Beshinchi tamoyil– bozor iqtisodiyotiga asta-sekin, bosqichma-bosqich o‘tish. Bu tamoyil O‘zbekiston modelining tamal toshi, uning asosiy mezonidir. Bozor iqtisodiga o‘tish – bu mavjud iqtisodiy tuzumni ta’mirlab takomillashtirish emas, balki tamoman yangi bozor tizimini yaratishni bildiradi. Bu yo‘l revolyusion emas, balki evolyusion yo‘ldir. Bu o‘tish davri bir qancha bosqichlarni o‘z ichiga oluvchi uzoq davr ekanini bildiradi va odamlar uchun mutlaqo yangi hayot falsafasi hisoblanadi.
Mazkur tamoyilga binoan islohotlar tadrijiy yo‘l bilan, ular mustabid-rejali iqtisoddan sekin-asta bozor tizimiga o‘tishini, ammo bu talofatsiz, larzalarsiz bo‘lishini bildiradi. Shoshma-shosharlik bilan bozor qoidalarini hayotga joriy etib bo‘lmaydi. Buning uchun tayyorgarlik va muayyan vaqt talab qilinadi. Bozor munosabatlari shakllanib ulgurmagan sharoitda mavjud aloqalarni buzib yuborish iqtisodni izdan chiqarishi, aholi turmushini keskin pasaytirib, sotsial to‘qnashuvlarga olib kelishi mumkin. Shu sababdan islohotlar evolyusion tarzda va sharoit hozirlanishiga qarab ketma-ket o‘tkazilishi kerak. Sekin-astalik va ehtiyotkorlik qoidasi “falaj terapiyasi” tamoyilini inkor etadi. Bu O‘zbekistonning yangi tuzumga, bozor iqtisodiyotiga o‘tishdagi o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan milliy yo‘li edi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ishlab chiqqan milliy model o‘ziga xos bo‘lib, unda bozor iqtisodiyotining ma’lum bir turi yoki muayyan bir davlat yo‘li to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib olingani yo‘q. Uni tanlashda mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy sharoiti va salohiyatidan, xalqimizning tarixi, milliy urf-odatlari, diniy e’tiqodidan kelib chiqildi. Bunda ko‘plab rivojlangan davlatlar tajribasi mukammal o‘rganildi va inobatga olindi.
Dunyo amaliyotida o‘tish davri uchun mukammal modelning o‘zi yo‘q. Negaki, bir davlatning yo‘li boshqalar uchun mutlaqoto‘g‘ri kelmasligi mumkin. Har bir mamlakat o‘ziga xos siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, geopolitik va tabiiy-geografik sharoitga ega. Shu ma’noda har bir davlat o‘z iqtisodiy rivojlanish modeliga ega bo‘lishi kerak.
Amalda “O‘zbek modeli” atamasi O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylanishi bilan bog‘liq tarzda paydo bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan ushbu atama 1993 yildan qo‘llanila boshlandi, chunki bu davrdan boshlab O‘zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar o‘zida iqtisodiy o‘sish bilan hamohang tarzda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni mujassamlashtirgan edi. Bu ayniqsa sobiq Ittifoq parchalangan davrning dastlabki yillarida ko‘zga tashlanardi. Albatta, har qanday progressiv g‘oyaning evolyusiyasi bo‘lgani kabi, O‘zbekiston rahbari tomonidan taklif etilgan rivojlanish konsepsiyasi, islohotlarning ko‘lami yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda takomillashib, chuqurlashib bormoqda.
Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga o‘tishning nazariy asoslari, strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari, muammolari va ularning hal etilish yo‘llari dastlab Prezidenti Islom Karimovning “O‘zbekistonning o‘z istiklol va taraqqiyot yo‘li”, “O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat”, “O‘zbekiston bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li”, “O‘zbekistonning siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillari” asarlarida o‘z ifodasini topdi.Keyinchalik ushbu konsepsiya “O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida”, “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka taxdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari”, “O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda”, “O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari”, “Bizning bosh maqsadimiz – jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir” kabi asar hamda ma’ruzalarida takomillashtirib kelinmoqda.
Tahlillar hozirgi davrgacha o‘zbek modeli o‘zining rivojlanishida bir necha bosqichlarni bosib o‘tganini ko‘rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |