Ruxsatnomalarni qayta rasmiylashtirish va ularning dublikatlarini berish
53. Tabiatdan foydalanuvchi — yuridik shaxs o‘zgartirilganda, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgarganda, tabiatdan foydalanuvchi yoxud uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tgandan keyin 7 ish kuni mobaynida vakolatli organga ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi arizani, ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda topshirishi shart.
54. Jismoniy shaxs bo‘lgan tabiatdan foydalanuvchining unga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida berilgan guvohnomada ko‘rsatilgan familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat ko‘rsatadigan joyi o‘zgargan taqdirda, tabiatdan foydalanuvchi qayta ro‘yxatdan o‘tgandan keyin 7 ish kuni mobaynida vakolatli organga ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi arizani, ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda topshirishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
541. Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida ruxsatnomaga ega tabiatdan foydalanuvchi yuridik shaxslar qo‘shib yuborilgan taqdirda, ruxsatnomani ushbu Nizomning 53-bandida nazarda tutilgan tartibda qayta rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
542. Ruxsatnomadagi mavjud ma’lumotlar mazkur Nizomning 53, 54 va 541-bandlarida nazarda tutilmagan hollarda o‘zgartirilgan taqdirda, ruxsatnoma tabiatdan foydalanuvchining tegishli hujjatlar ilova qilingan arizasi bo‘yicha qayta rasmiylashtiriladi.
(541 va 542-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-oktabrdagi 884-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son)
55. Hujjatlar tabiatdan foydalanuvchi tomonidan vakolatli organga bevosita, pochta aloqa vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar tabiatdan foydalanuvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
56. Ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilgunga qadar, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza bergan tabiatdan foydalanuvchi yoki uning huquqiy vorisi (merosxo‘ri) ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida berilgan, qabul qilib olingan sanasi haqida vakolatli organning belgisi qo‘yilgan ariza asosida unda ko‘rsatilgan harakatni va (yoki) faoliyatni bajaradi yoki amalga oshiradi.
57. Ruxsatnoma qayta rasmiylashtirilganda vakolatli organ berilgan ruxsatnomalar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish va berish ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi ariza tegishli hujjatlar ilova qilingan holda vakolatli organ tomonidan qabul qilib olingan kundan e’tiboran besh ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
58. Ruxsatnomani qayta rasmiylashtirganlik uchun tabiatdan foydalanuvchining ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi arizasi vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqilganligi uchun qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza topshirilgan sanada to‘lanadigan summaning 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi “Davbionazorat”ining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Olingan mablag‘lar moddiy-texnika bilan ta’minlash va tabiatni muhofaza qilish maqsadlariga sarflanadi.
59. Ruxsatnoma yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda tabiatdan foydalanuvchining arizasiga ko‘ra uning dublikati beriladi.
60. Vakolatli organ ariza, shuningdek hujjat yaroqsiz holga kelgan taqdirda, ruxsatnomaning asl nusxasi hamda ruxsatnomaning dublikati berilganligi uchun tabiatdan foydalanuvchi tomonidan yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat olingan kundan e’tiboran besh ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda ruxsatnomaning dublikatini berishi (yuborishi) shart. Ruxsatnomaning dublikatini berganlik uchun tabiatdan foydalanuvchining ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi arizasi vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqilganligi uchun, dublikatni berish haqidagi ariza topshirilgan sanada to‘lanadigan summaning 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi vakolatli organlarning hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |