20.2. Surishtiruvni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan mansabdor shaxslar va jinoyat ishining tergovga tegishliligi
Jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 38-moddasiga koʻra ichki ishlar organlari; Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi boʻlinmalari; Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning joylardagi boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va uning joylardagi boʻlinmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va uning joylardagi bo‘linmalari surishtiruvchilari tomonidan olib boriladi.
Agar surishtiruvni olib borishda dastlabki tergov organiga tegishli boʻlgan va tergov qilinayotgan jinoyat ishi bilan bogʻliq boʻlgan yangi jinoyat aniqlansa, prokurorning roziligi bilan jinoyat ishi JPKning 345-moddasida belgilangan tergovning tegishliligiga koʻra dastlabki tergov organiga oʻtkaziladi. Tergov qilinayotgan jinoyat ishi bilan bogʻliq boʻlmagan yangi jinoyat aniqlansa, jinoyat ishini ajratish va boshqalarga oʻtkazish JPKning 332 va 345-moddalariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda agar mazkur yangi jinoyat JPKning 345-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatlar turkumiga kirsa, ya’ni tergovi qoʻzgʻatgan organ tomonidan olib boriladigan jinoyat ishi boʻlsa, ajratilgan jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergovni amalga oshirish prokuror tomonidan dastlabki tergov organiga topshiriladi.
Turli surishtiruv organlariga tegishli jinoyat ishlari bitta ish yurituviga birlashtirilganida, prokuror surishtiruvni olib borishni ogʻirroq jinoyat toʻgʻrisidagi jinoyat ishining tergovi qaysi organga tegishli boʻlsa shu organga, jinoyatlarning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi teng boʻlganda esa jinoyat ishi boʻyicha uzoqroq muddat davomida surishtiruv olib borayotgan organga topshiradi.
20.3. Surishtiruv oʻtkazish tartibi, surishtiruvning boshlanishi va surishtiruv yuritish muddati
Surishtiruv surishtiruvchi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatish va uni oʻz ish yurituviga olish toʻgʻrisida qaror yoki surishtiruvchiga oldin qoʻzgʻatilgan ish berilgan boʻlsa, uni oʻz ish yurituviga olish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan vaqtdan boshlanadi va bir oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim. Mazkur muddat prokuror tomonidan yigirma kungacha uzaytirilishi mumkin. Jinoyat ishi ayblov dalolatnomasi bilan yoki ishni tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash yoxud taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish toʻgʻrisidagi qaror bilan, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisidagi taqdimnoma bilan prokurorga topshirilgan kuni yoxud ishni tugatish haqida qaror chiqarilgan kuni surishtiruv tamomlangan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |