Ovchilik xo‘jaligini yurituvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
80. Ovchilik xo‘jaligini yuritish huquqi ovdan foydalanuvchilarga vakolatli organlar:
tasarrufida bo‘lgan o‘rmon fondi yerlarida, tabiatni muhofaza qilish organlariga axborot taqdim etilgan holda — O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan.
(80-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
81. Ovchilik xo‘jaligini yuritish huquqi (ovchilik hududlarini biriktirish) ovchilik xo‘jaliklarini yurituvchi tashkilot va vakolatli organlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Shartnoma unga muvofiq hayvonot dunyosidan foydalaniladigan hamda ovchilik xo‘jaligi yuritiladigan asosiy hujjat hisoblanadi. Shartnoma 10 yilgacha muddatga tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
82. Namunaviy shartnoma shakli ov hududlarida ovchilik xo‘jaliklarini yuritish huquqiga ega bo‘lgan organlar tomonidan ishlab chiqiladi va Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
(82-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 30-son, 734-modda)
83. Shartnomada:
ovchilik xo‘jaligining nomi;
yuridik shaxslarning nomi va rekvizitlari;
jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi va pasporti ma’lumotlari;
shartnomaning amal qilish muddati;
ovchilik xo‘jaligining maydoni va chegaralari, joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan biotoplar bo‘yicha — tog‘lar, cho‘llar, o‘rmon yoki suv mavjudligi;
shartnoma tuzish vaqtidagi ovlanadigan hayvonlar turi va soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
ov qilish uchun yopilgan qayta yetishtirish joyi tavsifi (umumiy ovchilik xo‘jaligi maydonining kamida 10 foizi);
yovvoyi hayvonlarni va ularning yashash muhitini saqlab qolish, tutilgan hayvonlar sonini va hayvonlar sonini muntazam hisobga olib borish tadbirlarining o‘tkazilishi, shartnoma tuzgan shaxsning majburiyati;
shartnoma tuzgan yuridik shaxsga qonunchilikda belgilangan tartibda yovvoyi hayvonlarni tutish huquqini bergan vakolatli organning majburiyati;
shartnoma talablarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun tomonlarning javobgarligi;
kordonlar, inshootlar va obyektlar, qayta yetishtirish joyining joylashuvi, aylanma yo‘llar va chegaralari ko‘rsatilgan ovchilik xo‘jaligining chizma xaritasi;
qonunchilikda ko‘rsatilgan boshqa shartlar.
84. Quyidagilar ovdan foydalanuvchilarga ovchilik xo‘jaligini yuritish huquqini berish uchun asos hisoblanadi:
xo‘jalikni tashkil etish iqtisodiy jihatdan asoslangan (muhofaza qilish va urchitish tadbirlarini olib borishga xarajatlar hajmi, hayvonlar soni va ularni tutish hisobini yuritish) va hudud tavsiflangan ariza;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va uning filiallari yoki oliy o‘quv yurtlarining biolog mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan yovvoyi hayvonlar soni hisobini yuritish materiallari va hududlarning holati to‘g‘risidagi axborot;
hududida ovchilik xo‘jaligi tashkil etish rejalashtirilayotgan yer egalari yoki yerdan foydalanuvchilarning roziligi.
85. Akkreditatsiya qilingan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan xorijiy yuridik shaxslar umumiy asoslarda ovchilik xo‘jaliklari tashkil etish huquqiga ega.
86. Ovchilik xo‘jaligi yuritish huquqini berish yer egalari yoki yerdan foydalanuvchilardan yerni olib qo‘ymasdan amalga oshiriladi. Zaruriyat bo‘lganda, yer ajratish masalasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
87. Ovchilikdan foydalanuvchining majburiyatlari:
tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etish;
foydalanishga olingan ov hududlaridagi hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish;
yovvoyi hayvonlarni saqlash va ularning sonini ko‘paytirishga, yovvoyi hayvonlarning yashash muhitini saqlab qolishga, boshqa biotexnika tadbirlariga yo‘naltirilgan ilmiy asoslangan tadbirlar o‘tkazish;
belgilangan metodikalarga muvofiq, maxsus tayyorlangan va o‘qitilgan odamlar kuchi bilan, tabiatni muhofaza qilish organlari ishtirokida yovvoyi hayvonlar soni hisobini o‘z vaqtida olib borish;
tutiladigan yovvoyi hayvonlar hisobini yuritish;
yovvoyi hayvonlarning nobud bo‘lishiga (ov qilish va baliq ovlash holatlaridan tashqari) va yer maydonlarining yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaydigan usullar bilan ovchilik xo‘jaligini yuritish;
ovchilik xo‘jaliklarini chegara to‘siqlari, anshlaglar va ko‘rsatkichlar, xo‘jalik to‘g‘risida to‘liq axborot berilgan xarita-sxema bilan ta’minlash;
yong‘in xavfsizligi choralariga rioya etish;
ovchilik va baliqchilik amalga oshirilishini nazorat qilish — ovchilar va baliqchilarda zarur hujjatlarning mavjudligini hamda ular tomonidan Ov qilish va baliq ovlash qoidalariga rioya qilinishini tekshirish;
ovchilik xo‘jaligini yuritish bilan bog‘liq axborotlarni har yili tabiatni muhofaza qilish organlariga o‘z vaqtida taqdim etish;
o‘z zimmasiga olingan shartnomaviy majburiyatlarni bajarish;
yovvoyi hayvonlarni ruxsatsiz iqlimlashtirishga, ko‘chirishga va urchitishga yo‘l qo‘ymaslik;
tabiatni muhofaza qilish organlari vakillarining ovlangan hayvonlar va qayta ishlangan mahsulotlar saqlanayotgan obyektlar va ov hududlari holatini o‘rganishiga qarshiliksiz ruxsat berish.
88. Ovchilikdan foydalanuvchilar o‘z vakolatlariga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni tutish ruxsatnomasi doirasida hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanishga ruxsatnoma (yo‘llanma, hayvonlarni tutish varaqasi) berish;
yovvoyi hayvonlarni tutish ruxsatnomalari doirasida o‘zlariga biriktirilgan ovchilik xo‘jaliklari hududlarida sanoat maqsadlarida hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
berilgan ruxsatnomaga muvofiq, tutilgan ovchilik va baliqchilik mahsulotlarini qayta ishlash hamda sanitariya va ekologiya talablariga rioya qilgan holda hayvonot dunyosi obyektlaridan buyumlar ishlab chiqarish;
ov qilish va baliq ovlash mahsulotlarini, ularni tutishning qonuniyligini yoki sotib olinishini, mahsulotning sifat sertifikatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, hokimliklar tomonidan maxsus ajratilgan joylarda sotish;
yovvoyi hayvonlarni tabiatga introduksiyalash va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun ko‘paytirish;
pitomnik va fermalarda sun’iy ravishda o‘stirilgan yovvoyi hayvonlardan foydalanishda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishish;
brakonyerlikka qarshi kurashish bo‘yicha tezkor reydlarda shu jumladan tabiatni muhofaza qilish organlari, ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlikda ishtirok etish;
tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzgan huquqbuzarlarga nisbatan dalolatnomalar va boshqa hujjatlar tuzish, ularni tabiatni muhofaza qilish organlariga topshirish;
ov va baliq ovlash qoidalari bo‘yicha tabiatni muhofaza qilish organlariga takliflar taqdim etish.
89. Hayvonot dunyosidan foydalanish (ovchilik xo‘jaligini yuritish) huquqi quyidagi hollarda to‘xtatiladi:
hayvonot dunyosidan foydalanish huquqidan voz kechilganda;
hayvonot dunyosidan foydalanishning belgilangan muddati tugaganda;
hayvonot dunyosidan foydalanish huquqi berilgan yuridik shaxs tugatilganda;
tadbirkorlik subyekti — jismoniy shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi to‘xtatilganda;
tadbirkorlik subyekti — jismoniy shaxs vafot etganda, uning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilganda;
hayvonot dunyosidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganda;
hayvonot dunyosidan foydalanish huquqi o‘zboshimchalik bilan boshqalarga berilganda.
90. Tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi buzilishiga yo‘l qo‘yishmagan ovchilikdan foydalanuvchilar ovchilik xo‘jaligini yuritishning belgilangan muddati tugagandan so‘ng undan keyinchalik foydalanishda ustuvor huquqlarga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |