Mavzu boʻyicha xulosalar
Mazkur mavzuni oʻrganishda oʻquvchilar sud tergovi tamomlangandan soʻng taraflar muzokarasining mazmuni va tartibi, tarafning nutqi, nutqiga e’tirozlar, taraflarning ayblov mohiyati yuzasidan takliflari, ularni taqdim etish tartibiga, sudlanuvchining oxirgi soʻzi, uni ifoda etish tartib-qoidalari, sud tergovini yangidan boshlash, yangidan boshlangan sud tergovining protsessual tartibini va sudning qaror qabul qilish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishi tartib-qoidalariga qatʻiy rioya qilinishi koʻnikmalariga ega boʻlishlari lozim.
Muammoli savollar va kazuslar
Kazus
Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2 qismi “l” bandi bilan ayblangan F.Samatovning jinoyat ishi sudda koʻrilishida, sud tergovi tamomlangandan soʻng sud taraflarning muzokarasini eshitishga oʻtib, birinchilar qatorida davlat ayblovchisi va himoyachiga, soʻng jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisiga, ulardan soʻng jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgarga, sudlanuvchiga soʻz bergan.
Sud muzokara nutqi bilan chiquvchilar novbatini belgilashi qonuniymi? Sud taraflarning muzokarasini eshitish tartibiga oid protsessual qonunni tahlil qiling.
XXVII BOB. HUKM
(Muallif – yuridik fanlar nomzodi S.Saxaddinov)
Annotatsiya: ushbu mavzuning oʻzlashtirilishi oʻquvchilarda jinoyat protsessining muhim institutlaridan biri boʻlgan hukm, uning turlari va unga qoʻyilgan talablar toʻgʻrisida tushuncha hosil qiladi; jinoyat protsessida hukm chiqarishning protsessual tartibini oʻrgatadi; hukm chiqarish vaqtida hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar toʻgʻrisida tasavvurlarini shakllantiradi.
27.1. Hukm va unga qoʻyilgan talablar
Hukm – birinchi instansiya sudi tomonidan sud muhokamasi natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan, sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybdor yoki aybsizligi va unga nisbatan jazo qo‘llash yoki qo‘llamaslik, shuningdek sudlanuvchini jinoiy javobgarlik yoki jazodan ozod qilish masalasini hal qilishga yo‘naltirilgan protsessual hujjatdir. Sud hukmni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqaradi.
JPKning 457–459-moddalarida koʻrsatilgan, ya’ni jinoiy qilmish, sudlanuvchining aybi, sudlanuvchining javobgarlik darajasi va maqomi, jazoni ijro etish sharoitlari, fuqaroviy da’vo va ashyoviy dalillar, sud xarajatlari va sudlanuvchiga nisbatan majburlov choralarini tayinlash haqidagi masalalar alohida xonada (maslahatxonada) muhokama qilish vaqtida sud ish uchun ahamiyati boʻlgan biror holat qoʻshimcha ravishda aniqlanishi kerak deb topsa, hukm chiqarmay, sud tergovini yana davom ettirish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Hukmni tuzishga kirishish uchun quyidagi uchta masalani muhokama qilishni hal etishi lozim:
birinchidan, JPKning 457-459-moddalarida nazarda tutilgan hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalarni;
ikkinchidan, sudlanuvchining ruhiy kasalligi va aqli norasoligi masalasini;
uchinchidan, shartli hukm qilingan shaxs ustidan kuzatuv olib borish masalasini.
Shuningdek, JPKda hukmga, shu jumladan, uni bayon etish uslubiga qoʻyilgan talablar ham ifodalangan. Xususan, hukm: 1) ish qaysi tilda koʻrilgan boʻlsa, shu tilda boʻlishi; 2) aniq va tushunarli iboralarda bayon qilinishi; 3) uch qism: kirish, tavsif hamda qaror qismlaridan iborat boʻlishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |