbarlik qiluvchi, uning ishini uyushtiruvchi Vitse-prezident lavozimi ham ta’sis etilgan edi. Biroq ushbu lavozim o‘zini oqlamadi. Shu boisdan 1992 yil 4 yanvardagi qonun bilan u tugatilib, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri lavozimi ta’sis etildi. U Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qiladi va uning ishini tashkil etadi, deb belgilandi33.
1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasi o‘zining davlat mustaqilligini e’lon qilganidan so‘ng davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiyalash yangi bosqichga o‘tdi. Jumladan, davlat suverenitetini amalga oshiruvchi yangi boshqaruv tuzilmalari – Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Milliy bank, Soliq qo‘mitasi va boshqalar tashkil etildi.
1992 yil 4 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasining mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonun asosida o‘zbek xalqining milliy davlatchilik tajribasidan kelib chiqqan holda hokimlik lavozimini ta’sis etdi. 1992 yilda ilk bor Toshkent shahrida va 12 ta viloyatda, 163 ta qishloq tumani, 18 ta shahar tumani hamda 120 ta shaharda hokimlar tayinlandi va tasdiqlandi, ularning apparati – hokimiyatlar tuzildi. Hokimlar institutini qaytadan tiklash va mahalliy boshqaruv organlarini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlar kuchli hokimiyatning shakllanishidagi asosiy qadamlardan biri bo‘lib xizmat qildi34.
Yangi mustaqil davlat – O‘zbekiston Respublikasi ijro hokimiyati tizimini modernizatsiyalash masalasi 2,5 yil davomida faoliyat yuritgan Respublika Konstitutsiyaviy komissiyasining asosiy tadqiqot mavzularidan biri bo‘ldi va bu 1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XII chaqiriq XI sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi barcha sohalar singari ijro hokimiyatining yangi yaxlit tizimini shakllantirishning bosh nazariy-huquqiy mezoni bo‘ldi. Konstitutsiyaning g‘oyalari, maqsadlari, har bir moddasi “Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi”, boshqa xalqaro hujjatlar, rivojlangan demokratik mamlakatlarda shakllangan demokratik tamoyillar va qadriyatlar, qariyb uch ming yillik milliy va sharqona davlatni idora etish an’analarini o‘zida mujassamlashtirdi35. Konstitutsiyada hokimiyatning uchga bo‘linish prinsipi mustahkam belgilab qo‘yildi va, shuningdek, ijro hokimiyatini amalga oshirishning mustaqil taraqqiyotga xos bo‘lgan yo‘llari ko‘rsatib berildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi ijro hokimiyati tizimining quyi bo‘g‘inini tashkil etuvchi mahalliy davlat hokimiyatini mustaqillik yillarida isloh qilish, ularning faoliyatini yaxshilash zarurati dolzarb masala bo‘lib qoldi. Chunki O‘zbekiston Respublikasida Sobiq ittifoqdan andoza olib joriy qilingan va uzoq vaqtlar davomida ijro etuvchi, farmoyish beruvchi organ hisoblanib kelgan xalq deputatlari Sovetlarining ijroiya komitetlari zamon talablariga umuman javob bermay qo‘ygan edi. Ular partiya organlari kuchli ta’siri ostida bo‘lib, o‘zlari hech narsani mustaqil hal qila olmay qolgan edilar. Ko‘rinib turganidek, yuqoridagi ushbu muammolarni ma’muriy-buyruqbozlik tizimi hukmronligi holatida yechish mumkin emas edi. Bular, o‘z navbatida, mahalliy boshqaruv tizimini isloh qilishni Respublika rahbariyati oldiga dolzarb mavzu sifatida qo‘ygan edi.
Uzoq vaqt davomida mahalliy ijro organlari o‘zlariga berilgan muhim vazifalarni, iqtisodning rivojlanishiga rahbarlik qilish, madaniy-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish, mehnat va iste’mol meyori ustidan nazorat olib borish, aholiga turli xizmatlar ko‘rsatish, mulklarni, jamoat tartibini qo‘riqlash, tabiat resurslari va atrof-muhitni muhofaza etish va boshqa vazifalarni yetarli bajara olmadi36. Ana shu sabablar mahalliy ijro organlarining yangi tizimini vujudga keltirishni taqozo etdi. Bunday organ hokimlar bo‘ldi.
Ijrochi organlarning faoliyatini takomillashtirish, ularning ishlash imkoniyatini oshirish, huquq va majburiyatlarini yanada aniq belgilash maqsadida O‘zbekistonda hokimlik lavozimi (instituti) ning joriy qilinishi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Mahalliy ijro organlarini qayta qurish, ularning tizimi, faoliyatini takomillashtirish maqsadida O‘zbekistonda birinchi marta Toshkent shahar hokimi lavozimi ta’sis etilib, u 1991-yil 29-dekabrda Toshkent aholisi tomonidan saylandi. 1992-yil 4- yanvarda “O‘zbekiston Respublikasining mahalliy hokimiyat organlarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinib, respublikaning hamma hududida mahalliy ijro hokimiyati organi sifatida hokim lavozimi ta’sis etildi. Respublikada hokim lavozimining ta’sis etilishini O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov yuksak baholab, jumladan, buni quyidagicha asoslagan edi: “Yangi tarixiy jarayonda o‘tmishda sinalgan an’anaviy boshqaruv organlari – hokimliklar qayta tiklandi. Ularning faoliyati va islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotgan ijtimoiy kuchlar mavjudligi tufayli davlatimizda siyosiy va iqtisodiy barqarorlik saqlanib turibdi”37.
O‘zbekistonda 1992-yil 8-dekabrda yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatida yangi bosqich bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasida mahalliy hokimiyatning vakillik va ijro hokimiyatiga bo‘linishi birinchi marta konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yildi (Konstitutsiyaning 102-moddasi). Ijro hokimiyati organlari – hokimlar viloyatlarda, shaharlarda va tumanlarda tuziladigan bo‘ldi. Vakillik organlaridan farq qilib, hokimlar shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarda ham tuzildi.
1993-yil 2-sentabrda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi38 qonun qabul qilindi. Unda Konstitutsiyaning 102-103 moddalaridagi normalar asosida xalq deputatlari Kengashlari va hokimlarning asosiy vazifalari belgilab qo‘yildi. Qonunning 1-moddasi, uchinchi xat boshisiga asosan, “Xalq deputatlari Kengashi va hokim viloyat, tuman va shahar uchun umumiy bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalarini amalga oshirilishini, joylarda qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan hujjatlar, yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashlari, hokimlar qarorlarining ijrosini, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi aloqalarni, aholini viloyat, tuman va shaharni boshqarishga jalb etishini ta’minlaydi”39. Mahalliy vakillik organlari ikki bo‘g‘inli tizimga ega. Konstitutsiyaning 99-moddasiga binoan “Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar”. Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasida40 “Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik organlaridir”, deb belgilandi. Bu mahalliy joylarda ijro hokimiyati organlarining bo‘lishligi zarurligidan kelib chiqdi. Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasida hokimlar tizimi – viloyatlar (Toshkent shahar) hamda shaharlar va tumanlar hokimlarining majmui tashkil etildi. Konstitutsiyaning 103-moddasida “Viloyat, tuman va shahar hokimlari o‘z vakolatlarini yakkaboshchilik asoslarida amalga oshiradilar va o‘zlari rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardirlar” – deb, yakkaboshchilik prinsipi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan. Bu qoida hokimlarning faoliyatida yakkaboshchilikni muhim o‘ringa ko‘tarish bilan birga, ularni shaxsan javobgarligini mustahkamlaydi. Bunda hokim faqat o‘z faoliyati va o‘zining qabul qilgan qarorlari uchungina shaxsan javobgar bo‘lish bilan cheklanmasdan, o‘zi rahbarlik qiladigan organning faoliyati uchun ham shaxsan javobgarligining o‘rnatilishi hokimlar mas’uliyatini kuchaytiradi. Hokim lavozimi o‘rnatilishining asosiy sabablaridan biri markaziy va mahalliy ijro organlari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash, quyi organlar yuqori organlarning hujjatlarini istisnosiz bajarishi, yuqori organlarning quyi organlar faoliyati ustidan nazoratini kuchaytirish edi41.
Respublikada mahalliy davlat hokimiyati tizimidagi keyingi islohotlar 2003- yildan amalga oshirila boshlandi. O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni asosida Konstitutsiyaning XXI Mahalliy davlat hokimiyati asoslari bobiga o‘zgartishlar kiritilib, jumladan, 101-moddadan mahalliy hokimiyat organlarining xalq deputatlari quyi Kengashlari faoliyatiga rahbarlik qilishi to‘g‘risidagi jumlalar chiqarib tashlandi.
2007-yil 11-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-89-sonli Qonuni asosida Konstitutsiyaning 102-moddasi ikkinchi qismidagi “Viloyat hokimlari va Toshkent shahri hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi” jumlasidagi “hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi” so‘zlari42 olib tashlandi. Bu bilan endi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq deputatlari kengashi tasdig‘isiz viloyat hokimlari va Toshkent shahar hokimini tayinlay oladigan va lavozimidan ozod eta oladigan bo‘ldi.
Mahalliy ijro hokimiyati tizimidagi keyingi islohotlar 2010-yil 12-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”43 mavzusidagi ma’ruzasi asosida amalga oshirildi. Jumladan, 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-366-sonli Qonun bilan Konstitutsiyaning 103-moddasiga quyidagi tahrirda ikkinchi qism qo‘shilib, o‘zgartish kiritildi: “Viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi, ular bo‘yicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinadi”. Bu, o‘z navbatida, davlat boshqaruvini demokratlashtirishning o‘ziga xos ko‘rinishi hisoblanadi. Zero, mahalliy ijro hokimiyati rahbari, ya’ni viloyat, tuman yoki shahar hokimining xalq deputatlari Kengashiga hisobdorligi hokimiyatlar bo‘g‘inlarining o‘zaro bog‘liqligi va bir-birini tiyib turish prinsipi shakllariga mansubdir.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, mahalliy hokimliklar faoliyatining asosiy huquqiy hujjati 1993-yilda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida davlat va mahalliy boshqaruv tizimida qator o‘zgarishlar yuz berdi. Mazkur Qonunni esa bugungi kun va zamonaviy iqtisodiyot talablariga mos ravishda qayta ko‘rib chiqish zarurati paydo bo‘lmoqda44.
Mahalliy hokimiyat organlarini isloh qilish, mahalliy boshqaruv organlarining samarali faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammolarni hal qila olmaganligini e’tirof etish zarur. Davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro harakat nuqtai nazaridan gap mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning o‘z vakolatlarining barqaror sohalarini shakllantirish, davlat hokimiyati darajalari o‘rtasidagi vakolatlarni taqsimlash muammosi, mahalliy boshqaruv organlariga davlatning ayrim vakolatlarini taqdim etish, mahalliy boshqaruvning o‘z moliyaviy va iqtisodiy asosini shakllantirish hamda mahalliy budjet uchun javobgarligini oshirnish, mahalliy boshqarish organlari ustidan davlat hokimiyati organlarining nazorati, hokimiyatning mahalliy darajasiga norasmiy institutlarning ta’siri to‘g‘risida bormoqda.
Ilk mustaqillik yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan ijro hokimiyatini modernizatsiyalash jarayonini tadqiq qilish asosida quyidagi xulosalarni oldinga surish mumkin:
Ushbu islohotlar, avvalo, boshqaruv tizimida chuqur ildiz otgan partiyaviy-byurokratik tizimni tugatishga qaratildi;
Davlat boshqaruvi, jumladan, ijro hokimiyati tizimidagi islohotlar zaruriyati o‘z vaqtida anglandi. Buning isboti sifatida O‘zbekiston SSRda Sobiq Ittifoq respublikalari ichida birinchi bo‘lib Prezident lavozimining ta’sis etilishini ko‘rsatishimiz mumkin;
O‘zbekistonda amalga oshirilgan ijroiya-boshqaruv islohotlari “o‘tish davri” holatida mamlakatda kuchli prezidentlik boshqaruvini joriy etishni ustuvor maqsad qilib oldi;
1990-1993-yillarda olib borilgan ijro hokimiyati islohotlari O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiyalash jarayonlarining keyingi bosqichlari asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Yuqoridagi xulosalarga qo‘shimcha qilib shuni ta’kidlab o‘tmoq joizki, ilk mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ijro hokimiyatini modernizatsiyalash yo‘nalishidagi islohotlar o‘z davri xususiyatlaridan kelib chiqib, mamlakatda barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |