Qashqar rubobining kelib chiqishi Sharqiy Turkiston (hozirgi Xitoyning Uyg‘ur Avtonom Okrugi) ning Qashqar degan joy nomi bilan bogliqdir. Cholg‘u kuchli jozibali, serohang, jarangdor tovushga ega.
Qashqar rubobi ikki qismdan - kosaxona va dastadan tashkil topgan. U tut, chinor, o‘rik va boshqa qattiq yog‘ochlardan ishlanib, unga hayvon terisidan parda qoplanadi. Zamonaviy ruboblarga parda molning yurak terisidan va baliq terisidan tortiladi. Kosani dasta bilan ulangan joyining ikki tomonida yoysimon dekorativ shoxlar o‘rnatilgan. Ular kosa bilan birga o‘yilib ishlanadi. Dastaning boshlanish qismida beshta quloq joylashgan bo‘lib, ular torlarni tortib turadi. Dastaga 23 tagacha misdan tayyorlangan maxsus pardalar xromatik tarzda o‘rnatiladi.
Qashqar rubobining beshta tori bo‘lib, bittasi ichakdan, to‘rttasi po‘lat simdan qilingan. Birinchi va ikkinchi torlar ikkilangan tartibda joylashadi va kvarta-kvinta oralig‘ida sozlanadi. Rubobning diapazoni uch oktavani qamrab oladi. Qashqar rubobning bugungi kunda keng ommalashuvida ustoz san’atkor Muhammadjon Mirzayevning xizmatlari katta. Shu bilan birga Abbos Bahromov, Sulaymon Taxalov, Ari Boboxonov, Tohir Rajabiy, Shavkat Mirzayes, Rifatilla Qosimov va boshqalar rubob ijrochiligi san’atiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Afg‘on rubobining ikkinchi nomi buxoro rubobidir. Ushbu cholg‘u ko‘proq forsiy zabon xalqlarda keng tarqalgan. Tovushining bir oz yo‘g‘onligi va mayinligi bilan ajralib turadi. Afg‘on ruboblari bir oz boshqacharoq ko‘rinishdagi Hindiston, Pokiston, Eron, Tojikiston, shuningdek, ba’zi kavkaz xalqlari va arab davlatlarida ham uchraydi.
Qadimgi afg‘on rubobining 17 tadan 20 tagacha tori bo‘lgan. Shundan oltitasi asosiy bo‘lib, beshtasi ichakdan va bittasi kumushdan yasalgan. Qolgan 11 tadan 14 tagacha torlari po‘lat simli, ya’ni sado berib turuvchi torlar hisoblangan. Oltita asosiy tor qorinning ustki qismidagi xarrakdan sozning bosh qismidagi quloqlarga, qolgan torlari esa shu xarrak ostidagi teshiklardan sozning dastasidan chap tomonda joylashgan quloqlarga ulangan. Soz yog‘ochdan, hayvon suyagi yoki shoxidan ishlangan bo‘lib, mezrob (noxun) bilan chalingan1.
1940 yillarda afg‘on rubobi A.I.Petrosyans rahbarligidagi San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining tajribaviy laboratoriyasida rekonstruktsiya qilindi. Sozning yordamchi soz beruvchi torlari olib tashlanib, dastasi uzunlashtirildi, qorni ixchamlashtirildi, dastaga temperatsiyalangan yarim tonlik tovushqatorga asoslanib, ebonit qalamchalaridan 19 ta parda o‘rnatildi1.
Bugungi kunda rekonstruktsiya qilingan afg‘on rubobi qashqar rubobi singari o‘rta registrni egallaydi. Cholg‘uning beshta tori bo‘lib, kvarta bo‘yicha joylashgan. Afg‘on rubobi yakka holda va cholg‘u jamoalari tarkibida ijro etish uchun mo‘ljallangan. Afg‘on rubobini targ‘ib etishda G‘ulomqodir Ergashevning xizmatlari katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |