Ozodlikdan mahrum etish sudlangan shaxslarga nisbatan qo‘llanadigan eng og‘ir va ommaviy jazo turidir. JKda u bir necha turi bilan ifodalangan: umrbod ozodlikdan mahrum etish va muayyan muddatga ozodlikdan mahrum etish, uning ichida jazoni uzoq muddat davomida o‘tash bilan bog‘liq bo‘lmagan ozodlikdan mahrum etish va uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish. O‘z mohiyatiga ko‘ra bu turlarning barchasi sudlangan shaxsni jamiyatdan maxsus muassasalarga joylashtirib ajratish, uning huquqiy holatini cheklashdan iborat.
Sudlangan shaxslarning huquqiy holatini cheklash ozodlikdan mahrum etishda majmuiy tarzda bo‘lib, jismoniy va ruhiy ajratish elementlarini, shuningdek, belgilangan ajratishga rioya qilish maqsadida sudlangan shaxsga nisbatan amalga oshiriladigan boshqa huquqlar va
erkinliklar cheklanishini qamrab oladi. Xususan, ushbu mahrum etish mehnat faoliyatini tanlashni qisqartirish, dam olish va mehnat qilish vaqtini belgilab berish, harakatlanish erkinligini cheklash, uchrashuvlar, posilkalar, jo‘natmalar olish imkoniyatini cheklashda ifodalanadi. Bundan tashqari, ozodlikdan mahrum etishga hukm etilganlarga boshqa tuzatish va profilaktik ta’sir ko‘rsatish choralari ham qo‘llanadi.
Ozodlikdan mahrum etishning mazkur turlari o‘rtasidagi farqlar ularning muddatlari, jazoni o‘tash rejimi, shuningdek, sudlangan shaxsga ma’naviy ta’sir etish darajasidan iborat bo‘ladi.
Sud amaliyotida keng tarqalgan jazo turi JK 50-moddasida nazarda tutilgan muayyan muddatga ozodlikdan mahrum qilishdir (Ozodlikdan mahrum qilish).
NOTA BENE !
Ozodlikdan mahrum qilish sud tomonidan belgilangan muddatga mahkumni jazoni ijro etish koloniyasi yoki turmaga joylashtirish orqali jamiyatdan ajratishdan iborat.
JK 50-moddasi 1-qismiga muvofiq, ozodlikdan mahrum qilish, avvalambor, mahkumni jamiyatdan ajratishdir. Ozodlikdan mahrum qilish jinoyat sodir etgan shaxslarga ta’sir qilishning katta imkoniyatlariga ega bo‘lib, uni to‘g‘ri qo‘llash qanchalik ijobiy natija bersa, noto‘g‘ri qo‘llanganda shunchalik salbiy natija beradi. Bularning barchasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ayniqsa, sudlarga, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llashda katta mas’uliyat yuklaydi.
«Ozodlikdan mahrum qilish jazo tariqasida, odatda, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslarga, alohida hollarda esa, sudlanuvchining shaxsini inobatga olgan holda, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir qilgan shaxslarga nisbatan, agar bunday shaxslarni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatishning imkoni bo‘lmasa, qo‘llaniladi. Ushbu jazo turini qo‘llash sabablari hukmda asoslantirilishi shart» 1.
1 Қаранг: Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 2006 йил 3 февралдаги «Судлар томонидан жиноят учун жазо тайинлаш амалиёти тўғрисида»ги 1-сонли қарори, 26-банд // Тўплам, 2-жилд. 232–233-б.
Ozodlikdan mahrum etish u tegishli moddaning sanksiyasida nazarda tutilmagan holda tayinlanishi mumkin emas. Ayni paytda ozodlikdan mahrum etish jazosi axloq tuzatish ishlarining ijro etilishidan bo‘yin tovlagan holda ularni almashtirish tartibida qo‘llanishi mumkin.
Mahkumning maqomi cheklanadigan muddat ozodlikdan mahrum etishning markaziy elementlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Ozodlikdan mahrum etish muddati oylar va yillar bilan hisoblanadi. JK 50-moddasi 2-qismi asosida ozodlikdan mahrum etish (uzoq muddatli jazoni o‘tash bilan bog‘liq bo‘lmagan) bir oydan yigirma yilgacha muddatga belgilanadi. JK 50-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etishning uzoq muddati «ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoning bir turi bo‘lib», yigirma yildan ortiq, lekin yigirma besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga tayinlanishi mumkin 1. Shunday qilib, muayyan muddatga ozodlikdan mahrum etishning eng kam va eng ko‘p muddatlari tegishincha bir oy va yigirma besh yilni tashkil etadi. Bunda ozodlikdan mahrum etishni qo‘llashning eng kam muddati sud tomonidan hech qanday vaziyatda buzilishi mumkin emas (jumladan, JK 57-moddasi qoidalariga muvofiq, jazoning eng kamidan ham kamroq jazo tayinlashda), JK 44-moddasi 4-qismida aytib o‘tilgan vaziyat, mahkum axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlaganda sud axloq tuzatish ishlarining o‘talmagan muddatini xuddi shunday muddatdagi ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirishga majbur bo‘lgan vaziyat bundan mustasno. Ozodlikdan mahrum etishning ko‘rsatilgan eng ko‘p chegarasi yuzasidan (25 yil), birinchidan, JK 50-moddasi 3-qismi asosida ushbu muddat uzoq muddatli bo‘lib, alohida bir jinoyatni sodir etish uchun jazoni tayinlashda faqat og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish (JK 97-moddasi 2-qismi) va terrorizmning og‘irlashtiruvchi tarkibi (JK 155-moddasi 3-qismi) uchun tayinlanishi mumkinligini; ikkinchidan, JK 50-moddasi 5-qismiga muvofiq, yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish JK 60-moddasida nazarda tutilgan bir necha hukmlar yuzasidan jazo tayinlash qoidalari bo‘yicha jazolarni qo‘shib hisoblagan holda tayinlanishi mumkinligini; va, uchinchidan, mazkur
1 Қаранг: Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 2007 йил 14 ноябрдаги «Умрбод озодликдан маҳрум қилиш тариқасидаги жазони қўллашнинг айрим масалалари тўғрисида»ги 15-сонли қарори, 2-банд, 1-хатбоши.
jazoning eng ko‘p chegarasi JK 76-moddasi 3-qismi asosida umrbod ozodlikdan mahrum etishning afv etish tariqasida ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirilgan holda yigirma besh yilga yetishi mumkinligini sudlar nazarda tutishlari lozim. Qolgan barcha hollarda ozodlikdan mahrum etishning eng ko‘p chegarasi yigirma yildan oshmasligi lozim.
Ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni tayinlaganda sudlar mazkur davlat majburlov chorasi mahkumga nisbatan qo‘llanishi lozim bo‘lgan muddatni aniq belgilashi lozim. Bunda sud tomonidan muddatni tayinlash aybdor sodir etgan jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi JK Maxsus qismining tegishli modda sanksiyasi doirasida amalga oshirilishi lozim.
Sud hukmida mahkum ozodlikdan mahrum etilayotgan muddatning ko‘rsatilmaganligi jinoyat qonunining jiddiy buzilishi bo‘lib, hukmni bekor qilishga olib keluvchi asos ekanligini inobatga olish lozim. Ayni paytda bir necha jinoyatni sodir etganlik uchun jazo tayinlashda (JK 59- moddasi) sud har bir modda bo‘yicha tayinlanadigan jazoni alohida ko‘rsatishi va tayinlangan jazolarni qo‘shish orqali jamlangan jazoning umumiy muddatini ko‘rsatishi lozim.
Ozodlikdan mahrum etishning muddati jazoni individuallashtirishning va shu bilan ushbu chora samarali bo‘lishining muhim vositasi hisoblanadi. Shu munosabatda ozodlikdan mahrum etishning qisqa muddatlarini tayinlash (olti oydan bir yilgacha) yetarli darajada samara bermaydi, chunki ushbu choraning sudlangan shaxsga ta’siri o‘ta cheklangan bo‘ladi. Shu sababli sudlar qisqa muddatli jamiyatdan ajratishni qo‘llash masalasiga puxta yondashib, uni sud hukmida albatta asoslab berishi lozim 1. Bunday hollarda ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni, masalan, jarima, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari kabi choralarni qo‘llash lozim, chunki ular sudlangan shaxsga ijobiy ta’sir etishning ko‘proq darajasiga ega bo‘lishini nazarda tutish lozim.
1 Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 2006 йил 3 февралдаги «Судлар томонидан жиноят учун жазо тайинлаш амалиёти тўғрисида»ги 1-сонли қарорининг 29-бандига мувофиқ, судлар қисқа муддатга (бир йилгача) озодликдан маҳрум қилиш жазосини қўллашда ишнинг барча ҳолатларидан, айбдорнинг шахсидан келиб чиқишлари ва озодликдан маҳрум қилиш билан боғлиқ бўлмаган жазо қўлланилиши имконияти йўқлиги сабабларини ҳукмда асослантиришлари лозим // Тўплам, 2-жилд. 233-б.
Ozodlikdan mahrum etishning qisqa muddatlarini ayollar, nogironlar va qariyalarga nisbatan qo‘llash ko‘proq maqsadga muvofiq bo‘ladi, albatta, mahkumlarning ushbu toifasini jamiyatdan ajratmagan holda tuzatishning imkoni bo‘lmasa.
Ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni qo‘llash quyidagi holatlarda kerakli ijobiy ta’sirga ega bo‘ladi:
og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ushbu chora tanlanganda. Bunda ozodlikdan mahrum etish tarzida jazoni tayinlash masalasi sud hukmida barcha og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda har tomonlama asoslantirilgan bo‘lishi kerak. Sud hukmida, agar jinoyat qonuni sanksiyasi boshqa jazo choralarini nazarda tutgan hollarda, shuningdek, albatta ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazo qaysi holatlar asosida tayinlanishi ham asoslantirilishi lozim. Bunda sudlar ayollarga jazo tayinlashda alohida e’tibor berishi lozim;
mazkur chora jinoiy guruh tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga, respublikada vaziyatni beqarorlashtirishda aybdor deb topilgan ekstremistlarga, retsidivistlarga qo‘llangan holda. Shu bilan birga, adashgan holda ekstremistik guruhlarga ilk bor tushib qolgan, shuni anglab yetgan va chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan shaxslarga jazoni tayinlashda sudlar yengilroq jazolarni, shu jumladan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni tayinlashlari lozim;
iqtisodiyot sohasidagi ayrim jinoyatlarni sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxslarga, ya’ni «tovlamachilar, o‘zga mulkni talon-toroj qilganlar, soliqlarni muttasil to‘lamagan shaxslarga, o‘z harakatlari bilan davlat, jamiyat manfaatlariga yoki fuqarolarning huquqlari va manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan mansabdor shaxslarga, jinoiy guruhlarning tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga» 1 ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlash. Ayni paytda iqtisodiyot sohasida jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga ozodlikdan mahrum etish tarzida jazoni favqulodda holatlarda tayinlash lozimligini inobatga olish kerak, bu sud hukmida
1 Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 1998 йил 17 апрелдаги «Иқтисодиёт соҳасидаги жиноий ишлар бўйича суд амалиётида юзага келган айрим масалалар тўғрисида»ги 11-сонли қарорининг 29-бандига кўра, судлар, жазо тайинлашга индивидуал ёндашиш тамойилларига риоя қилган ҳолда мазкур шахсларга нисбатан қаттиқ жазоларнинг қўлланилишини таъминлашга мажбурдирлар // Тўплам, 1-жилд. 124-б.
asoslantirilishi lozim. Bu shaxslarga jarima, muayyan huquqlardan mahrum etish shaklida jazolarni qo‘llash samaraliroq bo‘lishi mumkin;
shu turdagi jazoning giyohvand moddalari yoki psixotrop moddalarni sotuvchilar, bu bilan muntazam va yirik miqdorda shug‘ullanuvchi sotuvchilariga, giyohvandlik moddalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarning tashkilotchilari va faol ishtirokchilari, O‘zbekiston Respublikasiga giyohvand moddalarini olib kirish yoki uning hududi orqali tranzit qilinishini ta’minlaydigan shaxslarga yoki ularni boshqa usullar bilan tarqatuvchi shaxslarga, shunga o‘xshash jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan, bu jinoyatlarga voyaga yetmaganlarni jalb etuvchi shaxslarga nisbatan qo‘llanishi 1 va hokazolar;
shu turdagi jazoning «O‘zbekiston Respublikasi hududiga qurolning noqonuniy olib kirilishida aybdor bo‘lgan, jangovar qurol-yarog‘larni yoki qurolni sotish maqsadida sotib oladigan yoki tayyorlaydigan, shuningdek, ularni sotadigan, ularni saqlash joylaridan, hokimiyat vakillaridan, harbiy xizmatchilardan o‘g‘irlaydigan, quroldan og‘ir jinoyatlarni sodir etish uchun foydalanadigan shaxslarga2» nisbatan qo‘llanishi;
ishlash va yashash joyiga ko‘ra, turmushida nihoyatda salbiy tavsiflanadigan shaxslarga; alkogolizm yoki giyohvandlikka duchor bo‘lgan, ma’naviyatga zid turmush tarzini kechirayotgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosining qo‘llanishi.
Uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishining samaradorligi yuzasidan Oliy sud Plenumi quyidagicha tushuntiradi: ushbu muddat sud tomonidan jinoyatlarning ayrim turlari uchun (og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish, odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan terrorizm), «qonunga muvofiq (masalan, tamom bo‘lmagan jinoyat uchun) umrbod ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni tayinlash istisno etilgan holatlarda, shuningdek, ish holatlariga ko‘ra sud aybdor shaxsga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum etish yoki o‘n besh yildan yigirma yilgacha muddatdagi ozodlikdan
1 Қаранг: Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 1995 йил 27 октябрдаги «Гиёҳвандлик воситалари ёки психотроп моддалар билан қонунга хилоф равишда муомала қилишга оид жиноят ишлари бўйича суд амалиёти ҳақида»ги 21-сонли қарори, 17-банд, 2-хатбоши // Тўплам, 1-жилд. 41-б.
2 Қаранг: Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 1996 йил 27 февралдаги «Қонунга хилоф равишда қуролга эгалик
қилиш тўғрисидаги ишлар бўйича суд амалиёти ҳақида»ги 3-сонли қарори, 13-банд, 1-хатбоши // Тўплам, 1-жилд. 49-б.
mahrum etish tarzidagi ozodlikdan mahrum etishni tayinlash maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosaga kelgan hollarda» 1 tayinlanishi mumkin.
Sudlar qariyalarga, nogironlarga, ayollarga, 18 yoshgacha bo‘lgan yoshda jinoyat sodir etgan shaxslarga, shuningdek, javobgarligini jiddiy yengillashtiruvchi boshqa holatlarda jinoyat sodir etgan aybdor shaxslarning boshqa toifalariga ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni tayinlash masalasiga alohida e’tibor bilan yondashishi kerak. Sudlar uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etish uchun jazoni tayinlashda ham xuddi shunday e’tibor berishi lozim, aytib o‘tilgan holatlarning har birida sud dastavval yengilroq, jamiyatdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni tayinlash masalasini muhokama qilishi lozim. Bunga qo‘shimcha ravishda, muqobil sanksiyalar mavjud bo‘lgan holda ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni tayinlash masalasini muhokama qilish sudlar uchun majburiydir.
Do'stlaringiz bilan baham: |