Dastlabki tergov jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida qaror chiqarish, ayblov xulosasi tuzish, ishni tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash yoki taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqarish yoxud amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida taqdimnoma tayyorlash bilan tamomlanadi.
Amnistiya aktini qoʻllash uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, surishtiruvchi, tergovchi tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini qaysi shaxsga nisbatan amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi masala qoʻyilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxsning, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining arizasi hamda amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish haqida yoxud jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish haqidagi taqdimnoma bilan prokurorga yuboradi.
Prokuror surishtiruvchining, tergovchining taqdimnomasi asosliligini tekshirib unga rozi boʻlgan taqdirda, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimosnomani tergovga qadar oʻtkazilgan tekshiruv materiallari yoxud jinoyat ishi bilan birga JPKning 587- va 589-moddalariga rioya qilgan holda sudga yuboradi.
Dastlabki tergov yuritish jarayonida JPKning 84-moddasida belgilangan asoslarning aniqlanishi yoki vujudga kelishi shaxsning jinoyat sodir etilishida aybliligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishi tugatilishiga asos boʻladi. Bunda taraflar roziligi olinishi zarur boʻlgan holatlar ham JPKning 84-moddasida koʻrsatilgan boʻlib, bu qoidaga rioya qilmaslik jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorning bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.
19.2. Jinoyat ishi tamomlangandan keyin undagi materiallar bilan tanishib chiqish
Jinoyat ishi tamomlangandan keyin undagi materiallar jinoyat protsessining manfaatdor taraflariga tanishib chiqish uchun taqdim qilinadi. Ya’ni dastlabki tergov tamom boʻlgani haqida tergovchi, surishtiruvchi huquqiy manfaatdor ishtirokchilarga e’lon qilishi lozim. Agar toʻplangan dalillarga asoslanib ayblov xulosasi tuziladigan boʻlsa, tergov yakunlangani haqida dastlab ayblanuvchi va uning himoyachisiga e’lon qilinadi va ularga ish materiallari bilan tanishib chiqish huquqi tushuntiriladi va jinoyat ishi tikilgan va har bir betlari raqamlangan, roʻyxatlangan holda ularga birinchi navbatda tanishish uchun taqdim etiladi.
Agar tergov natijalariga koʻra jinoyat ishi tugatilgan boʻlsa, bu haqida dastlab gumon qilingan va ayblangan shaxslarga hamda ularning himoyachisiga xabar beriladi va ularning iltimosiga binoan ish materiallari bilan tanishishlariga imkon yaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |