Zoologiya kolleksiyalarini tashkil etish
104. Kolleksiya — bu konservatsiya qilingan va tirik zoologiya obyektlarini turkumlashgan yig‘indisidir. Kolleksiya tirik hayvonlardan (hayvonot bog‘lari, jonli burchaklar va hokazo) — hayvonlarning tulumlari, tanalari, terilari, skeletlari, uyalari, tuxumlari, hayot faoliyati mahsulotlari, nam preparatlar, ovchilik o‘ljalari va hokazolardan iborat bo‘lishi mumkin. Yuqorida sanab o‘tilgan obyektlarning turkumlashtirilmagan holda to‘planishiga har qanday turdagi kolleksiya sifatida qaraladi.
Turkumlashtirmagan holda to‘plash — bu ishlov berilmagan, kolleksiyaning tartib raqamiga, aniq ilmiy nomiga va to‘plash (sotib olish) joyiga ega bo‘lmagan to‘plangan namunalardir.
105. Yovvoyi hayvonlarni tabiatdan ajratib olish yo‘li bilan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan zoologiya kolleksiyalari (keyingi o‘rinlarda kolleksiya deb ataladi) tashkil etilishiga va ularning to‘ldirilishiga faqat Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi va ular, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, majburiy tartibda davlat hisobidan o‘tkaziladi.
Ota-onalari — hisobdan o‘tkazilgan kolleksiyada bo‘lgan hayvonlar avlodlari bilan kolleksiyalarni to‘ldirish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi. Bunda ushbu avlod kelib chiqishiga taalluqli hujjatlarni ko‘rsatgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga buyurtmanoma berilgan bo‘lishi kerak.
106. Zoologiya kolleksiyalarini davlat hisobiga olish haqidagi guvohnoma kolleksiyalarni davlat hisobiga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjat hisoblanadi.
107. Guvohnoma berilgan shaxslar har yili 1-yanvargacha, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga Zoologiya kolleksiyalari reyestriga kiritish uchun, kolleksiyaning tur tarkibi va miqdori o‘zgarishini ko‘rsatgan holda axborot berishi shart.
108. O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga kolleksiyalarni turli maqsadlarda eksport qilish, belgilangan tartibda, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ruxsatnomalari asosida amalga oshiriladi.
109. Kolleksiya egalari quyidagilarga majbur:
eksponatlar tarkibini belgilangan tartibga muvofiq saqlash uchun sharoit yaratish;
eksponatlarni saqlashda va tashishda ularning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
kolleksiya eksponatlari hisobini yuritish;
tirik eksponatlarni saqlash uchun sharoit yaratish (belgilangan ratsionga muvofiq ovqatlantirish, veterinariya ko‘rigi, yashashi uchun zarur maydon, hayvonlarning salomatligiga zarar yetishiga yo‘l qo‘ymaslik).
Kolleksiyalarning to‘g‘ri saqlanishi uchun javobgarlik ularning egalariga yuklanadi.
110. Qonunchilik talablarini buzgan kolleksiya egalari majburiy ravishda javobgarlikka tortiladi.
111. Kolleksiya egalari tomonidan mazkur Nizom talablariga amal qilinishi yuzasidan nazoratni tabiatni muhofaza qilish organlari olib boradi, ekspertlar (Fanlar akademiyasidan, oliy o‘quv yurtlaridan yoki biologik yo‘nalishdagi tashkilotlardan) bilan hamkorlikda kolleksiyalarning holatini baholaydilar, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlarni ma’muriy javobgarlikka tortadilar, qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlardan foydalanadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |