Yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash va ko‘paytirish
95. Tutqunlikda saqlash — bunda yovvoyi hayvonlarga ular tor (to‘silgan) joyda yashaydigan sharoitlar (qafasda, temir panjarali joyda, bog‘langan holda saqlash va hokazo) yaratiladi va ularning yashash jarayoni insonga to‘liq bog‘liq bo‘ladi.
Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibi Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash qoidalari bilan tartibga solinadi.
96. Yarim tutqunlikda saqlash — bunda yovvoyi hayvonlarga sharoit yaratiladi, ya’ni ular to‘silgan hududda yashaydi, erkin harakatlanadi va barcha yashash jarayonlarini amalga oshiradi, aksariyat hollarda tabiiy ozuqalar bilan oziqlanadi va umrining ko‘p qismini inson aralashuvisiz o‘tkazadi.
97. Yovvoyi hayvonlarni yarim tutqun holda saqlash yoki ularni sun’iy tashkil etilgan yashash muhitida saqlash va ularning sonini ko‘paytirish hamda tabiiy yashash muhitiga introduksiya qilish yoki qonunchilikka muvofiq ravishda sotish maqsadida amalga oshiriladi.
98. Tutqunlikda yoki yarim tutqun sharoitda saqlanayotgan yoki saqlanishi ko‘zda tutilayotgan barcha yovvoyi hayvonlar qonunchilikka muvofiq ravishda sotib olingan bo‘lishi kerak.
99. Boshqa mamlakatlardan O‘zbekistonga olib kelingan, tabiatda tutilgan (ovlangan), zoologiya do‘konlaridan, zooparklardan sotib olingan, ov yoki baliq ovlashda va boshqa hollarda tutilganligi uchun hujjatlar mavjud bo‘lsa yovvoyi hayvonlar qonunchilikka muvofiq ravishda sotib olingan, deb hisoblanadi.
Belgilangan tartibda berilgan ov va baliq tutishga ruxsatnoma, O‘zbekiston hududiga hayvonlarni olib kirishga ruxsatnoma, kassa cheklari, yo‘l varaqalari va boshqalar yovvoyi hayvonlarni qonunga muvofiq sotib olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lishi mumkin.
100. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni hamda zaharli hayvonlarni tutqunlikda va yarim tutqunlikda saqlashga faqat O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda tashkil etiladigan maxsus pitomniklarda yo‘l qo‘yiladi.
101. Yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar, shu jumladan yarim tutqun sharoitda, shuningdek Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi Konvensiya (CITES)ning obyekti bo‘lgan hayvonlar tabiatni muhofaza qilish organlarida davlat hisobiga olinadi. Yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklarni ro‘yxatga olish guvohnomasi pitomnikning davlat hisobiga olinganligi to‘g‘risidagi hujjat hisoblanadi.
102. Yovvoyi hayvonlardan va pitomniklarda o‘stirilgan, CITES Konvensiyasining ilovalariga kiradigan hayvonlardan foydalanishga qonun hujjatlariga va Konvensiya nizomlariga muvofiq yo‘l qo‘yiladi.
103. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ruxsatnomasisiz tutqunlikda va pitomniklarda saqlanayotgan hayvonlarni o‘zboshimchalik bilan tabiatga chiqarib yuborish taqiqlanadi.
Yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda yoki pitomnikda saqlashga ruxsatnoma berilgan shaxslar har yili 1-yanvargacha, ruxsatnoma bergan organlarga hayvonlarning soni, tur tarkibi va holati to‘g‘risida axborot berishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |