1.1 Qoʻshiqlarning badiiy xususiyatlari va tarbiyaviy ahamiyati .
Maʼlum boʻladiki, xalq qoʻshiqlarida inson tabiatiga xos boʻlgan ichki kechinmalarni ifodalashga urinish yaqqol seziladi. Mumtoz adabiyotimiz vakillaridan ayrimlari va XX asrda ijod etgan adiblarimizning koʻpchiligi oʻz xotiralarida, badiiy asarlarda, maqola va tadqiqotlarida xalq qoʻshiqlarining aynan ana shu fazilatlarini boʻrttirib koʻrsatishni maʼqul koʻrganlar.
Lirik qoʻshiqlar ularning boshqa turlari kabi qadim tarixga egadir. Xususan, ikki yoshning dil soʻzlari ifodalangan dastlabki qoʻshiq namunalari Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit-turk” asarida ham uchraydi. Navoiyning xalq qoʻshiqlaridan keltirgan namunalarida ham, bizningcha, oʻta taʼsirchan ruhiy vaziyat oʻz ifodasini topgan. Masalan ulugʻ mutafakkir oʻzining aruz sheʼr tizimiga oid “Mezon ul - avzon” asarida quyidagi misralarni keltirgan:
Qaysi chaman soridin keldi sabo yor – yor,
Ki damidin tushti oʻt jonim aro yor – yor.
Alisher Navoiy “Xamsa” asarining oxirgi dostoni “Saddi Iskandariy”da Iskandar bilan Ravshanakning toʻyida “Yor-yor” aytilganini taʼkidlaydi:
Men aytarman jon qardoshim yor-yor,
Sen aytarsan mungli boshim yor-yor.
Kuzatishlar shuni tasdiqlaydiki, lirik qoʻshiqlarga oddiy koʻ ngil ochish yoki shunchaki vaqt oʻtkazish vositasi sifatida munosabatda boʻlish aslo mumkin emas. Chunki:
Yurakkinamning taftiga tandir qiziydi,
Koʻzginamning yoshiga oʻrdak suziydi,
kabi misralarda qoʻshiq toʻqiyotgan shaxsning yuragida qatlanib yotgan alam va dard taʼsirida jigaridan oqayotgan zardob belgilari namoyondir.
Shunday qilib lirik qoʻshiqlarda xalqimizning hissiyotlari badiiy ifodasini topganligini alohida qayd etish lozimdir.
Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit-turk” asarida Alp er Tunga - Afrosiyob vafoti bilan bogʻliq marsiyalar keltirilgan. Bugungi kunda oʻtkaziladigan nikoh toʻylaridagi yor-yorlar, kelin salomlar ham oilaviy marosimlarga taalluqlidir. Bu qoʻshiqlarda xalq oila hayotida roʻy bergan koʻngilli yoki koʻngilsiz voqeaga nisbatan oʻz munosabatini bildirganiga guvoh boʻlamiz. Agar “Yor-yor” va “Kelin salom”larda xursandchilik kayfiyati etakchi boʻlsa, marsiyalarda inson boshiga tushgan kulfatning naqadar ogʻirligi ifodalanadi.
Inson hayoti davomida muttassil mehnat bilan shugʻullanadi. Chunki haqiqiy maʼnodagi inson uchun faqat mehnat turmush kechirish manbai hisoblanadi. Qadimgi zamonlarda ham shunday boʻlgan, hozir ham shunday, bundan keyin ham shunday boʻladi. Shuning uchun xalq qoʻshiqlarining salmoqli qismini mehnat bilan bogʻliq namunalar tashkil etadi. Folklorshunos olimlar mehnat qoʻshiqlari oʻz tarkibida ham turlarga boʻlinishini qayta-qayta koʻrsatib oʻtganlar. Shartli ravishda ularni oʻrim, xoʻp hayda, yorgʻichoq, turey-turey, churiya, sogʻim, kashta kabilarga ajratish mumkin. Aslini olganda, bu qoʻshiqlar hunarmandlar, dehqonlar, chorvadorlar mehnati bilan bogʻliqdir. Shuning uchun baʼzi bir adabiyotlarda mehnat qoʻshiqlari chorvachilik, dehqonchilik, hunarmandichilik kabi nomlari bilan ajratib koʻrsatiladi. Bu qoʻshiqlarning vujudga kelishi va ijro etilishi sabablarini mehnat jarayoni bilan bogʻlash maqsadga muvofiqdir. Chunki ajdodlarimizning shugʻullangan mehnat turlarida muttasil ravishda takrorlanadigan zerikarli harakat ustun turgan. Odamlar bu zerikarli mehnatni maʼlum darajada ruhiy jihatdan osonlashtirishni istaganlar va qoʻshiq aytishni oʻylab topganlar:
Oʻrogʻim olmos,
Oʻrishdan qolmas.
Sira ham tolmas,
Oʻrmasam boʻlmas.
Xoʻp hayda-yo, xoʻp hayda, maydayo-mayda.
Qalqon qulogʻim, hayda, maydayo-mayda.
Temir tuyogʻim, hayda maydayo-mayda.
Xirmonni qilgin mayda, maydayo-mayda.
Yuqorida qayd etilgan namunalarda, bizningcha, ham xalqimizning qilayotgan mehnatiga munosabati, ham har bir kichik imkoniyatdan poyetik fikrlashga harakat qilishi seziladi. Qizigʻi shundaki, oʻzbeklar ham mehnat qurollariga, ham mehnatlarini osonlashtirayotgan hayvonlarga nisbatan oʻta hurmat bilan qaraganlar. Yuqoridagi parchalardan oʻrin olgan “Oʻrogʻim olmos, oʻrishdan qolmas”, “Qalqon qulogʻim, Temir tuyogʻim” kabi misralar fikrimizning dalilidir.
Xullas, mehnat qoʻshiqlarida xalqimiz oʻzining mehnat faoliyati tarixini ifodalagan, desak xato boʻlmaydi. Xalq ogʻzaki ijodida xalqning tarixi aks etadi, deganda tarixiy qoʻshiqlarni ham nazarda tutamiz. Toʻgʻri, qoʻshiqlarimiz namunalari tarkibida tarixiy qoʻshiqlar soni koʻp emas. Ammo bug ungi kunda toʻplangan maʼlumotlar bu tur qoʻshiqlarni alohida ajratish imkonini beradi. Avvalo, shuni taʼkidlash lozimki, tarixiy voqealarning badiiy ifodasi sifatida vujudga kelgan qoʻshiqlarni tahlil etish bu tarixiy voqealarning xalq hayotida alohida oʻrin egallaganini koʻrsatadi.
Masalan: Muhammad Rahimxon-Feruzdan keyin Xorazmda xonlik qilgan Xeva xoni Asfandiyor zamonida aholining hayoti oʻta ogʻir boʻlgan. Ana shu zamonlarda quyidagi qoʻshiq yaratilgan.
Asfandiyor xon boʻldi,
Yurak - bagʻrimiz qon boʻldi,
Emishimiz chigit non boʻldi,
Oʻlar boʻldik bu xonlarning dastidan.
Maʼlumki, 1914 yilda boshlangan birinchi jahon urushi oʻzbek xalqining minglab farzandlari hayotiga zomin boʻldi. Chor Rossiyasi tomonidan ming-minglab pul hisobida olingan mollar etmaganidek, xalq farzandlari ham xoʻjalik ishlariga tortildilar, yaʼni Rossiya oʻrmonlarida ishlash uchun mardikorlikka olindilar. Bu voqeadan Turkistonda biron bir oila zarar koʻrmay qolmaydi. Oqibatda xalq orasida bir qator qoʻshiqlar paydo boʻldi. Xususan:
Poyizingni jildirgan
Oʻtxonasi bilan doʻngalagi.
Divinskaga ketgan edi,
Mard yigitning bir boʻlagi.
Divinskiga ketmas edi,
Mard yigitning bir boʻlagi,
Divinskiga ketkazgan,
Nikolay podsho zambaragi.
Folklorshunos olimlarning aniqlashicha, bosmachilik harakati deb nomlangan, asli milliy ozodlik uchun olib borilgan fuqarolar urushi davrida va undan keyin jamoa xoʻjaliklari tashkil qilinayotgan davrlarda ham oʻnlab tarixiy qoʻshiqlari vujudga kelgan.
Xalq qoʻshiqlari vazn jihatidan barmoq sheʼr tizimiga toʻgʻri keladi. Lekin aruz vaznida yarailgan xalq qoʻshiqlari ham borligini inkor qilmaymiz. Darhaqiqat, xalq qoʻshiqlarining ayrim namunalari aruz tizimidagi vaznlarga ham mos keladi. Masalan, yuqorida taʼkidlaganimizdek, Navoiy oʻzining “Mezonul-avzon” (“Vaznlar oʻlchovi”) asarida xalq sheʼriyatining aruzga muvofiq vaznlari haqida toʻxtalganda qoʻshiq janriga ham alohida urgʻu beradi va quyidagi baytlarni misol qilib keltiradi:
Qaysi chaman soridin keldi sabo yor-yor,
Ki damidin tushdi oʻt jonim aro yor-yor.
Xalq qoʻshiqlarida shakliy va mazmuniy tasvir vositalaridan keng foydalanilgan. Ularda favqulodda goʻzal oʻxshatishlar, ruhiy holat tasvirida mubolagʻalar, sifatlashlar oʻrin olgan. Bizningcha, xalq qoʻshiqlaridagi tovushdoshlik fazilatini alohida taʼkidlash lozim.
Oʻzbek qoʻshiqlari juda katta tarbiyaviy va juda muhim tarixiy hamda adabiy ahamiyatga ega. Avvalo, xalq qoʻshiqlari xalqimizning uzoq davrli tarixining bir qismi sifatida asrlar davomida estetik zavq bagʻishlash vositasi sifatida yashab kelayotganini taʼkidlash joizdir. Ikkinchidan, qoʻshiqlar juda muhim tarbiyaviy ahamiyatga ham egadir. Chunki qoʻshiqlarda xalq ruhiyati aks etganligi tufayli ular maʼlum maʼnoda tajriba hosilasi ham sanaladi. Biror bir nasihatomuz fikr uqtirilayotganda xalq qoʻshiqlaridan dalil, isbot sifatida foydalanilgan hollarni koʻp kuzatamiz.
___________________
4Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit-turk”, “Mezon ul - avzon” asari,
Alisher Navoiy “Xamsa” va “Mezonul-avzon” asarlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |