Kassatsiya tartibida ish yuritishning asosiy xususiyatlari. Kassatsiya tartibida shikoyat berish vakolati huquq va manfaatlarining himoya qilinishi hukmda qabul qilingan qarorlar bilan bogʻliq boʻlgan barcha subyektlarga (JPKning 498-moddasiga asosan: mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili va boshqalar) berilgan. Kassatsiya tartibida shikoyat berish erkinligi shikoyat berishning soddaligida, shikoyat berish protsedurasining ochiqligida ham namoyon boʻladi.
Hukmlar ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish tartibi.Qonuniy kuchga kirgan sud hukmlari ustidan yuqori sudga kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish mumkin. Chunonchi, jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarining qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha sudiga, jinoyat ishlari boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga; Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha sudining, jinoyat ishlari boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan shu sudlarning sudlov hay’atlariga; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudining qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan shu sudning sudlov hay’atiga; okrug va hududiy harbiy sudlarning qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan esa shu sudning sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish mumkin (JPKning 499-moddasi).
Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrib chiqish tartibi.JPKning 505-moddasiga binoan birinchi instansiya sudining raisi kassatsiya shikoyati yoki protesti tushgan ish kassatsiya instansiyasi sudida koʻriladigan kun va joyini belgilaydi, bu haqida kassatsiya shikoyati bergan shaxslar xabardor qilinadi.
Tegishli sud hay’atlarida kassatsiya tartibida ishlarni koʻrish uch nafar sudyadan iborat tarkibda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudining hukmlariga kassatsiya shikoyati (protesti) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudining tegishli sudlov hay’atlarida besh nafar sudyadan iborat tarkibda koʻrib chiqiladi.
Ishni kassatsiya instansiyasining sud majlisida koʻrishda hukm ustidan shikoyat berish huquqiga ega boʻlgan shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Ish koʻriladigan joy va vaqt haqida oʻz vaqtida ogohlantirilgan mazkur shaxslarning uzrsiz sabablarga koʻra kelmaganliklari ishni koʻrishga monelik qilmaydi. Jazoni ijro etish muassasasidagi mahkumning kassatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etishi, shuningdek uni sud majlisiga olib kelish zarurligi masalasini sud hal qiladi.
Ikkinchi instansiya sud majlisida hukmning qonuniyligi va asosliligi haqida oʻz fikrini bayon qiladigan prokurorning ishtiroki shart. Ayni paytda qonunga koʻra kassatsiya instansiyasi sudida prokurorning ishtiroki shart boʻlib, JPKning 51-moddasi birinchi qismining 9-bandiga asosan himoyachining ishtiroki ham ta’minlanishi shart. Shu sababli prokuror yoki himoyachi kelmagan hollarda ishning muhokamasi keyinga qoldirilishi kerak.