Birinchi bob bo‘yicha xulosa
Har bir davlatning taraqqiyotida ma’lum strategik rivojlanishning demokratik izchilligi mavjud bo‘lib, u siyosiy taraqqiyotning, xattoki boshqaruvda universal tamoyillarni amalga oshirish borasida ham o‘ziga xos shakl va uslublarni yuzaga keltiradi. Xususan, mahalliy boshqaruv tizimining rivoji, o‘z ahamiyatiga ko‘ra, ma’muriy uslublardan-sifat menejmenti tomon o‘tish yo‘nalishiga ega. Ushbu tizimning evolyutsion rivojini o‘zgarmas o‘zagi, ya’ni boshqaruv organlarining mavjudligi, ularning amaldagi ma’muriy vazifalar hamda tartiblarni bajarish faoliyati va takomillashuvi bilan bog‘liq boshqaruv obyektining o‘rganilib borilishini o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, mahalliy ijroiya faoliyati obyektining rivojlanishi sharoitida davlat boshqaruvining samarali harakatlanish tizimiga har tomonlama safarbar qilingan harakatchan boshqaruvchi kadrlar, shuningdek, aynan mos keluvchi davlat boshqaruvi apparati zarurligi boshqaruvi tamoyillarini chuqur tadqiq etish zaruriyatini vujudga keltiradi.
Dissertatsiya ishining dastlabki bo‘limida, mahalliy ijroiya hokimiyati tizimini tadqiq etishning konseptual metodologik asoslari haqida fikr yuritar ekanmiz, Sharq va G‘arb mutafakkirlarining ta’limotlarida ideal tasavvurlarning ta’siri ostida hokimiyat o‘rtasida chegaralangan ijtimoiy-madaniy jihatlarni kuzatish mumkin. Biroq, siyosiy qarashlar merosi-uning asosiy tamoyillarini madaniy jihatdan legitimlashtirish bo‘lib, bu siyosiy an’ana davlat qurilishi va boshqaruvi konsepsiyasining amaliyotida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Chunki siyosiy, madaniy izchillik davlat va mahalliy boshqaruvni demokratik yo‘nalishlarda mustahkamlanishiga imkoniyat beradi.
1. O‘zbekistondagi modernizatsiyalashning tarixiy tajribasini tahlildan o‘tkazish mamlakatdagi ushbu jarayonning oldinga intilishga ega bo‘lmagan xususiyatga egaligi to‘g‘risida xulosa chiqarishga imkon beradi. Puxta ishlangan siyosiy yo‘lning mavjud emasligi oldingi bosqichlar va davrlardagi modernizatsiya yutuqlarini rad etish siyosiy elita va puldor zotlarning ustuvor roli mamlakatdagi modernizatsiya jarayonlari uchun ancha samarasiz muhitni shakllantirgan holda jamiyat rivojlanishining ajralmas omillariga aylandi. Bugungi bosqichdagi mamlakatimizdagi modernizatsiyalashning xususiyatli jihati bu fuqarolik jamiyati bilan muloqotning taqchilligi sharoitida modernizatsiyalashni joriy etishning, bir tomonlama, vertikal xususiyatga ega ekanligidir.
2. Davlat boshqaruvining demokratik qiyofasi garchi jahon amaliyoti tomonidan ishlab chiqilgan mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy qarashlarining umumiy tamoyillari va normalari orqali aks etsa-da, aslida davlat boshqaruvining samarali modellari, baholash usullari milliy xususiyatlar negizida qayta tiklanadi va rivojlanadi.
3. Mahalliy boshqaruv jarayonlarini demokratlashtirishning ijtimoiy yo‘naltirilgan tabiatini mustahkamlash, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatida fuqarolarni muayyan huquqlarining ustuvorligi, qonun bilan mustahkamlanganligi, siyosiy maqsadga muvofiqligi va iqtisodiy afzalligi haqidagi zamonaviy g‘oyalarni boshqarish madaniyatini shakllantirishga karatilishi kerak.
4. Mahalliy boshqaruvning ijtimoiy samaradorligini oshirish, jamiyatning asosiy sohalarini barqaror, innovatsion rivojlantirish va shart-sharoit yaratish uchun har qanday yangi konseptual model quyidagi prinsipga asoslanishi lozim. Boshqaruv sohasining o‘zgaruvchan shartlarini muntazam monitoring qilish, yangi muammolar va qarama-qarshiliklarni aniqlash, siyosiy tizimni yanada demokratlashtirish va ularni boshqarish faoliyatida fuqarolar ishtirok etishini kengaytirish, zaruriy chora-tadbirlarni ishlab chiqishda boshqaruv subyektlarning o‘zaro hamkorligini tashkil qilishning kompleks yondashuvini joriy etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |