159
Huquq qo’riqlovchi normalar sanksiyalarning aniqligiga qarab, mutlaq aniq, nisbatan
aniq huquqiy normalarga bo’linadi. Mutlaq aniq sanksiyali huquqiy normalarda aniq bitta
davlatning majburlov chorasi ko’rsatiladi, masalan, yetkazilgan zararni qoplash kabi.
Nisbatan aniq sanksiyali huquq normalari esa, turli xil jazo turlaridan birini yoki
huquqiy ta’sir chorasi turlaridan birini qo’llashni nazarda tutadi. Bunday sanksiyalar
alternativ
sanksiyalar ham deb yuritiladi, Jinoyat kodeksining aksariyat sanksiyalari
alternativ sanksiyalardir.
Kumulyativ sanksiyali huquq normalari o’zida asosiy jazodan tashqari qo’shimcha
jazo berilishini ham nazarda tutadi, masalan, muayyan jinoyatni sodir etganlik uchun
ozodlikdan mahrum qilish kabi asosiy jazodan boshqa mol-mulkni musodara qilishni ham
o’zida mustahkamlaydi.
Huquq normalarini yana asosiy (dastlabki) va hosila normalarga bo’lish ham ancha
keng tarqalgan, birinchisida umumiy xarakterga ega bo’lgan
qoidalar mustahkamlansa
(masalan qonun normalari), ikkinchisida esa, umumiy qoidalarni rivojlantiruvchi,
aniqlashtiruvchi normalar mustahkamlanadi (masalan, normativ aktlar normalari qonun
normalarini aniqlashtiradi, konkretlashtiradi).
Huquq normalari yana harakati hududiga qarab, umumiy harakat qiluvchi, mahalliy
miqyosda harakat qiluvchi normalarga bo’linadi, bunda birinchisi butun mamlakat hududida
amal qilsa, ikkinchisiga kiradigan normalar ma’lum hudud-larda
amal qilishi mumkin,
masalan, ekologik inqiroz hududlarida, juda baland tog’lar sharoitida, cho’l zonasida,
radiaktiv xavf mavjud zonalarda va hokazo.
Huquq normalari sub’yektlariga qarab, umumiy va maxsus normalarga bo’linadi,
bunda birinchisi hamma huquq sub’yektlari uchun taalluqli bo’lsa, ikkinchisi esa, aholining
muayyan guruhi uchun yoki aniq belgilangan doiradagi sub’yektlarga, jumladan:
pensionerlarga, nogironlarga, ichki ishlar xodimlariga va boshqalarga taalluqli bo’ladi.
Huquqiy tartibga solish uslubiga qarab, huquq normalarini yana imperativ, dispozitiv
normalar guruhlariga bo’lishadi. Imperativ normalar qa’tiy amr xarakteriga ega bo’lib, xatti-
harakat sub’yektiga belgilangan harakat modelidan chetga chiqishni man etadi, masalan,
ko’pgina ma’muriy-huquqiy normalar shunday mazmundadir.
Dispozitiv normalar, imperativ normalardan farqli o’laroq,
munosabat
qatnashchilariga o’z xatti-harakatlari variantlarini, sub’yektiv huquq va majburiyatlar hajmi
to’g’risida kelishib olish imkonini o’zida ifodalaydi. Dispozitiv normalar ko’proq fuqarolik-
huquqiy munosabatlarda uchraydi.
Kollizion normalarda - biron-bir holat bir emas, balki bir necha huquqiy normalar
ta’siriga tushib qolishi mumkin va bu holda o’sha normalar o’rtasida nizo - «to’qnashuv»
sodir bo’ladi, bu holatni hal etish uchun kollizion normalar qabul qilinadi. Shu bois kollizion
normalar «hakamnorma» deb yuritiladi va unda o’sha holatni tartibga solishda qaysi
huquqiy norma qo’llanilishi ko’rsatiladi.