Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi xodimlarining moddiy manfaatdorligi va turmush sharoitini yaxshilash uchun dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarining xarid narxlari muttasil oshirib borildi. Kartoshka, meva-sabzavot, chorva, parranda, sut, tuxum, qorako‘l teri va jun mahsulotlariga 1995 yil boshiga kelib erkin (kelishilgan) narxlar joriy qilindi. Qishloq xo‘jaligining asosiy mahsuloti hisoblangan paxta yetishtirishni qo‘llab-quvvatlashga doimiy ravishda e’tibor qaratib kelindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining1992 yil 22 oktyabrdan 481-sonli “Paxta xom ashyosiga xarid narxlarini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, davlat buyurtmasi uchun xarid narxi 1992 yil hosilidan boshlab 1,5 martaga oshirildi.
Uchinchidan, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib berish uchun davlat buyurtmasi tizimi ham muntazam ravishda qayta ko‘rib borildi. Bunda davlat buyurtmasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ekin maydonlari va mahsulot yetishtirish miqdorini nazorat qilishni cheklash, ya’ni xo‘jaliklar uchun ma’lum qishloq xo‘jalik ekinlari ekish uchun xo‘jaliklarga qat’iy talablar qo‘yishdan voz kechish va yetishtirilgan mahsulotlarning ma’lum qismiga bo‘lgan talabni bekor qilish nazarda tutilgan edi.
Davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarning aholi ehtiyojidagi tutgan mavqei va ularning yetishtirilayotgan xo‘jalik shakllarining davlat tasarrufida ekanligi inobatga olindi. Dastlab, 1994 yildan boshlab sabzavot, poliz, kartoshka, meva, uzum, kanop, tamaki, jun, pilla, qorako‘l teriga, 1995 yildan boshlab go‘sht, sut va tuxumga davlat buyurtmasi bekor qilindi. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan paxta bo‘yicha ham davlat buyurtmasi 1991 yilda 95 foizdan 1995 yilda 60 foizgacha va don bo‘yicha, mos ravishda 100 foizdan 50 foizgacha qisqartirildi. Bunday jarayon, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini bozor iqtisodiyoti tamoyillariga ko‘nikishlari uchun shart-sharoit yaratib berdi.
Birinchi bosqichda erishilgan katta yutuq bu don mustaqilligiga erishilishidir. Birgina, 1994 yilda mamlakat “Don mustaqilligi Dasturi”ning amalga oshirilishi natijasida don ekinlari maydoni 1,5 marta, hosildorlik 2,7 marta, yalpi hosil esa 3,9 marta oshib, aholi jon boshiga don ishlab chiqarish bir necha barobar ortdi,bir vaqtning o‘zida siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilish imkonini berdi.
Shunday qilib, qishloq xo‘jaligini isloh qilish amaliyoti va maqsadlarining huquqiy asosi zamon talablaridan ortda qolayotganligini inobatga olib, bu soha bo‘yicha yaqin yillarga mo‘ljallangan dasturni ishlab chiqish zarurati yuzaga keldi va 1998 yil 18 martda “1998-2000 yillardagi davrda qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Oliy Majlisning yangi tahrirdagi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi va “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari hamda 1998 yil 22 apreldagi “Dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori ushbu dasturni amalga kiritishga asos bo‘lib xizmat qildi.
Mamlakat qishloq xo‘jaligida islohotlar o‘tkazishda yerni xususiy mulk qilib berish mulkdorlar sinfini shakllantirishningboshlanishi edi. Shu ma’noda quyidagi chora tadbirlar amalga oshirila boshlandi:
– avvalo, sobiq kolxozlar haqiqiy hissasi va xo‘jalikning yil davomidagi ish natijalariga ko‘ra har bir a’zoga dividend olish imkoniyatini beruvchi kooperativ paychilik xo‘jaliklariga aylantirila boshlandi. 1999 yilda 898 ta xo‘jalik kooperativga (shirkatlarga) birlashdi.
– davlat tomonidan qishloq xo‘jalik korxonalariga cheksiz muddatga berilgan yer maydonlarini pudratchilarga biriktirib bergan holda, shirkat xo‘jaligi korxonalari a’zolari o‘rtasida ijara pudratining turli ko‘rinishlari (jamoa, oila pudrati kabilar) joriy etila boshlandi.
1998 yilda yer pudrat jamoalariga 1 yilga berilgan bo‘lsa, 1999 yildan boshlab 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga topshirildi;
– ko‘p sonli xususiy fermer xo‘jaliklarini tashkil qilish siyosati davom ettirilib, ularga yer uzoq muddatli ijaraga, ya’ni 50 yildan ko‘p bo‘lmagan, lekin kamida 10 yillik muddatga beriladigan bo‘ldi.
2000 yilning 1 yanvariga kelib respublikada 31,1 mingta fermer va 1,541 mln. ta dehqon (oilaviy dehqon) xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatdi. Fermer va dehqon xo‘jaliklariga biriktirilgan yer maydoni 1996-2000 yillarda 18,7 ming gektardan 21,4 ming gektargacha kengaydi. 1998 yilda fermer xo‘jaliklarining hissasi ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotining umumiy hajmida 3,5 % ni tashkil qilgan bo‘lsa, 1999 yilda 4,4 % ni tashkil qildi9.
Bundan tashqari, ko‘plab xo‘jaliklarning moliyaviy ahvolini o‘nglash maqsadida, hukumat xo‘jaliklarni sanatsiya qilish tadbirlarini belgiladi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi va “Qishloq xo‘jalik korxonalarini sanatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari orqali sanatsiya tadbirlarini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratilgan bo‘lsa, Respublika Prezidenti va hukumatining qator Farmon va qarorlari asosida sanatsiyani amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi.
O‘zbekistonda sanatsiya yordamida qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash amaliyoti asosan 1998 yildan boshlandi. Ammo dastlabki davrda bu boradagi chora-tadbirlar ishlanish darajasidagi holatda bo‘lsa, keyingi davrlarda (asosan 2000 yildan boshlab) bu ish maqsadli va samarali tus ola boshladi.
Shu tariqa 2004 yildan respublika qishloq xo‘jaligida olib borilgan islohotlar yangi uchinchi bosqichi boshlandi. Bunga qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, qishloqda ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 24 martdagi “Qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Farmoni hquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 23 martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarini ko‘paytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida kam ta’minlangan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga mol berish, chorvachilikni va infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
2006-2010 yillar davrida shaxsiy, yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollari, birinchi navbatda qoramollar sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirish dasturi ishlab chiqildi. Dasturga muvofiq mintaqalar bo‘yicha shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida qoramollar sonini ko‘paytirish; zooveterinariya punktlari va chorva mollarini suniy urchitish punktlari tarmog‘ini kengaytirish; zotli mollarni shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklariga auksionlar orqali sotish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda don mahsulotlari korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan omuxta yemni shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarigaberishni kengaytirish chora-tadbirlari amalga oshirilishi, tuman markazlari va yirik aholi punktlarida ixtisoslashtirilgan savdo shoxobchalarini tashkil etish uchun zarur omborxonalarni tayyorlashni ko‘zda tutilgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi va viloyatlar hokimlari, homiylar va nodavlat hayriya tashkilotlari mablag‘i hisobiga kam ta’minlangan oilalarga sigir tarqatish evaziga, faqatgina 2007 yilning o‘zidayoq, barcha toifadagi xo‘jaliklarda qoramollar soni 6571,4 ming boshdan 7042,5 ming boshga, shu jumladan, dehqon xo‘jaliklarida 6061,3 ming boshdan 6537,0 ming boshga hamda fermer xo‘jaliklarida 332,3 ming boshdan 374,7 ming boshga ko‘paydi.
2008 yilga kelibdastlab tashkil topgan aksariyat fermer xo‘jaliklarida yer maydoni hajmining kichikligi maxsulot ishlab chiqarish rentabelligining o‘sishiga va barkaror foyda olishga to‘skinlik qilishi, iqtisodiy ahvoli nochor bo‘lgan fermer xo‘jaliklari o‘zlarini zarur texnika vositalari va aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga, bankdan kredit olish uchun garov taminoti qo‘yishga imkoniyati yetmayotganligi, olingan qarz majburiyatlarini qoplash uchun to‘lovga qobillik (likvidlik) darajasining pastligi aniqlandi.
Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2008 yil 6 oktyabrdagi “Fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari maydonini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2009 yil 22 oktyabrdagi “Fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari maydonlarini yanada maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishlari qabul qilindi.
Mazkur muammoni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 31 oktyabrdagi 718-sonli qarori asosida “2008-2012 yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturi”ni amalga oshirish boshlandi. “Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash” Davlat dasturi doirasida jami 130,0 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, shu hisobdan 2009 yilda 102 ta loyiha bo‘yicha 702 kilometr uzunlikda kollektor-drenaj tarmog‘i, 136 kilometr yopiq-yotiq drenaj, 195 dona tik quduqlar, 6 dona meliorativ nasos stansiyasi hamda 485 dona kuzatuv quduqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. Bundan tashqari 263 ta loyiha bo‘yicha 12 ming 696 kilometr kollektor-drenaj tarmog‘i tozalandi, 1311 kilometr yopiq-yotiq drenaj yuvildi, 1249 dona vertikal drenaj, 57 dona meliorativ nasos agregatlar ta’mirlanib, 48 mlrd. 142 mln. so‘mlik (101,8 foiz) mablag‘ o‘zlashtirildi.
Bu tadbirlar, shubhasiz, fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi yer maydonlarining yaxshilanishiga va samaradorligini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, 2012 yilda 2003 yilga nisbatan paxta hosildorligi 4,9 sentnerga, g‘alla esa 9,5 sentnerga ko‘tarildi.
Qishloq xo‘jalining yana bir muhim tarmog‘i chorvachilik sohasida ham ijobiy o‘zgarishlar jarayoni kuzatildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 21 apreldagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asoslanib, kuchli ozuqa yetkazib berish va sotishga ixtisoslashgan 13 ta hududiy va 170 ta tuman birlashmalari hamda 1448 ta hududiy shoxobchalar tashkil qilindi. Chorvachilikni rivojlantirish dasturining ijrosi doirasida 2008 yil kimoshdi savdolarida 20300 bosh qoramol, 2009 yilda yana 24600 bosh qoramol sotildi. Agar 2007 yilda qoramol sotib olish uchun 42,5 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lsa, 2008 yilda bu raqam 48,2 mlrd. so‘mni tashkil etgan. 2010 yilda qishloq aholisi turmush farovonligini yaxshilash maqsadida 2835 nafar fuqaroga qoramol sotib olish uchun 4,0 mlrd. so‘m (yillik rejaga nisbatan 8,9 foiz) imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, kam ta’minlangan oilalarga homiylar hisobidan jami 2355 bosh (85,6 foiz) qoramollar bepul yetkazib berildi.
Germaniya, AQSh, Italiya, Fransiya va Rossiya davlatlari bilan tashkil etilgan va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan qo‘shma korxonalarda bir necha turdagi yangi qishloq xo‘jaligi traktorlari va mashinalari ishlab chiqarilib, mashina-traktor parklari va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda. Qisqa muddatlarda 1964 dona “Magnum” va MX-240 rusumli yuqori unumli va 759 tadan ortiq MXM-135 va MX-140 rusumli g‘ildirakli haydov traktorlari pluglari bilan hamda 2580 ta VT-150 va 2844 ta T-4A rusumli zanjirli haydov traktorlari olib kelindi.
2010 yilning o‘zida 233 ta TS-6070, 50 ta AXOS-340S, 59 ta ARION-360S, 84 ta MX-255 rusumli g‘ildirakli haydov traktorlari iste’molchilarga yetkazib berildi. Shu bilan birga 1728 dona “Keys-2366”, 234 ta “Klaas Mega-240”, 103 ta Nyu-Xolland, 21 ta Sampo va 29 ta “Don-1500” rusumli yuqori unumli va 1006 tadan ortiq “Dominar-130” rusumli g‘alla o‘rish kombaynlari ham sotib olinib, ishlab chiqarishga joriy qilindi.
“O‘zKeysmash” qo‘shma korxonasida “Keys-2022” rusumli paxta terish mashinalari va “Keys-1200” rusumli chigit ekish seyalkalarini, “O‘zKeystraktor” qo‘shma korxonasida TL-100, TS-6070 hamda “O‘zKlaasagro” qo‘shma korxonasida AXOS-340S va ARION-360S rusumli g‘ildirakli traktorlarni yig‘ish ishlari tashkil etildi.
Shunisi diqqatga sazovorki, zamonaviy texnikalardan foydalanish salmog‘i yildan-yilga orta boshladi. Masalan, 1998 yilda jami shudgorlangan maydonlarning 53 foizi, 2005 yilda 66 foizi, 2010 yilda esa 80 foizdan oshiqrog‘i yuqori unumli zamonaviy g‘ildirakli va zanjirli haydov traktorlari bilan shudgor qilindi.
G‘alla hosilini yuqori unumli kombaynlar bilan o‘rib-yig‘ib olishda yanada yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi. Agar 1998 yilda g‘alla hosilining 45 foizi, 2005 yilda 65 foizi o‘rib olingan bo‘lsa, 2010 yilda o‘rib olingan g‘allaning 98 foizi bunday kombaynlar ulushiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, zamonaviy texnikalardan samarali foydalanishni tashkil etish, ularga yuqori saviyada texnik servis xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida respublikamiz xududlarida chet el texnikalariga xizmat ko‘rsatadigan 22 ta servis markazlari tashkil etildi.
Texnika vositalaridan unumli foydalanish, fermer xo‘jaliklarining mexanizatsiyalashgan ishlarini buyurtmalar asosida bajarib berish uchun tuman ta’mirlash ishlab chiqarish korxonalari negizida 184 ta mashina-traktor parklari va xo‘jaliklar mashina-traktor saroylari tarkibida 1757 ta muqobil MTPlar tashkil etilib, shartnomalar asosida fermerlarga xizmat ko‘rsatildi. Hozirgi kunda fermer xo‘jaliklari va mashina-traktor parklarida 160 ming nafardan ortiq malakali operatorlar ishlamoqda, ularning 115 ming nafari yoki 68 foizi 1 va 2-toifalarga egadir.
Uchinchi bosqichning o‘ziga xos xususiyati o‘sish sur’atlarining barqarorlashgani, YaIMda yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotining ulushini keskin kamayishi (17,5 foiz), dehqonchilik ulushinining ortishi (58,1 foiz) va chorvachilikning qisqarishi (41,9 foiz) bilan bog‘liq. Ekin maydonlari tarkibida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi: don 39 ming gektarga, paxta 147,5 ming gektarga qisqarib, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari 237 ming gektarga va yem-xashak 32,4 ming gektarga ko‘paydi. Shuningdek, barcha ekin turlari, chorva va parranda bosh soni hamda aholi jon boshiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erisha boshlandi.
Respublikamizning umumjahon xo‘jalik tizimiga bosqichma-bosqich samarali va mustahkam kirib borishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan agrar siyosatning strategiyasi va taktikasini oqilona belgilashga ko‘p jixatdan bog‘liqdir.
Shuningdek, agrar sohaning barqarorligi, samaradorligi va yangi iqtisodiy munosabatlarni joriy etilishi mamlakat ertasini va uning iqtisodiy qudratini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |