Safoyil – o‘ziga xos urma zarbli cholg‘ulardan bo‘lib, idiofon, ya’ni o‘zi tovush beruvchi cholg‘ular guruhiga kiradi. S.Saidiyning ta’kidlashicha, yog‘ochdan va temirdan yasalishi mumkin. U hatcha shaklida bo‘lib, ikki uchidan 8 tadan 16 tagacha misli g‘olachalar o‘rnatilgan uyg‘ur cholg‘usidir, uzunligi 25-30 sm.ni tashkil etadi2, deydi tadqiqotchi olim. O‘Toshmatov safoilga ta’rif berar ekan, uning yuqori tomoniga ikkita temir xalqa o‘rnatilgan 35-40 smli juft tayoqchalar ekanligini, S.Begmatov esa temir halqalarga kiydirilgan shiqildoqlar soni 16 ta ekanligini ta’kidlaydilar. Cholg‘uni chalayotganda temir xalqalar va ularga kiydirilgan shildiroqlar erkin harakat qila olishi va bir-biriga urilishi natijasida o‘ziga xos tovush hosil qiladi. S.Saidiyning cholg‘u tuzilishidagi taxminiy fikrlari uning evolutsiyasi, turli davlarda turlicha ko‘rinish kasb etganligi bilan bo‘gliq bo‘lsa ajab emas.
Safoyildagi ijro shiqildoqlarni titratish, ijrochining yelkasiga safoyilni urish va safoyilni oldinga silkitib katta xalqalarni tayoqchalarga urish uslubida bajariladi. Safoilni O.Matyoqubov so‘fiylarning zikr o‘yini (zikri sa’mo)da ishlatiladigan maxsus tovush vositasi, deb ta’riflaydi. “Hajriy ochiq zikrlardagina ashula, cholg‘u va raqs harakatlari o‘rin oladi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra Xorazm, Movarounnahr, Turkiston, Farg‘ona vodiysi aholisi,shuningdek, Sharqiy Turkiston uyg‘urlari orasida zikri samo raqslari ko‘proq qo‘llanib kelingan. Safoil bilan ijro etiladigan zikr raqslariga xos usullardan biri Buxoro va Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llarida “qashqarcha” nomi bilan keng o‘rin olgan”1. Bu so‘zlar bizni safoil taratadigan tovush va usul insonlarning ma’lum g‘ayritabiiy holatga (ekstazga) tushishiga xizmat qiladi, ilohiyot bilan “muloqot”da bo‘ladi, degan fikrga yetaklaydi.
Safoyil cholg‘uchi tomonidan ham, raqqos tomonidan ham ishlatilishi mumkin. Hozirda juda kam ishlatilayotgan bu cholg‘udan muqaddam ham asosan uyg‘urcha usuldagi asarlarda foydalanilgan2.
Qoshiq – inson tomonidan ixtiro qilingan mehnat qurollari ichida tayoqdan keyingi o‘rinda turadi. Ibtidoiy odamlar yerdagi ildizlarni qazib olish uchun tayoqni kashf etishgan. Ovqat pishirishni o‘rgangandan so‘ng qo‘li kuymasdan ovqatni og‘ziga olib borish uchun qoshiqni ixtiro qilgan. Tayoq ham, qoshiq ham bir-biriga urilishi natijasida hosil qilinadigan tovushdan ritmlarni tuzishda foydalanilgani aniq3, deb ta’rif beradi qoshiq cholg‘usiga O‘Toshmatov. Cholg‘uchilikda qo‘llaniladigan qoshiqlar yog‘ochdan yasalgan. Davrning o‘rishi bu cholg‘uning turli xalqlar orasida takomillashuvi uning temir, misdan ham yasalishiga sabab bo‘lgan. Bunga biz ispan kastanettalarini misol qilib olishimiz mumkin. Qoshiqlar hajmining har xil bo‘lganligi, xususan, ruslarda “kovsh” (suv ishadigan katta qoshiq)ning mavjudligi haqidagi ma’lumotlar V.Belyayevning “O‘zbekiston musiqa cholg‘ulari” kitobida keltirilgan.
Bugungi kunda qoshiq cholg‘usi tut yog‘ochidan juft qilib yasaladi. Ular 160-180 mm hajmida bo‘lib, bir-biriga teri tasmachalar bilan bog‘lanadi. Qoshiqlarni silkitish yoki qo‘lning kaftiga urish natijasida kerakli ritm hosil qilinadi.
Qoshiqlar yakka holda ritmlarni chalishi yoki doyraga qo‘shilishi mumkin. Qoshiqlar asosan xalq orasida, bayramlarda, sayllarda qo‘shiq kuylaganda jo‘r bo‘luvchi vazifani bajargan. Ayollar bazmlarida o‘zlariga usul berib ashula va laparlar kuylashgan. Qoshiqda ijro etish uchun maxsus tayyorgarlik talab etilmaydi. Shuning uchun folklor kuylarida erkin talqin etiladi. Hozirgi davrda qoshiq xalq cholg‘ulari ansamblida zamonaviy kuylarni chalishda ishlatiladi.
Chang – ko‘hna va qadimiy cholg‘ulardan hisoblanadi. Uning yaratilishi uzoq o‘tmishlarga borib taqalsa-da, hozirgi ko‘rinishda Markaziy Osiyoga faqatgina XX asrda kirib kelganligi olimlar tomonidan qayd etilgan.
Chang cholg‘usining yaratilishini turli shakllardagi (trapetsiyali, to‘g‘ri to‘rtburchakli) arfasimon cholg‘ular bilan bog‘lashadi. Ko‘pgina adabiyotlarda qadimda mavjud bo‘lgan chang haqida so‘z yuritilganda qavs ichida arfa (yoki uning aksi) yoziladi. Bu esa changing mukammal ko‘rinishga ega bo‘lgunicha katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganligidan dalolat beradi. Asrlar davomida arfasimon cholg‘ularning rivojlanishi va takomillashuvi, ularning shakli, ushlash prinsipi (tamoyili)ning o‘zgarishi, qutisimon moslamalar ustiga harrak qo‘yib torlarni tortish natijasida “nuzxa”, “qonun”, “rud”, “shoxrud” kabi cholg‘ular paydo bo‘lgan. Tirnab chalinadigan bunday cholg‘ular keyinchalik tayoqchalar bilan urib chalinishi natijasida chang cholg‘usi vujudga kelgan.
Chang cholg‘usining tuzilishi, xususiyatlari haqida bir qator olimlar yozib qoldirganlar. Junladan, Abu Nasr Muhammad Forobiyning ta’kidlashicha, bu cholg‘u Samarqandlik Xulays ibn Axvas tomonidan So‘g‘dda ixtiro etilgan, so‘ngra Bog‘dodda va boshqa mamlakatlarda tarqalgan ekan. O‘sha davrdagi changning 15 ta tori bo‘lgan, ikki oktavalik musiqa cholg‘ulari guruhiga kirgan1. Changning hozirgi ko‘rinishga o‘xshash namunasi esa Darvish Ali Changiyning risolasida keltirilgan va u 14 bosqichli soz sifatida ta’riflanadi2.
Musiqashunos olim V.Belyayevning “O‘zbekiston musiqiy cholg‘ulari” risolasida (Maskva, 1933) chang sozi o‘zbeklar orasida keng tarqalgan noyob soz bo‘lganligi aytib o‘tiladi. Olimning ta’kidlashicha, changning o‘ng taxta supachasida 42 ta burama metal quloqchalar o‘rnatilib, chap taxta supachasiga esa shuncha miqdorda mix qoziqchalar qoqilgan, ustki qopqog‘i bo‘ylab 14 ta yog‘och xarraklar o‘rnatilgan ikkita bo‘linma bo‘ylab 14 ta tovush qatoriga uchtalik simlar tortilib, tovushlar maxsus kalit bilan tegishli balandlikka sozlangan. O‘ng tomondagi birinchi yettilik qator kichik septima oralig‘iga teng tovush qatoriga sozlangan. Chap tomondagi ikkinchi yettilik qator chap qopqog‘ining o‘rta qismiga xarraklar o‘rnatilib, kvinta oralig‘iga moslashtirilib sozlangan. Jami 3 yo‘nalishda joylashgan tovushqatorlar soni 21 taga etkazilgan.
Ushbu namunadagi chang cholg‘usi musiqiy-ijrochilik amaliyotida sozandalar tomonidan qo‘llanilib yakkanavoz va ansambl ijrochiligida ishlatilgan. Ijrochilik amaliyotida bir xil – ya’ni urma zarb uslubi bilan tovush chiqarish yo‘li qo‘llanilgan. Changning juft cho‘plari g‘arov (bambuk) yog‘ochidan yasalib, uchlariga rezina naychalar o‘rnatilib, bu cho‘plar cholg‘u torlariga urilib kuy va ohanglar taratiladi”3.
XX asrning birinchi yarmida chang cholgusi yanada mukammallashtirildi (takomillashtirildi). Bunda Namanganda Usta Ro‘zmat Isaboyev, Toshkentda Usta Usmon Zufarov, Xorazmda xalq sozandasi va basrakor Matyusuf Xarratov va Ashot Ivanovich Petrosyans va boshqalarning xizmarlari katta edi. Dastlab diatonik tovushqatorga ega bo‘lgan chang mutaxassislar va cholg‘u ustalari tomonidan xromatik tovushqatorga aylantirildi. Uning diapazoni 3 oktavagacha kengaytirildi. Changda torlarning ko‘payishi, diapazonining kengayishi bilan bir qatorda ijro imkoniyatlari ham boyitildi. Juft cho‘plar bilan cholg‘u torlariga urib chalinishi texnikasiga cho‘plarning orqa yassi qismi bilan chertib chalish, torlarni barmoqlar bilan tirnab chalish, cho‘pning orqa yassi qismi bilan chang torlarini chiqillatib urib chalish texnikalari amaliyotga tadbiq etildi.
Chang cholg‘usi yakka holda, cholg‘u ansambllari va xalq cholg‘ulari orkestrlari tarkibida ishlatiladi. Mohir changchilar Usta Ro‘zimat Isaboyev, Faxriddin Sodiqov, Fozil Xarratov, Tilash Xo‘jamberdiyev,Tuygun Otaboyev, Temur Mahmudov, Ahmad Odilov, Rustam Ne’matov, Tohir Sobirov, Fazilat Shukurova va boshqalar changni targ‘ib qilish va ommalashtirishda katta hissa qo‘shdilar.
1. 2. Damli cholg‘ular
Damli cholg‘ularning yaratilishi juda qadimiy davrlarga borib taqaladi. Bu qadimgi odamning inson ovozidan kuchliroq tovush beradigan, ochiq havoda chalinadigan cholg‘ularni ixtiro qilishi bilan bog‘liqdir. Damli cholg‘ular zarblilardan keyin paydo bo‘lganligi mutaxassislar tomonidan qayd etilgan.
Damli cholg‘ular ovda, harbiy yurishlarda, to‘y, sayil, bayram va turli yig‘inlarda keng qo‘llanilgan.
Damli cholg‘ularning ilk ko‘rinishlari tasviri Afrosiyobda, Naysada olib borilgan arxeologik qazilmalar paytida topilgan eramizdan avvalgi III-I asrlarga oid terrakotalarda, ritonlarda uchraydi. Terrakotalarda asosan ayollar chalayotgan bo‘ylama naylar, ritonlarda Pan fleytasi tasvirlangan.
Damli cholg‘ular ko‘p hollarda zarbli cholg‘ular bilan birgalikda qo‘llanilgan. Bu haqida biz tarixiy ashyolardan, olimlarimizning yozib qoldirgan ma’lumotlaridan, miniatyuralardan bilishimiz mumkin. Xususan, Forobiyning "Musiqa haqida katta kitob"ida bo‘ylama nay, qo‘shnay cholg‘ulari haqida ma’lumotlar keltiriladi. Amir Temur davrida damli cholg‘ularning urma cholg‘ular qatorida harbiy unvon va daraja nishoni sifatida qollanilganligi “Temur tuzuklari”ning maxsus bo‘limida yozib qoldirilgan. Unda karnay, surnay, sur (karnaysimon) cholg‘ulari ko‘p marotaba tilga olinadi. Darvish Ali Changiy risolasida nay 8 teshikli qadimiy damli cholg‘u ekanligi, unda barcha 12 maqomlarni ijro etish mumkinligi qayd etilgan. San’atshunos olim O‘.Toshmatov “Ko‘hna cho‘lg‘ular ijrochiligi” kitobida XV-XVII asrlarda kitoblarga ishlangan miniatyuralarga boshqa cholg‘ular qatorida nay, karnay, surnay, nog‘oralar ham keng tasvirlanganligini qayd etadi.
Damli cholg‘ular tovush hosil qilish xususiyatlariga qarab uch turga bo‘linadi. Bular:
- quvur ichida tovush hosil qilinadigan cholg‘ular (qamish nay, g‘ajir nay, nay);
- til yordamida tovush hosil qilinadigan cholg‘ular (sibizga, qo‘shnay, bulaman);
- havo yo‘nalishini o‘zgartirish asosida tovush hosil qilinadigan cholg‘ular (naypachoq yordamida tovush hosil qilinadigan surnay; mundshtuk yordamida tovush hosil qilinadigan karnay; sun’iy havo siqish moslamasi yordamida tovush hosil qilinadigan sopol nay).
Ko‘p asrli taraqqiyot davomida damli cholg‘ularning har xil turlari kashf etildi. Nay, qo‘shnay, surnay, karnay, bo‘lamon bugungi kunda keng tarqalgan damli cholg‘ulardandir. Quyida shu cholg‘ular haqida so‘z yuritamiz.
Nay – qadimiy damli (puflab chalinadigan) musiqa cholg‘usi hisoblanadi. Naysimon cholg‘ularning ilk tasviri eramizdan avvalgi III-I asrlarga oid bo‘lgan, Afrosiyobdan topilgan terrakotalarda uchraydi. Ular asosan bo‘ylama naylar bo‘lib, ko‘p hollarda ayollar tomonidan ijro etilayotganligi tasvirlangan. Qadimdan “Navro‘z” bayramlarida, xalq sayllari, xalq orasida o‘tkazilgan turli xil o‘yinlar va musobaqalarda boshqa cholg‘ular qatorida nay ham chalingan. Navro‘z bayrami zardushtiylik davrlaridan buyon nishonlanib kelinayotganligini inobatga oladigan bo‘lsak, cholg‘uning ko‘p asrlardan buyon hayotga tadbiq etib kelinayotganligining yana bir bor guvohi bo‘lamiz.
Qamish nay, g‘ajir nay, cho‘pon nay, sopol nay (shullovuk) nay cholg‘usining qadimiy va bugungi kunda asosan chekka viloyatlarda, qishloqlarda (saqlanib qolgan) ijro etiladigan ajdodlari hisoblanadi.
Forobiy kitobida ustki qismida 7 ta, orqa tomonida esa 2 ta teshikli bo‘ylama nay haqida ma’lumot beriladi. Darvish Ali Changiy esa nayning 8 ta teshigi borligini va u qadimiy cholg‘u ekanligini yozib qoldirgan.
Nay xalq orasida ham, saroy musiqasini ijro etishda ham keng qo‘llanilgan. Saroylarda turkumli shakllar, keyinchalik maqomlarning ijro etilishida ham nay cholg‘usidan foydalanilgan. Bu haqida biz tarixiy manbalardan o‘qib bilishimiz, musavvirlar tomonidan kitoblarga ishlangan miniatyuralarda ham ko‘rishimiz mumkin. Miniatyuralarda bo‘ylama naylar tasvirlangan.
Fitrat nayda ettita teshik borligini bittasi yuqorida, qolgan 6 tasi pastda joylashganligini, yuqori teshikka puflanishi, pastki teshiklar esa pardalar ekanligini aytib o‘tadi.
Bizning davrimizda nay cholg‘usi mevali yog‘ochdan (yog‘och nay), bambukdan (g‘arov nay), oq misdan (mis nay), latundan (brinj nay) yasaladi. Nayda barmoq bilan bosiladigan 6 ta asosiy teshik bo‘lib, ulardan tashqari puflash uchun teshik, yog‘och va g‘arov naylarda asosiy teshiklari orasida bitta hamda quyi qismida yana to‘rtta teshik mavjud. Bu qo‘shimcha teshiklar nay tovushiga chiroyli tus berish uchun ochilgan. Nay diatonik tovush qatoriga ega bo‘lib, ikki yarim oktava (biribchi oktava lya dan to‘rtinchi oktava re gacha) tovush diapazoniga ega. Diatonik tovushlarni ko‘tarish yoki tushirish nay teshiklarini qisman yopish orqali amalga oshiriladi. Nayning puflanadigan teshigiga labni pastroq yoki yuqoriroq qo‘yib chalinsa tovush yarim pardaga farqlanishi mumkin.
Nay yakka cholg‘u sifatida, ansambl va orkestrlarda chalinadi. Nay ovoz hajmining keng bo‘lganligi uchun xalq kuylarida, maqomlarda, ansamblda yetakchi vazifani bajaradi.
Simfonik orkestrlarda va damli cholg‘ular orkestrlarida qo‘llaniladigan fleyta cholg‘usi nay cholg‘usining takomillashtirilgan turidir.
Abduqodir Ismoilov, Saidjon Kalonov, Dadaali Soatqulov, Jamil Kamolov, Isoq Qodirov, Mahmud Muhamedov, Rabbim Hamdamov, Yusufjon Dadajonov, Uzoq Mahmudov va Yashin Haqqulovlar nayda o‘zlarining mohirona ijrolari bilan shinavandalar qalbidan chuqur o‘rin olganlar. Bugungi kunda Mirza Toyirov, Halimjon Jo‘rayev, Shukrullo Ahmadjonov, Ahmadjon Sobirov, Abdulahad Ergashev, Ilhomjon Javdotov, Halimjon Sharipov, Mansur Jomurodovlar nay chog‘usining mohir sozandalari sifatida keng tanildilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |