II.2. Hanafiy mazhabi rivojida O`rta Osiyo faqihlarining roli va hissasi.
Islomning Markaziy Osiyoga tarqalishi tufayli bu yerda juda ko`p mahalliy Islom olimlari hadisshunos (muhaddis), Qur`on tafsirshunoslari (mufassir) va Islom dini qonun-qoidalari,yo`l-yo`riqlari bilan shug`ullanuvchi yuzlab mashhur, Islom dunyosi tan olgan olimlar yetishib chiqdilar. Bular Islom dini borasida jahon faniga o`zlarining ulkan hissalarini qo`shib ketdilar. Ularning asarlari hozirgacha Islom dini hukmron yoki xalqi shu dinni qabul qilgan davlatlardagi diniy madrasa va institutlarda asosiy qo`llanma sifatida o`qitilib kelinmoqda. Ular Markaziy Osiyo shuhratini musulmon dunyosi miqyosiga ko`targan mashhur olimlardir.
O`rta Osiyoda muxarrijlar, as`hobut-tarjih va taqlid davrlariga tegishli bo`lgan yuzlab asarlar va ularning mualliflari haqida so`z yuritish keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlarini talab qiladi. Biz O`rta Osiyo, ayniqsa, O`zbekiston xududida Hanafiy mazhabining buyuk vakillari sifatida tan olinib, o`z ilmiy faoliyatlari bilan dong taratgan mashhur faqihlardan ayrimlarini tanishtirib o`tamiz.
Abulhasan Burhonuddin Ali ibn Abu Bakr Marg`inoniy.
Vatandoshimiz Burhonuddin Marg`inoniy shariat qonun-qoidalarini ishlab chiqqan, ularning hayotga tadbiq etilishiga doir yo`l-yo`riqlarni ko`rsatib bergan buyuk allomadir. Uning asl ismi Abulhasan Burhonuddin Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil al-Farg`oniy ar-Rishtoniy al-Marg`inoniy bo`lib, tug`ilgan yili aniq emas. Keyingi vaqtlarda taxminan hijriy 510 (milodiy 1116-1117) yilda tug`ilgan deyilmoqda. Hijriy 593 (1197) yili vafot etgan. Burhonuddin (dinning ishonchi, dalili) laqabini unga boshqa olimlar berishgan.
Burhonuddin Movarounnahrning Rishton, Marg`ilon, Buxoro va Samarqand shaharlarida oliy diniy ta`lim oldi. Qur`oni Karimni yodladi va hanafiya mazhabining musulmon qonunshunosligi bo`yicha nazariy va amaliy fiqh olimi sifatida shuhrat qozondi. Islom dunyosi olimlari uni hanafiya mazhabining yirik faqihi (qonunshunosi), muhaddis, mufassir (Qur`on sharhlovchisi) sifatida tan olganlar va uning ijodiga yuksak baho berganlar. “U islom dunyosida o`zigacha yaratilgan diniy asarlarni mutolaa qildi, ularni tartibga soldi, tolmas-charchamas tadqiqotchi,iymonli-e`tiqodli, xudojo`y inson, yuksak darajadagi huquqshunos, adib, shoir, unga o`xshashi fan va adabiyotda bo`lmagan ”, deb yozgan edi Abdulhay al-Lankoviy o`zining “al-Favoid al-abahiya fi tarjim – il-hanafiya” nomli kitobida.
Burhonuddin shariat asoslarini mashhur faqihlar Abu Hafs Najmuddin an-Nasafiy as-Samarqandiy, Xusomuddin ibn Maoz, Abu Umar Usmon as-Saraxsiy al-Paykandiy kabilardan, hadis ilmini buyuk muhaddis Abu Iyso at-Termiziy to`plagan hadislardan o`rgangan. Uning fiqh ilmida mashhur bo`lishi buyuk nazariyotchi, shariat asoschilaridan biri al-Quduriy asarlarini mutolaa qilishi asosida amalga oshdi.
Burhonuddin Marg`inoniy “Nashr al-mazhab” (Mazhabning tarqalishi), “Kitob at-tajnis va-l-mazid” (Tajnis va ziyoda qilish), “Muxtasarot at-navozil” (Nozil bo`lganlarning bayonoti), “Kitob al-Faroiz” (Farzlar haqida kitob), “Kitob manosih al-haj” (Haj qonunlari haqida kitob), “Sharh al-jome` al-kabir ash-Shayboniy” (Ash-Shayboniyning “al-Jome` al-Kabir” sharhi), “Mazid furu` il-hanafiyya” (Hanafiyya shohobchalariga qo`shimcha), “Bidoya al-mubtadiy” (O`rganuvchi uchun boshlang`ish kitob), “”Muxtor al-fatvo” (Tanlangan fatvolar) kabi asarlar yozib qoldirgan.
Al-Marg`inoniy asarlarida islom diniy-huquqiy qonunlari aniq qilib belgilab berilgan. Bunday o`ziga xoslik bois “Hidoya” musulmon huquqiy tizimi va huquqiy ijodiyotining nafaqat an`anaviy hanafiya mazhabi uchun, balki sunniy Islom tarqalgan barcha mamlakatlar uchun yagona qomusiy qonunga aylangan. Alloma shariat qonunlari asosi bo`lmish fiqhga oid asarlarida, ayniqsa, “Hidoya” da yechilishi qiyin, chigal masalalarni hal qilishning qisqa va aniq, ishonchli, shu bilan birga nazariy va amaliy asoslangan yo`l-yo`riqlarni belgilab bergan. Bular rasm-rusumlar, tartib-qoidalar, oila va nikohning huquqiy asoslari, davlat-huquqiy tizimi va jinoiy jazolar masalalaridan iborat. Shuningdek, uning bosh g`oyaviy va huquqiy merosidan quyidagi asosiy yo`nalishlarni: birinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarning huquqiy asoslarini, ikkinchidan, shaxsiy mulkning turli-tuman shakli, shaxsiy mulk va davlat orasidagi aloqalarning huquqiy asoslarini va moliyaviy faoliyatlarini, uchinchidan ijtimoiy va huquqiy ko`rinishga ega bo`lgan jinoyat va jazolarning huquqiy asoslarini, to`rtinchidan, fuqarolik huquqining nazariy va amaliy asoslarini, beshinchidan, sud (qozi)lar va sud ishiga oid masalalarni yuritish yo`llari va tartib usullarini ko`rsatib o`tish mumkin.
Mustaqillik tufayli buyuk allomalarimiz hayoti va ijodiy merosini o`rganish imkoniga ega bo`ldik, uning maqbara hamda masjidlari qayta qurildi va ta`mirlandi. Xususan, Burhonuddin Marg`inoniy ijodiy merosini o`rganishga huquqshunoslik fanlari doktori A.Saidov qo`l urdi va “Hidoya” asarining ruscha tarjimasining 1-jildi qayta nash etildi.
Burhonuddin Marg`inoniy tavalludining, hijriy sana bo`yicha, 910 yilligini nishonlash munosabati bilan butun respublikamizda, olim tavallud topgan Farg`ona vodiysida katta ishlar qilindi.
Buyuk vatandoshimiz Burhonuddin Marg`inoniy hayoti va ijodini chuqur o`rganish, uning asarlarini xalqimiz qo`liga yetkazish sharqshunoz, huquqshunos, tarixshunos va faylasuflarimizning sharafli burchidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |