Kurs ishning metodologik asosi. Xalq ogʻzaki ijodining soʻz sanʼati ekanligini tushunishdan avval sanʼatning oʻzi nimaligini bilish lozim. 5 jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da (3-jild. 442-b): “Sanʼat” [ﺻﻧﻌﺖ] - ish, mehnat; mahorat; kasb-hunar deb koʻrsatilgan. Agar izohdagi soʻzlarga eʼtibor bersak, sanʼat deganda, mahorat bilan amalga oshirilgan mehnatni tushunish anglashiladi. Sanʼatni mahoratsiz tasavvur qilish mumkin emas. Shuning uchun ustozlarimiz “Sanʼat – inson aqlu zakovatining buyuk kashfiyotidir” deyishdan toliqmasdilar. Ayni paytda, “Sanʼat mahoratning eng oliy darajasida vujudga keladi” degan gapni ham koʻp takrorlar edilar. Haqiqatan ham, sanʼatni tushunish sanʼatni yaratishdek murakkab ekanini bilishimiz kerak. Ayniqsa, filologiya, jurnalistika, tarix, falsafa kabi soha egalari sanʼatni tushunish, toʻgʻrirogʻi, his qilish qobiliyatiga ega boʻlishlari alohida fazilatdir. Odatda maxsus maʼlumotga ega boʻlmagan odamlar oddiy tasvirlarni sanʼat asari deb tushunadilar. Masalan, magazinlarning old qismidagi reklama maqsadida namoyish qilinadigan rasmlar: kostyum kiygan yigitlar, koʻylakli qizlar, nonlarning turli xillari, kiyim-kechaklar tasvirlari va hokazolar. Aslida bularning birontasi sanʼat asari hisoblanmaydi. Hatto buyuk rassomlar ishlagan tasviriy sanʼat asarlaridan olingan nusxalar – kopiyalar ham sanʼat asari boʻlmaydi. Haddan tashqari chiroyli bezaklangan choynak, piyola, laganlar minglab nusxalarda sotiladi, ular sanʼat asari hisoblanmaydi. Chunki sanʼat asarlari sanʼatkor tomonidan mahorat bilan yaratilishi shart. Shuning uchun sanʼat asarlari faqat sanʼatkor yaratgan yagona nusxada boʻladi.
Maʼlumki, sanʼatning naqsh, musiqa, haykaltaroshlik, ganchkorlik, oʻymakorlik, raqs, badiiy adabiyot kabi oʻnlab turlari bor. Ularning har biri oʻz quroliga ega. Ammo ayrim imoratlar oldidagi savlat toʻkib oʻtirgan sherlar, raqs guruhlarida chetda turgan rahbariga qarab harakat qilayotgan raqqosalar, maʼnosiz qofiyalangan sheʼrlarning sanʼatga hech qanday aloqasi yoʻq. Chunki qayd etilgan vaziyatlardagi “sanʼat” asarlari bizda hech qanday hayrat tuygʻusini uygʻotmaydi. Haqiqiy sanʼat asari bilan muomalada boʻlganimizda esa ruhiyatimizda muayyan hissiy oʻzgarishlarni sezamiz. Sanʼat asari odamda inson iqtidori, mahorati, aqli, zakovati, oʻziga xos kashfiyoti bilan mazkur asarga nisbatan hayrat, qoyil qolish tuygʻusini uygʻotishi kerak. Aynan shu fazilati bilan sanʼat namunasi ruhiyatimizni boshqaradi.
Sanʼat asarining yana bir oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, uning qadri, bahosi hech qachon hajm, son, miqdor bilan oʻlchanmaydi. Oʻnlab tasviriy sanʼat namunasini yaratish, qoʻshiq aytish, badiiy asarlar yozish mumkin. Ammo ularning mualliflarini tanimasligimiz, yodimizda saqlamasligimiz ham mumkin. Biroq baʼzan bor yoʻgʻi bitta sanʼat asarini ijod qilish bilan xalq madaniyati xazinasidan munosib oʻringa ega boʻlingan, tarixda iz qoldirilgan. Chunki sanʼat oʻlchovi mahorat darajasining yuksakligi, badiiylikning mukammalligi bilan belgilanadi. Shunday qilib, sanʼat haqidagi asosiy maʼlumotga ega boʻldik. Endi bevosita xalq ogʻzaki ijodining soʻz sanʼati namunasi ekanini bilishga urinamiz.
Avvalo, har bir sanʼat namunasi, sanʼat asari inson yaratgan moʻjiza hisoblanadi. Asarga qoʻyiladigan talab undagi kashfiyot, uning oliy darajadagi mahsulot ekani bilan belgilanadi. Binobarin, ogʻzaki soʻz sanʼatiga mansub asar ham shakli, mazmuni, ijrosi, unda ifodalangan hayot tasviri bilan bizda hayrat tuygʻusini uygʻotmogʻi lozim. Agar ana shu hayratni aynan qanday fazilatlar hosil qilishini bilib olsak, fikr yuritish yoʻnalishimizda aniq mulohazalar paydo boʻladi, tahlil qilayotgan asarimiz qadri yanada aniqlashadi. Shu maqsadni nazarda tutib, avvalo, badiiy adabiyotga, xususan, xalq ogʻzaki ijodi asarlariga qoʻyiladigan asosiy talablarni muxtasar shaklda koʻrsatib oʻtmoqchimiz. Zero, badiiy adabiyot bilan oʻz hayotini bogʻlagan shaxs istalgan soʻz sanʼati namunasi bilan tanishganida, unga baho berish mezonining aniq boʻlishi maqsadga muvofiqdir. Faqat yodimizdan chiqmasligi lozimki, bu talablar son va mazmun jihatdan oʻta chegaralangan holda tavsiya etilmoqda:
Birinchidan, har bir soʻz sanʼati namunasi, jumladan, xalq ogʻzaki ijodidagi qoʻshiq, ertak, doston va boshqa asarlarda fikriy yangilik boʻlishi lozim. Bu yangilik kichik hayotiy voqeadan tortib murakkab ijtimoiy vaziyatlarni baholash bilan belgilanadi. Inson hayoti davomida sonsiz-sanoqsiz yangiliklarga duch keladi. Katta avlod vakili tajribasidagi oddiy haqiqatlar yoshlar uchun yangilik hisoblanaveradi. Shuning uchun xalq ogʻzaki ijodi asarlarini eshitganimizda, ular bilan kitobdagi matn vositasida tanishganimizda juda koʻp yangi-yangi fikrlarga duchkelamiz.
Masalan, “Qozonga yaqinlashsang, qorasi yuqar, yomonga yaqinlashsang -balosi” maqolidagi asosiy fikr yomonga yaqinlashgan odamning taqdirida noxush voqealar koʻpayishidan ogohlantirishdir. Lekin aslini olganda maqolning birinchi qismida ham ehtiyotlik belgisi aniq koʻrinib turibdi. Yaʼni xalq yosh va hali turmush tajribasiga ega boʻlmagan farzandga qozonga yaqinlashayotganda qora qurum tegishidan ehtiyot boʻlishni tavsiya qilmoqda. Qoʻshimcha ravishda aytish mumkinki, har bir inson muayyan vaziyatda ish qilar va qarorga kelar ekan, ehtiyot choralarini esidan chiqarmaslik lozimligi uqtirilmoqda. Ayni choqda, ogʻzaki ijodimiz asarlari bilan tanishar ekanmiz, millat taqdiriga va ijtimoiy vaziyatlarga bogʻliq muhim ahamiyatga ega yangiliklar ifodalanishiga guvoh boʻlamiz. Masalan, “Alpomish” dostonidagi fikriy kashfiyot bu har bir farzand yurtning birligini eʼzozlashi kerakligini uqtirishdir. Senga yurtni boʻlish haqidagi fikrini tushuntirmoqchi boʻlgan odam faqat sen uchun emas, millat uchun, xalq uchun, vatan uchun xavflidir. Agar sen oʻz ona yurting kelajagini oʻylasang, uni birlashtirish, jipslashtirish haqida bosh qotir, degan haqiqat ilgari suriladi. Hakimbek Qalmoq yurtiga koʻchgan yurtdoshlarini Qoʻngʻirot-Boysunga qaytarib olib keladi. Shuningdek, inson qadrini asrash, ota-ona hurmatini bajo keltirish, har bir farzandning Alpomishdek mard, jasur, soʻziga sodiq boʻlib oʻsishini taʼminlash kabi hayotiy muammolar dostonda oʻz ifodasini topgan.
Ikkinchidan, asar shakli va mazmuni jihatdan mutanosib boʻlishi kerak. Badiiy adabiyotda jins (ayrim nazariy kitoblarda – adabiy tur) va janr tushunchasi bor. Jins deganda, lirika, epos, drama tushuniladi. Lirikada his-tuygʻu, ichki kechinmalar; eposda voqea ifodasi, asar qahramonlarining taqdiri bayoni; dramada sahna sharoitida voqealarning rivoji, qahramonlar dialoglari vositasida hayotiy lavhalar tasviri tushuniladi. Janr esa jinsdan torroq maʼnoni bildiradi. Yozma adabiyotda roman, qissa, hikoya kabilar; ogʻzaki ijodda doston, ertak, qoʻshiq, maqol, topishmoq, askiya janrlari mavjud. Har bir janrga mansub asarlarni shakl (sheʼriy yoki nasriy), mazmun, hajm va yaratilishidan nazarda tutilgan maqsad birlashtirib turadi. Bir janrda yaratilgan asarlar muayyan shakl va mazmunga ega boʻlishi talab qilinadi. Bu talab hamisha shaklning mazmunga mutanosib boʻlishini taqozo etadi. Odatda, shakl qanchalar ixcham, mazmun qanchalar keng koʻlamga ega boʻlsa, asar shunchalar qadrlidir. Xalqimiz ogʻzaki ijodida koʻpincha bunday fazilat maqollarda namoyon boʻladi. Bir jumladan iborat maqolning mazmunini hayotiy dalil va misollar bilan soatlab tahlil qilish mumkin. Lekin hamma janrdagi asarlarga ham bu oʻlchov bilan yondashish mumkin emas. Xususan, dostonlar ming-ming misralardan iborat sheʼriy va hajm jihatdan katta nasriy parchalardan tashkil topadi. Ularning mazmuni millatimiz vakillarining hayotini tasvirlovchi lavhalardan iborat. Xalq farzandlarining hayoti esa el va yurt taqdiri asosida yoritiladi. Shunday qilib, topishmoq, askiya, qoʻshiq va boshqa janrdagi asarlar ham oʻzlarida aks ettirayotgan mazmun bilan shaklan mutanosib boʻlishi zarur. Aytmoqchimizki, bir-ikki sahifa hajmiga ega maqol va topishmoq boʻlmagani kabi aynan shunday hajmdagi dostonni ham uchratmaymiz. Maqol va topishmoqlarning hajmi oʻta siqiqligi, dostonlar esa hajman kengligi bilan asrlar davomida xalq xizmatini bajarib kelgan.
Uchinchidan, badiiy asar, xususan, xalq ogʻzaki ijodida umuminsoniy muammolar ifodalanadi. Albatta, har bir xalqning oʻz milliy xususiyati, milliy tabiati, yaʼni milliy mentaliteti mavjud. Ammo bu milliylik badiiy adabiyotda umuminsoniy muammolarning aks etishiga mutlaqo salbiy taʼsir koʻrsatmaydi. Chunki yer kurrasining turli mintaqalarida yashaydigan, turli dinlarga ishonuvchi xalqlarning hayotiy munosabatlarida mushtarak nuqtalar juda koʻp. Har bir millatda Vatan, xalq, ota-ona, aka-uka, opa-singil, oʻgay ota, oʻgay ona, ustoz, shogird kabi tushunchalar bor. Odamlar oʻrtasidagi munosabatlarning asosini adolat, andisha, haqiqat kabi tushunchalar belgilaydi. Shuning uchun oʻzbek maqollari mazmunida dunyodagi juda koʻp millatlarda uchraydigan hikmatlar bor. “Zumrad va Qimmat” ertagimizdagi voqealar koʻp xalqlarda deyarli oʻzgarishsiz takrorlanadi. “Alpomish” dostonidagi mardlik, jasurlik, odamiylik dunyo xalqlari eposi mavzulari va gʻoyaviy yoʻnalishi bilan uygʻun. Ertaklarning birida (oʻzbeklarda) qoʻy yoki echki, ikkinchisida (xitoylarda) gurunch, uchinchisida (gruzinlarda) uzum yetakchi unsur sifatida ishtirok etadi. Oʻzbek maqolida “Oyni etak bilan yopib boʻlmas” deyilsa, ruslarda “Shilo v meshke ne utaish” (“Bigizni qopda yashira olmaysan”) maqoli mashhur. Har ikki maqolning mazmuni bir biriga yaqin. Maʼlum boʻladiki, ogʻzaki ijod asarlarining bosh qahramoni, avvalo, inson hisoblanadi. Inson esa maʼlum bir millat vakili boʻlishi kerak. Ogʻzaki ijod asarlarini eshitganimizda, oʻqiganimizda biz oʻzimizning hayotimiz haqida mushohada yuritishga, tasvirlanayotgan voqealarni mavjud maishiy muhit bilan qiyoslashga oʻrganishimiz, har bir tanishuvdan foydali maslahat olishga intilishimiz lozim.
Toʻrtinchidan, xalq ogʻzaki ijodi soʻz sanʼati ekanini aytdik. Bu fikr ogʻzaki ijodning sanʼat sifatini taʼminlaydigan asosiy omil soʻz ekanini tasdiqlaydi. Har bir sanʼat turining oʻz quroli boʻlganidek, ogʻzaki ijodning ham oʻz quroli bor. Bu qurol soʻz hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |