17.1. Jinoyat ishida gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilishning mohiyati va asoslari
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasida jalb qilish shaxsga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi maqomining berilishi bilan bogʻliq boʻlib, ushbu harakatlar majmui quyidagilardan iborat:
1) tegishli qarorning qabul qilinishi (chiqarilishi);
2) uning mafaatdor shaxsga e’lon qilish;
3) huquq va majuriyatlarning tushuntirilishi;
4) gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini birinchi marotaba soʻroq qilish.
Shaxsni gumon qilinuvchi tariqasida va ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilishni imkon beradigan holatlar mavjud boʻlib, ularni quyidagicha shartlarga ajratish mumkin:
Birinchi shart – qoʻzgʻatilgan jinoyat ishining mavjudligi. Jinoyat ishi qoʻzgʻatilmasdan turib, huquq va majburiyatlarni cheklash bilan bogʻliq qarorlar qabul qilish, jumladan, shaxsni ayblanuvchi tariqasida jalb qilish mumkin emas.
Ikkinchi shart – jinoyat ishida gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilishning vakolatli subyekt tomonidan amalga oshirilishi. Jinoyat ishida shaxsni gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qaror ishni yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi va prokurorning vakolati sanaladi.
Uchinchi shart – bu jinoyat ishini yuritishga monelik qiladigan holatlarning mavjud emasligi. Qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha JPKning 83–moddasidagi reabilitatsiya qilish uchun asoslar va 84-modda birinchi qismida nazarda tutilgan ayblilik masalasini hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish asoslari mavjud boʻlganida shaxs gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida jalb qilinmaydi.
Toʻrtinchi shart – jinoyat ishida gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi koʻzlanayotgan shaxsning javobgarlikka tortishni istisno qiladigan holatlarning mavjud emasligi. Agar shaxs jinoyat sodir qilingan vaqtda jinoiy javobgarlik subyekti boʻlib, tergov davomida javobgarlikdan ozod qiladigan darajadagi kasallikka chalinsa, mazkur shaxs gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasida jalb qilinishi mumkin emas.
Beshinchi shart – immunitetga ega boʻlgan shaxslarni gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun tegishli organlardan rozilik olinishi. Bunday shaxslar toifasiga Oʻzbekiston Respublikasi vakillik organlarining deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, sudyalar kiradi. Jinoyat protsessida mazkur shaxslarni gumon qilinuvchi va ayblanuvchi tariqasida jalb qilgunga qadar ularning xizmat immuniteti olib tashlangan taqdirda, ayblanuvchi tariqasida jalb qilish uchun alohida rozilik olish shart emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |