II bobga doir qisqacha xulosa:
Milliy mustaqillikning dastlabki davrida sobiq totalitar jamiyat qoldirgan meros mamlakat boshqaruv tizimi hamda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotining barcha sohalarini o‘ziga qamrab olgan edi. Mamlakatda, hattoki, fuqarolik jamiyatining unsurlari ham hali shakllanmaganligi, bu sohada tajribalarning yetishmasligi, demokratik qadriyatlar xalq mentalitetiga singmaganligi, yangi jamiyatning iqtisodiy asoslari shakllanmaganligi kabi yuzlab muammolar o‘z yechimini kutmoqda edi.
Mamlakatda davlat hokimiyati organlarini modernizatsiyalash faqat mustaqillik davrida fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish islohotlari bilan uyg‘unlikda boshlandi. Jamiyat hayotining siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarini erkinlashtirish barobarida ma’muriy sohada ham islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 9-dekabrdagi “Respublika boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi hamda 2003-yil 22-dekabrdagi “Xo‘jalik boshqaruv organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-yanvardagi “Hududiy davlat boshqaruvi organlarining tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi O‘zbekistonda ma’muriy islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Bu esa kadrlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va bu sohada ilmiy muassasalar faoliyatidan kengroq foydalanish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu qarorlarga binoan davlat boshqaruvini modernizatsiyalash asosan quyidagi yo‘nalishlarda olib borilishi mo‘ljallandi:
birinchidan, iqtisodiyotni boshqarishda davlat rolining keskin qisqarishi;
ikkinchidan, respublika darajasidagi vakolatlarning bir qismini mahalliy boshqaruv organlariga o‘tkazilishi;
uchinchidan, boshqaruv tizimini optimallashtirish, boshqaruvga oid vazifalarning takrorlanishiga barham berish, korxonalar faoliyatini asossiz nazorat qilinishiga chek qo‘yish, bozor mexanizmlari hamda shaxsiy tashabbuskorlik va xususiy tadbirkorlik rivojlanishiga xalal beruvchi ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, taqsimlash tizimini tugatish jarayonini yakunlashdir;
to‘rtinchidan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari xodimlari sonining optimal darajada qisqartirilishi;
beshinchidan, axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish asosida davlat boshqaruvi tizimini bosqichma-bosqich zamonaviylashtirish hamda uning samaradorligini oshirish, zamonaviy ma’muriy-huquqiy baza yaratish, o‘quv tizimini qayta ko‘rib chiqish, ilg‘or xorijiy tajribalarni e’tiborga olgan holda kadrlarni tanlash va yollash uslublarini qo‘llash, ularni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga yuklatilgan vazifalarning ijrosini baholash shakllarini takomillashtirish orqali davlat xizmatini isloh qilishdir73.
Modernizatsiyalashning asosi – ma’muriy islohot davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari xodimlarining professional mahoratlarini oshirishni, ularni tanlash, tayyorlash va davlat apparatining mavjud holati hamda istiqboldagi rivojini hisobga olgan holda ulardan oqilona foydalanishni talab etadi. Boshqaruv tizimini takomillashtirish o‘z navbatida boshqaruv organlariga qabul qilinayotgan xodimlarning yuqori darajada tayyorgarlikdan o‘tishi, ularning bilim, malaka va yetarli tajribaga ega bo‘lishini taqozo etadi.
O‘zbekistonda shakllangan mahalliy boshqaruv o‘z ma’nosidan ham ko‘rinib turibdiki, faqat mahalliy, ya’ni tuman, shahar yoki o‘zini o‘zi boshqarish organlari darajasida amalga oshirilmoqda. Mahalliy darajadagi ma’muriy boshqaruv markaziy hokimiyat tomonidan berilgan muayyan vakolatlar va funksiyalar asosida amalga oshiriladi, shu bilan birga, mahalliy boshqaruv markaziy boshqaruv organi oldida mas’ul bo‘lgan boshqaruv tizimi (hokimliklar) tomonidan amalga oshiriladi. Mahalliy boshqaruvning asosiy vazifasi davlat va xalq irodasi asosidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishdir. Shuningdek, mahalliy boshqaruv organlari xalq tomonidan saylab qo‘yiladigan mas’ul shaxslar va organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Hozirgi davrga kelib davlat boshqaruvini demokratlashtirish vazifalaridan kelib chiqib markaziy davlat hokimiyatining ba’zi vakolatlarini mahalliy boshqaruv organlariga berishga doir islohotlar amalga oshirilmoqda. Boshqacha aytganda, mintaqaviy hokimiyat organlari mamlakatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini boshqarishda mustaqil va faol subyektlar bo‘lishiga muhim ahamiyat berilmoqda.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining yashashini ta’minlash uchun davlat hokimiyati organlarini modernizatsiyalashning asosiy shart-sharoitlari sifatida quyidagi sohalarda islohotlar strategiyasini belgiladi: davlat hokimiyati vakolatlarini chegaralash, fuqarolik jamiyati institutlariga jamiyatda o‘zini o‘zi boshqarish uchun qanchalik zarur bo‘lsa, shunchalik yetarli vakolatlar berish. O‘zbekistonda mahalliy hokimiyat organlari vakolatlarining ma’lum bir qismini markazdan mahalliy hokimiyat organlariga o‘tkazish masalasi mahalliy hokimiyatni nomarkazlashtirish jarayoni bosqichlarining asosiy qismi bo‘lib, bu vazifalarni amalga oshirishda xalqaro tajribani ham o‘rganish bu sohadagi jahon tajribasini amaliyotga keng tatbiq etish masalalari ham bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.
Xulosa qilib aytganda, istiqbolda qonun chiqaruvchi hokimiyatning ham, ijro etuvchi hokimiyatning ham mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga kirishini, xalqimizning munosib hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgan faoliyatining kelishilgan holda amalga oshirilishida o‘zining samarali natijasini beradi. Rivojlanishning “O‘zbek modeli”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish mamlakatda fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurishni ta’minlab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |