18.2. Dastlabki tergovni toʻxtatishning asoslari
Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 364-moddasiga asosan dastlabki tergovni toʻxtatishning 4 ta asosi mavjud boʻlib, tergovchi qaroriga koʻra quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
– ish boʻyicha ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim boʻlgan shaxs aniqlanmagan;
– ayblanuvchining qayerda ekanligi noma’lum boʻlgan;
– ayblanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketgan, basharti, uning tergovga kelishini ta’minlash imkoniyati boʻlmasa;
– ayblanuvchi ishni yuritishda uning ishtirok etishini istisno etadigan ogʻir va davomli, lekin davolab boʻladigan kasallikka chalingan.
Jinoyat ishi yurituvini toʻxtatishning hamma asoslari jinoyat protsessining barcha bosqichlarida bir xilda amal qilavermaydi. Ish boʻyicha ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim boʻlgan shaxsning aniqlanmaganligi asosi faqat ishni sudga qadar yuritish bosqichida amal qiladi.
Ayblanuvchining qayerda ekanligi noma’lum boʻlganida dastlabki tergovni toʻxtatish. Jinoyat ishida qayerda ekanligi noma’lum boʻlgan ayblanuvchi(lar)ni aniqlash holatlari jinoyat ishi yurituvini toʻxtatishning boshqa asoslariga qaraganda jiddiy ahamiyat kasb etadi. Chunki ushbu asos bilan toʻxtatishda jinoyat sodir etgan shaxs aniq va uning sodir etgan qilmishi jinoyat ishidagi dalillar bilan toʻliq isbotlangan boʻladi.
Jinoyat hodisasi boʻyicha gumon qilinuvchiga emas, balki shaxsni ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilish masalasi dalillar bilan toʻliq isbotlanganidan soʻng, uning tergovga kelishini ta’minlash maqsadida tergovchi tomonidan qidiruv e’lon qilinadi.
Ayblanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketgan taqdirda dastlabki tergovni toʻxtatish. Qayerdaligi ma’lum boʻlgan ayblanuvchini tergovga olib kelish imkoniyati mavjud emasligi tergov organlarida har doim muammo boʻlgan. Bunga ikki davlat oʻrtasida jinoyatchilarni ushlab berish boʻyicha davlatlararo shartnomaning boʻlmasligi, sodir etilgan qilmish chet davlat qonunlariga koʻra jinoyatni istisno etishi, xorijiy davlatda boshqaruvning izdan chiqishi va mamlakatda favqulodda vaziyat e’lon qilinishi, moliyaviy jihatdan (masalan, transport xarajatlari tufayli) xorijiy davlatdan ayblanuvchining olib kelinishi ta’minlash imkoniyatlari mavjud emasligi sabab boʻladi. Xorijiy davlatda yurgan shaxsni ushlab berish toʻgʻrisida soʻrov yuborish JPKning 599-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ayblanuvchi yoki sudlanuvchi kasal boʻlib qolganida jinoyat ishini yuritishni toʻxtatish. Ayblanuvchi jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishini istisno etadigan ogʻir va davomli, lekin davolab boʻladigan kasallikka chalingan hollarda dastlabki tergovni toʻxtatishning boshqa asoslardan farqli jihati shaxsning qayerda ekanligi yoki ayblanuvchining shaxsi bilan emas, balki uning tergov va sud jarayonida ruhiy hamda jismoniy jihatdan qatnasha olish imkoniyati bilan bogʻliq. JPKning 364-moddasi birinchi qismi 4-bandiga koʻra dastlabki tergovni toʻxtatish shaxsning ogʻir va davomli kasalligi haqida berilgan, ammo ruhiy kasalligi haqida soʻz yuritilmagan, biroq bu degani ishni toʻxtatib boʻlmaydi degani emas, balki ogʻir kasalga chalingan shaxs deganda “ruhiy kasal”ni ham oʻz ichiga oladi. Shuning uchun JPKning 366-moddasi birinchi qismiga binoan sud-tibbiyot eksperti yoki psixiatr-ekspert ayblanuvchining kasalini jinoyat ishini yuritishda uning ishtirok etishini istisno etadigan ogʻir va davomli, lekin davolab boʻladigan kasallik deb topsa, ish boʻyicha dastlabki tergov ayblanuvchi u sogʻaygunga qadar toʻxtatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |