Muammoning o‘rganilganlik darajasi. O‘zbekiston Respublikasida ijro hokimiyati tizimini modernizatsiyalashtirishga doir nazariy hamda amaliy g‘oyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” g‘oyasi asosida yurtimizda davlat hokimiyati organlarini modernizatsiyalash va nomarkazlashtirish maqsadida 2017 yil 8 sentabrda “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi”2 ishlab chiqildi va uning konseptual vazifalari amaliyotga joriy etilmoqda. Mazkur konsepsiya o‘zida davlat boshqaruvining konseptual yangi milliy modelini namoyon qilib, ilmiy ishimizning metodologik asosi bo‘lib xizmat qilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning asarlarida davlat boshqaruvi, xususan, uning muhim bo‘g‘ini bo‘lmish ijro hokimiyati tizimini modernizatsiyalash to‘g‘risida strategik-konseptual g‘oyalar berilgan3.
Davlat boshqaruvi, jumladan, ijro hokimiyatini modernizatsiyalash va bu borada innovatsiyalarni davlat boshqaruvida faol qo‘llash, yangicha davlat boshqaruvi yo‘nalishida tadqiqot olib borgan xorijiy olimlari ishlarini ko‘rsatishimiz mumkin4. MDH doirasida davlat boshqaruvini, shu jumladan, davlat hokimiyatini modernizatsiyalash nuqtai nazardan o‘rgangan olimlardan: G.Atamanchuk, X.Xachaturyan, I.Vasilenko5 va boshqalarning tadqiqotlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Ushbu mavzuda bir qator olimlar tomonidan tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, o‘tish davri va modernizatsiya sharoitidagi milliy davlatchilikning genezisi, evolyutsiyasi va ijtimoiy paradigma sifatida shakllanish qonuniyatlari M.Rahmonqulov, T.Jo‘rayev, S.Otamuratov, I.Ergashev, Sh.Paxrutdinov6 kabi olimlarning tadqiqotlarida yoritilgan.
O‘zbekistonda ijro hokimiyati organlari tizimini demokratlashtirish yoki nomarkazlashtirishga doir nazariy jihatlar A.Oripov, B.Jo‘rayev, A.Begmatov, S.Doliyev, R.Madirimov7 kabi olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Ushbu olimlar davlat markaziy va mahalliy ijroiya hokimiyati tizimining huquqiy, siyosiy, tashkiliy masalalariga, bu sohada mamlakatimizda tobora chuqurlashib borayotgan islohotlar jarayonida joylardagi mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining roli, ular faoliyatining takomillashib borishi, boshqaruv jarayoniga yangicha yondashuvlar yo‘nalishi bo‘yicha tadqiqotlar olib borishgan. Shuningdek, ular tomonidan nomarkazlashtirish islohotlarida ijro hokimiyati organlari bilan o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi sheriklik, hokimlarning vakillik organlari oldidagi mas’uliyatini oshirish kabi jihatlar tahlil etilgan.
Yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, xususan, ijro hokimiyati tizimini modernizatsiyalash masalalari F.Jo‘raqulov, R.Jo‘rayev, K.Mirzaaxmedov, A.Abduxalilov, A.Nazarov, B.Berdiyev, J.Yusupov, A.Yusupov8 singari yosh tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilgan.
Yuqorida nomlari qayd etilgan tadqiqotchi olimlar tomonidan ijro hokimiyati faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan nazariy va amaliy jihatdan muayyan natijalarga erishilgan. Ammo ushbu natijalar bugungi kunda yanada rivojlantirilishi lozim, xususan, O‘zbekiston Respublikasida ijro hokimiyati tizimini demokratlashtirishda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartiblarini optimallashtirish zarurati alohida tadqiqot mavzusi sifatida yetarlicha o‘rganilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |