Do‘mbira – Markaziy Osiyoda qadimdan mavjud bo‘lgan torli cholg‘u. Uning yaratilishi eramizdan avvalgi davrlarga borib taqaladi. Afrosiyobda, Qo‘y qirilgan qal’ada olib borilgan arxeologik qazilmalar paytida do‘mbirasimon cholg‘ularning ilk tasvirlari va haykalchalari topilgan. Do‘mbira – baxshilarning eng yaqin hamrohidir. Hozirda bizda qo‘llanilayotgan do‘mbiralar juda kam o‘zgarishga uchragan.
Do‘mbira dutorga o‘xshab ikki tordan iborat. Dutordan farqli ravishda do‘mbiraning kosasi kichikroq va dastasi kaltaroq bo‘ladi. U tut, yong‘oq, yoki o‘rik daraxtidan yasaladi. Do‘mbiraning dastasi maxsus pardalar bilan bog‘lanmagan. Cholg‘u torlari kvarta, kvinta intervallariga sozlanadi. Diapazoni ikki oktavani qamrab oladi. Cholg‘uning xarragi qattiq tut yoki yong‘oqdan yasaladi. Do'mbiraning torlari plastik iplardan yasaladi. Qadimda cholg‘u torlari ichakdan, keyinchalik asa ipakdan eshilgan.
Do‘mbirada ikki tor bir vaqtda yoki alohida-alohida chertiladi. Bu ijrochi baxshilarning badihasiga bog‘liq.
O‘zbekistonda do‘mbira Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand vohalarida baxshi-shoirlar ijrochilik amaliyotida keng qo‘llaniladi.
Qozoq xalqida ham do‘mbira cholg‘usi eng asosiy musiqiy cholg‘ulardan biri hisoblanadi. Qozoq do‘mbirasi zamon ta’sirida o‘zgartirilib, qovurg‘ali kosaxona va bog‘lama pardalarga ega bo‘lgan cholg‘udir. Bizdagi ko‘rinishidagi cholg‘ular ham ularda saqlanib qolgan. Faqat, uni qozoqlar «chertar» deb ataydilar1.
1.3. Torli – mizrobli cholg‘ular
Torli mizrobli cholg‘ular guruhiga ud, qashqar rubobi, afg‘on rubobi, tanbur, qonun kiradi.
Ud – qadim zamonlardan mashhur bo‘lgan torli cholg‘udir. Ud cholg‘usi arab mamlakatlarida o‘sadigan noyob ud ( shifobaxsh va xushbo‘y hid taratadigan shamshod) daraxtidan yasalgan. Shuning uchun ham ud degan nomni olgan. A.Odilov udning ikkinchi ma’nosi ham borligini, u bayram, to‘y-tomosha, xursandchilikni ifodalovchi «iyd» iborasi bilan bog‘liqligini aytib o‘tadi.
Ud keng rezonatorli katta kosa va kichik dastadan iborat. Kosa odatda bir-biriga yopishtirilgan 10-12 ta qovurg‘asimon taxtachalardan yasaladi va ustiga qopqop yopishtiriladi. Qopqoqda ovoz harakatini ta’minlab beruvchi uchta teshik bo‘lib, ular naqshlar bilan bezatiladi. Cholg‘u xarragi ham qopqoqqa zich holatda yopishtiriladi.
Ud dastasining boshlang‘ich qismida quloqlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular 11 ta torni tortib turadi. Quloqlarning beshtasi o‘ng tomonda, oltitasi chap tomonda joylashgan.
Ud 5 ta just va bitta toq torlardan iborat. Cholg‘uning torlari avvallari ipdan eshilib tayyorlangan. Hozirgi kunda yuqoridagi uch huft torlar sun’iy ichakdan yoki pishiq sun’iy toladan (kaprondan) qilinadi. Pastki torlari esa pishitilgan ipak ustidan mis sim o‘ralgan holda tayyorlanadi. Ud maxsus mizrob bilan chalinadi.
Afrosiyob, Xorazm, So‘g‘d va Baqtriyada olib borilgan arxeologik qazilmalar paytida topilgan er.av.III-I asrlarga oid terrakota, friz va boshqa topilmalarda ud cholg‘usi eng ko‘p tasvirlangan. Bu tasvirlar o‘sha paytlarda uch va to‘rt torli udlar keng tarqalganligi haqida guvohlik beradi.
Tarixiy manbalarga ud cholg‘usi barbat musiqa cholg‘usining takomillashgan ko‘rinishi ekanligi aytib o‘tiladi. O‘.Toshmatov,S.Turatovlarning “Ko‘hna cholg‘ular ijrochiligi” kitobida ud – barbat cholg‘usi haqida quyidagilarni o‘qiymiz: “Farmerning fikriga ko‘ra VI-VII asrlarda barbat butun yog‘ochdan yasalib, unga 4 dona ipak tor tortilgan.
VIII asrga kelib barbatning kosaxonasi alohida, dastasi va deka qismi alohida yog‘och bo‘laklardan yasala boshlangan. Bunda uning eng asosiy qismi bo‘lgan kosaxonasi “qovurg‘a” uslubida tayyorlana boshlangan (bunday takomillashuvning muallifi sifatida manbalarda fors musiqashunosi va musiqachisi Zalzal keltiriladi). Uning torlarining soni 5 taga yetkazilib, dastlab ushbu 5-tor ichakdan, keyinchalik mis simdan tayyorlana boshlagan”1.
Abu Nasr Forobiy o‘zining “Musiqa haqida katta kitob”ida musiqa cholg‘ulari haqida gapirar ekan, ud cholg‘usini eng mukammal cholg‘u deb ta’riflaydi. O‘sha davrda ud to‘rt torli ekanligini, unga beshinchi torni qo‘shsa yangrashi yanada chiroyli chiqishini aytib o‘tadi. Forobiyning bunday fikrlashi ayrim olimlarni, jumladan Abdurahmon Jomiyni ud cholg‘usiga Forobiy beshinchi torni kiritgan degan xulosaga olib keladi. Biroq ud cholg‘usiga beshinchi tor Forobiydan oldingi davrda al Kindiy (taxminan 790-847) tomonidan kiritilganligi, u xayvon ichagidan eshilgan holda tayyorlanganligi va yog‘ochdan yasalgan mizrob (plektr) o‘rniga suyakdan yasalgan mizrob ishlatila boshlangani to‘g‘risida T.Vizgoning “Muzikalnie instrumenti Sredney Azii” kitobida ta’kidlab o‘tiladi. A.Petrosyans ud takomillashmasidan oldin mizrob o‘rniga pat bilan chalinganligi haqida ma’lumot beradi. T.Vizgo adabiyotida Abu Ali ibn Sino ud cholg‘uning eski nomi, ya’ni barbat nomi bilan ta’riflaganligi aytiladi. Al Xorazmiy ham barbat – bu ud cholg‘usi ekanligi, bar – ko‘krak, bat – o‘rdak, ya’ni o‘rdak ko‘krak ekanligini yozgan. Safiuddin Urmaviyning (XIII asr) “Risolatun ash Sharafiya” asarida ud cholg‘usi o‘sha davrda eng mukammal cholg‘u bo‘lganligi, unda beshta juft tor mavjudligi, torlar kvarta oralig‘ida sozlanishi, udning 7 ta parda mavjudligi haqida ma’lumot berilgan. Darvesh Ali Changiy (XVII asr) udni cholg‘ular “Shohi” deb ataydi. Udning o‘n ikki tori bo‘lganligini, Farobiy davridagi dastlabki uddan biroz farq qilishini aytib o‘tadi.
XVII asrga kelib ud cholg‘usining o‘rnini boshqa cholg‘ular egallay boshladi va amaliyotda nisbatan kam qo‘llanila boshlandi. XX asrning boshlarida unutila boshlangan bu cholg‘u asrning 80- yillariga kelib ijrochilikda amaliyotida qayta tiklandi. Bugungi kunda ud cholg‘ular ansamblida, akkanavoz ko‘rinishda keng qo‘llanilmoqda. Uning O‘zbekistonda qayta tiklanishida mohir sozanda Rifatilla Qosimovning xizmatlari e’tiborlidir.
Tanbur – qadimiy musiqa cholg‘ularidan biri. Forobiy tanbur o‘z sadosiga ko‘ra udga eng yaqin cholg‘u ekanligini aytadi. Allomaning kitobida tanburning ikki xil turi haqida aytib o‘tiladi. Ular “xuroson tanburi” va “bag‘dod tanburi” bo‘lib, har ikkovi ikkitadan torga ega bo‘lgan. Bag‘dod tanburida bor-yo‘g‘i 5 ta bog‘lama parda, Xuroson tanburida esa 5 ta asosiy va 13 tagacha qo‘shimcha pardalari bo‘lgan. Xuroson tanburining hozirgi ko‘rinishdagi turi hozirda faqat o‘zbeklar, uyg‘urlar va tojiklarda uchraydi.
Tanbur ikkita so‘zdan iborat bo‘lib, tan – tana, yurak, qalb va bur – (kesish so‘zidan) tirnovchi, ya’ni dilni tirnovchi ma’nosini anglatadi. Tanbur odatda tut daraxtidan yasaladi. Uning kosasi noksimon shaklda o‘yib yasaladi va unga maxsus tayyorlangan yoysimon shakldagi qopqoq qoplanadi. Qopqoqning ikki chetiga to‘rtta teshik teshib qo‘yiladi. Ular ovozning bir me’yorda taralishiga xizmat qiladi.
Cholg‘u dastasining bir tomoni kosaga ulanadi, boshlanish tomonida esa torlar tortib turadigan to‘rtta quloq joylashgan. Dastaga 16 ta parda bog‘langan bo‘lib ular ichakdan eshib tayyorlanadi. Undan tashqari 6 ta xas parda mavjud bo‘lib, ularning ikkitasi dastaga va to‘rttasi qopqoqning ustki qismiga (bog‘langan pardalarning davomiga) yopishtirib qo‘yiladi.
Tanburga 4 dona metall sim tortilgan bo‘lib, kuylar asosan uning birinchi torida ijro etiladi. Torlarni chertish uchun o‘ng qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘iga maxsus moslama – noxun kiydiriladi. Qadimda noxundan foydalanilmasdan o‘ng qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ining tirnog‘i o‘stirilib ham ijro etilgan.
Tanbur pardalari diatonic tovushqatorga asoslangan. Lekin cholg‘uni qayta ishlash jarayonida xromatik tovushqatoriga ega bo‘lgan tanbur ham yaratildi. Bu tanburlarning tovushi an’anaviy tanburdan bir oz farq qiladi. An’anaviy tanburga xos bo‘lgan nolalarni xromatik tanburda ijro etish imkoniyati chegaralangan.
Tanbur Shashmaqom, Xorazm, Farg‘ona–Toshkent maqom yo‘llari ijrosida musiqani yetaklovchi, boshlovchi cholg‘u hisoblanadi. Hozirda mahalliy ustalar tomonidan tanburning bir oz boshqacharoq ko‘rinishlari ham tayyorlanmoqda.
Ma’rufjon Toshpo‘latov, Sulton Tanbur, Rixsi Rajabiy, Matyusuf Xarratov, Gabriel Mullaqandov, Abdumutal Abdullayev, Turgun Alimatovlar tanbur ijrochiligida nom qoldirdilar.
Qonun – Markaziy Osiyo xalqlari orasida keng ommalashgan musiqiy cholg‘ulardan. Tarixiy manba’larda zikr etilishicha qonun cholg‘usi jadimiy “nuzxa”ning o‘rniga kirib kelgan va o‘zining qulay imkoniyatlari bilan xalqlar orasida keng ommalashgan.
Qonun – yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, tovushqator asosi bir torli tarkibda tuzilgan “Monoxord” cholg‘usiga berilgan nomdan kelib chiqqan bo‘lib X-XI asrlarga to‘g‘ri keladi. O‘rta asrlarda qonun cholg‘usining uzunchoq, yoysimon, to‘rtburchak shakllari amaliyotda qo‘llanilgan.
Asrlar davomida qonun takomillashib mukammal cholg‘ular qatoridan o‘rin oldi. ХХ asrga kelib qonun trapetsiya shakliga ega bo‘ldi. Markaziy Osiyoda qonun yong‘oq va tut daraxtlaridan yasaladi. Uning pastki qismi tutdan, yong‘oqdan yasaladi.
Qonunning ovozi va ijrosining nafisligi uchun turli jismlardan foydalanilgan. Ya’ni, cholg‘u teri bilan qoplanib, unga xarraklar joylashtirilgan. Cholg‘udagi lapkalar, ya’ni parda ko‘targich moslamalari misdan yasaladi. Moslamaning qalinligi 3 mmdan oshmasligi va silliq bo‘lishi lozim va qonunning ustki qismiga mustahkam va qulay tarzda o‘rnatiladi. Qonunning quloqlari ham metaldan emas, balki mustahkam daraxtdan yasaladi. Shayton xarrak dekaning cheti, ya’ni quloqlarning yonida, ya’ni, quloqlar va maxsus moslamaning o‘rtasida joylashgan. Shayton xarrak ham o‘rik daraxtidan yasalib, qalinligi 1,5-1,7 sm. bo‘ladi. Har bir simga maxsus teshikchalar o‘yilib sim o‘tkaziladi. Ularning soni simlarga qarab belgilanadi. Zamonaviy o‘zbek qonunida 78 ta sim mavjud.
Qadimda qonun torlari ipakdan o‘rab toblash usulida tayyorlangan. ХХ asrga kelib qonun torlari neylon va leskalarga almashtirilgan. Buning natijasida qonunning sadolanishi, tambri, balandligi va serjiloligi kuchaydi.
Qonun torlari har ikkala qo‘l ko‘rsatkich barmoqlariga kiydiriladigan maxsus plektor (mediator) bilan tirnalib chalinadi. Qonun diatonik tovush qatoriga ega. Cholg‘uning o‘ng tomonida joylashgan kichik xarrakchalar ana shu torlarni taranglashtirib yoki bo‘shashtirib kerakli yarim tonliklarni hosil qilishga yordam beradi. Qonun xarragining teri ustida joylashuvi, unga tortilgan torlarning metalldan emas, sun’iy plastikdan tayyorlanishi cholg‘uning sadolanishini mayinlashtiradi. Tovush kuchini orttirish maqsadida qonun torlarining ikkitasi yoki uchtasi bir xilda sozlanadi. Mohir ijrochilar qonunni chalishda 3 va hatto 4 ta barmoqdan foydalanadilar.
Lekin XX asr boshlaridan 80- yillargacha mazkur cholg‘u bir oz unutila boshlandi. Mohir sozanda Abdurahmon Holtojiyevning sa’y-harakatlari tufayli bu cholg‘u qayta amaliyotga tadbiq etildi. Uning shogirdlari Asqarali Akbarov, Qosimjon Mirzayev, Komiljon Shermatov, Mirzohid Azamov kabi ijrochilar mohir sozandalar sifatida tanildilar. Bugungi kunda qonun turli ansambllarda va orkestrlarda keng qo‘llanilmoqda.
Rubob cholg‘usining tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalsada, u haqida manbalarda ma’lumotlar juda kam berilgan. Rubob cholg‘usi haqida aytib o‘tgan allomalarimizdan biri bu Forobiydir. Olimning risolasida ikki yoki bir torli rubob cholg‘usi haqida so‘z yuritiladi, uning tovushi inson ovoziga yaqinligi aytib o‘tiladi. Lekin, tadqiqotchi olimlar Forobiy “rubob” deb atagan cholg‘u ta’riflangan xususiyatlariga qaraganda g‘ijjak cholg‘usi bo‘lishi mumkinligini qayd etadilar. Bunga arablarda hozirgi paytda ham g‘ijjak cholg‘usi “rabab” deb atalishi asos bo‘la olishini O‘Toshamtov alohida ta’kidlab o‘tadi.
Darvesh Ali Changiy o‘z risolasida Sulton Muhammad Xorazmshoh davrida (1200-1220) rubob keng ommalashganligini, to‘rtta ipli va bitta kumush torlari bo‘lganligini aytib o‘tadi.
Vaqt o‘tib rubob cholg‘usi takomillashdi, ijrochilik amaliyotida keng qo‘llanila boshlandi. O‘zbekistonda rubobning ikki turi - qashqar rubob va afg‘on rubobi amaliyotga tadbiq etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |