JK 50-moddasi 8-qismi asosida «Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga nisbatan:
o‘ta og‘ir jinoyat uchun va o‘ta xavfli retsidivist deb topilganlarga jazoni qattiq tartibli koloniyalarda;
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat, ehtiyotsizlik oqibatida uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlarga nisbatan jazoni manzil koloniyalarda;
boshqa jinoyatlar uchun jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash tayinlanadi».
JK 50-moddasi 9-qismi qoidalariga muvofiq, «Turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilish, jazoning muayyan qismiga, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga:
o‘ta xavfli retsidivistlarga;
og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan tayinlanishi mumkin».
Sud hukmida jazoni ijro etish koloniyasining turini belgilash jazoni ijro etishning majburiy sharti bo‘lib, ushbu belgilashning yo‘qligi jinoyat qonunchiligining hukmni bekor qilishga olib keluvchi jiddiy buzilishi deb qaralishi kerak. Tegishli jazoni ijro etish muassasasini tayinlash va tanlash hukmni chiqarayotgan sudning vazifasi va vakolatidir. Bunda sudlar ushbu masalaning hal etilishiga ayniqsa har tomonlama yondashib, bu hol umuman jazoning samarli bo‘lishiga o‘ta katta ta’sir ko‘rsatishini inobatga olishi lozim.
Shuni aytib o‘tish lozimki, shaxsning muqaddam ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘taganligi va yana qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganligi (JK 50-moddasi 7-qismi «v» bandi), shuningdek, shaxsning o‘ta xavfli retsidivist deb tan olinishi kabi jazoni ijro etish koloniyasini tanlash mezonlari haqiqiy bo‘lishi lozim. Boshqacha
aytganda, birinchi holatida muqaddam qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik muddati o‘tmagan yoki bekor qilinmagan sudlanganligining mavjudligi aniqlanishi kerak, shaxsning o‘ta xavfli retsidivist deb tan olinishi yuzasidan esa shaxsni shunday shaxs deb tan oluvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirgan bo‘lishi lozim.
Shunga e’tibor berish lozimki, quyidagi shaxslar muqaddam sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘tagan sudlangan shaxslar sifatida tan olinmaydi:
JK 46-moddasi 4-qismi qoidalariga muvofiq axloq tuzatish ishlarining almashtirilishi tartibida ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tagan;
sud hukmi bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilish qatorida bo‘lgan, agar kassatsiya yoki nazorat tartibida hukm bekor qilinib ish tugatilgan bo‘lsa yoxud hukm o‘zgartirilgan va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yoki shartli jazo tayinlangan bo‘lsa;
ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm etilgan, lekin amalda afv etish yoki amnistiya tufayli, jinoiy javobgarlikka tortishning muddati tugaganligi tufayli yoki ushbu shaxs ilgari sodir etgan qilmishning jazoga sazovorligi yo‘qolganligi munosabati bilan sud hukmining ijro etilmaganligi sababli amalda jazo o‘tamagan;
muqaddam ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish muddati ichida ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslar, chunki ular axloq tuzatish muassasalarida jazoni o‘tamaganlar;
jazodan ozod etilgan shaxslar1.
Sudlangan shaxs bir necha jinoyatni sodir etganda koloniyaning turini belgilashda sud jinoyatlarning majmui bo‘yicha jazolarni qo‘shish yo‘li bilan belgilanadigan yakuniy jazo muddatidan kelib chiqishi lozim. Bunda koloniyaning muayyan turi sodir etilgan jinoyatlarning turiga bog‘liq ravishda tanlanadi.
JK 50-moddasi 11-qismida «Sud tomonidan jazoni manzil koloniyada o‘tashi tayinlangan mahkum saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topilgan taqdirda, sud uni jazoning o‘talmagan qismi muddatiga umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazadi», deb belgilangan.
1 Қаранг: Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 2006 йил 3 февралдаги «Судлар томонидан жиноят учун жазо тайинлаш амалиёти тўғрисида»ги 1-сонли қарори, 10-банд // Тўплам, 2-жилд. – 228-б.
Jazoni o‘tash tartibini kamida ikki marta qo‘pol tarzda buzgan va buning uchun intizomiy bo‘linmaga kiritib qo‘yish tariqasidagi jazoga tortilgan mahkum, agar har bir intizomiy jazo belgilangan tartibda olib tashlanmagan yoki bekor bo‘lmagan bo‘lsa, saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb hisoblanadi (JIK 112-moddasi 1-qismi).
JK 50-moddasi 9-qismiga muvofiq, mahkumga turmada saqlash tarzidagi ozodlikdan mahrum etish tayinlanishi mumkin. Turma eng qattiq tartibi bilan ajralib turadi va shuning uchun mahkum huquqiy holatining qattiqroq cheklanishlari mavjud bo‘ladi. Shu sababli ushbu turdagi jazoni ijro etish muassasasining jazo o‘tash uchun tanlanishi faqat ayrim holatlarda mahkumlarning ba’zi toifalariga nisbatan (o‘ta xavfli retsidivistlar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda aybdor bo‘lgan va ularni sodir etganligi uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm etilgan shaxslar), mahkumlarga boshqacha ta’sir etish usullari bo‘lmaganda qo‘llanishi lozim. Turmani ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘tash joyi sifatida tayinlash lozimligi albatta sud hukmida asoslantirilishi lozim.
Turmaga qamash jazo muddatining faqat bir qismiga tayinlanadi, shu sababli sud o‘z hukmida, shuningdek, mahkum jazoning qolgan muddatini o‘tashi kerak bo‘lgan koloniyaning turini ham belgilashi lozim, bunda koloniyaning turini belgilash JK 50-moddasi 7- yoki 8-qismida ko‘rsatilgan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Turmaga qamash tarzidagi ozodlikdan mahrum etish tayinlanishi majburiy tartibda turmada jazo o‘talishi kerak bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda bo‘lishi lozim, bunda ushbu muddatni ko‘rsatmaslik jinoyat qonunchiligining hukmni bekor qilishga olib keluvchi jiddiy buzilishi ekanligini nazarda tutish lozim. Bu holda sud qonunga muvofiq turmada jazoni o‘tashga faqat jazo muddatining bir qismi mobaynida, lekin ko‘pi bilan besh yil davomida yo‘l qo‘yilishiga e’tibor berishi lozim. Qonunning ushbu ko‘rsatmasi imperativ bo‘lib, sud tomonidan buzilishi mumkin emas. Bunda shuni qayd etish lozimki, turmada jazo o‘tash uzluksiz turda bo‘ladi, ya’ni sud tomonidan belgilanadigan muddat bir davrdagi turmada qamoqda saqlashdan kelib chiqib hisoblanishi lozim, birgalikdagi jami
hisoblashga yo‘l qo‘yilmaydi (masalan, umumiy o‘n besh yilga ozodlikdan mahrum etish tayinlanganda har uch yilda bir yil davomida turmada saqlash sharti bilan turmada besh yil qamoqda saqlash mumkin bo‘lmaydi). Shuningdek, muddatning qolgan qismiga turmaga qamashni tayinlash ham mumkin emas – qamoqda saqlash avvaldan, sud hukmining ijro etilishi boshlanishidan o‘talishi lozim.
Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan shaxslarga turmaga qamash ularning umumiy tayinlangan jazo muddati besh yildan ortiq bo‘lishi sharti bilan tayinlanishi mumkin. Bunda turmaga qamash muddati umumiy ozodlikdan mahrum etish muddatining to‘rtdan bir qismidan ortiq bo‘lmasligi maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |