V. Ovchilik va baliqchilik xo‘jaligini yuritish
Umumiy qoidalar
73. Ovchilik va baliqchilik xo‘jaligini yuritish — ov xo‘jaliklarida yovvoyi hayvonlarni qo‘riqlash va ulardan oqilona foydalanishni, muhofaza qilish va ko‘paytirish tadbirlari bilan bog‘liq xo‘jalik faoliyatini ilmiy asoslangan rejalashtirish asosida amalga oshirishdir.
Ovchilikdan foydalanuvchilar — sport-havaskorlik va sanoat oviga hamda baliq ovlashga, ovchilik xo‘jaligini yuritishni amalga oshirishga qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan huquq berilgan jismoniy va yuridik shaxslardir.
74. Ovchilik va baliqchilik xo‘jaliklarini tashkil etish va yuritish, ushbu yerlarda hayvonot dunyosidan oqilona foydalanish, ovchilik va baliqchilik yerlari mahsuldorligini oshirish, hayvonlarni yetishtirish va sonini ko‘paytirish maqsadida xo‘jalik va qo‘riqlashga doir tadbirlarni o‘tkazishdir.
Ovchilik va baliqchilik xo‘jaligini yuritish mazkur Nizom va Ov qilish va baliq ovlash qoidalari asosida amalga oshiriladi.
75. O‘zbekiston Respublikasi hududida ov qilish va baliq ovlash qoidalari, shu jumladan tutish normalari, ov qilish (tutish) qurollariga qo‘yiladigan talablar, tutish muddatlari, ov qilish yoki baliq ovlash taqiqlangan joylarni aniqlash tartibi, shuningdek ov qilish va baliq ovlash bilan bog‘liq boshqa masalalar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan, manfaatdor yuridik shaxslar bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
76. Ovchilik va baliqchilik maqsadida tabiiy yashash muhitiga qo‘yib yuborilgan, shuningdek tabiiy sharoitda erkinlikda yashayotgan yovvoyi hayvonlar davlat ovchilik-baliqchilik fondini (keyingi o‘rinlarda davlat ov fondi deb ataladi) tashkil qiladi.
Qonuniy asosda tutqunlikda ushlab turilgan yovvoyi hayvonlar davlat ov fondiga taalluqli emas.
Davlat ov fondi xususiylashtirilishi va boshqa mulk shakliga o‘tkazilishi mumkin bo‘lmagan yagona va bo‘linmas kompleks hisoblanadi.
77. Barcha yerlar, suvlar va o‘rmonlar yovvoyi hayvonlarning yashash va joylashish hududlari hisoblanadi.
Sport-havaskorlik, sanoat maqsadida ovlash va baliq ovlashga ruxsat berilgan joylar ov qilinadigan va baliq tutiladigan hududlar (keyingi o‘rinlarda ovchilik hududlari deb ataladi) hisoblanadi.
78. Ovchilik va baliqchilik xo‘jaliklari (keyingi o‘rinlarda ovchilik xo‘jaliklari deb ataladi) quyidagilarga bo‘linadi:
davlat tashkilotlari ixtiyorida bo‘ladigan hamda ovchilik va baliqchilik mahsulotlari yetishtirish va tayyorlashga mo‘ljallangan davlat xo‘jaliklari;
ovchilik faoliyati o‘rmon xo‘jaligi bilan qo‘shib olib boriladigan o‘rmon-ovchilik davlat xo‘jaliklari;
jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tuzilmalar tomonidan tashkil etiladigan, shaxsiy ehtiyojlarni qondirish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan sport-havaskorlik ovi va baliq ovlash uchun sport-havaskorlik xo‘jaliklari;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladigan xususiy ovchilik-baliqchilik xo‘jaliklari.
79. Quyidagilar sport, havaskorlik, sanoat maqsadlarida ovchilik qilish taqiqlangan joylar hisoblanadi:
aholi punktlari yerlari;
sog‘lomlashtirish, rekreatsion va tarixiy-madaniy maqsadlardagi yerlar;
muhofaza etiladigan hududlar — agar ularning rejimida ov qilish belgilanmagan bo‘lsa, shaharlar atrofidagi yashil zonalar;
korxonalar atrofidagi sanitariya-himoya zonalari;
suv olish inshootlarining himoya zonalari;
aerodromlar;
chegara zonalari;
hosili yig‘ishtirib olingungacha — qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan yerlar;
to‘g‘onlar, suv ayirgichlar, ko‘priklar, baliq pitomniklari, hovuz va boshqa madaniy baliqchilik xo‘jaliklari yerlari, agar ushbu obyektlarni qo‘riqlash rejimida ov qilish va baliq ovlashni taqiqlash belgilangan bo‘lsa.
Do'stlaringiz bilan baham: |