Mamat sergak tortdi. Osmonga bir qarab oldi.
– Uchib o‘tganday bo‘ldi, nima edi?
– O‘lma! Men senga bir narsani aytayinmi? Shu samolyotning ichida men bor edim!
– Ha, kuchingdan!
O‘ng yog’ida o‘tirib uchdim! Parrakning shunday yonginasida, ha!
Vo ukkag’ar, Gagarin bo‘l-ye!
Kim? Eb-ey, Gagarining kim bo‘pti! Osmonga lip etib uchgan-da, qaytib tushgan. Men to‘rt osh pishirimdan-da ko‘p uchdim!” (152-bet.)
Albatta, bu dialogda ajabtovur qiyoslardan tashqari yashirin mimika va o‘ziga xos talaffuz mavjudligi tushunarli. Keyingi parchada esa taqqoslash qahramon “intellekti”ning darajasini ko‘rsatish orqali yanada kuchaytiriladi: “Samolyot osmonda varrakka o‘xshagan bilan mayda emas ekan, ha! Ichi Obshirning kamariday keladi!” (152-bet.) Bizningcha, bu kabi taqqoslashlar majumini muallifning milliy xarakter yaratish bobidagi psixologik dominanti (ustunligi) deb hisoblash mumkin.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, hikoya qilishning bu shakli (avvalboshda kitobxon uni epik jihatdan biroz cho‘zilgandek qabul qiladi – M.B.) ko‘pkari chopadigan odamning ruhiyatini yaqqol his qilish imkonini beradi. Epik hikoyalashning bunday ko‘rinishiga nisbatan “Til nafaqat madaniyatni ifodalash vositasi, balki, avvalambor, shu madaniyatning kvintessensiyasidir”69, - deya ko‘chirma-isbot keltirish mumkin. Kundalik hayotda qahramon boshqalardan alohida ajralib turmasa-da (Ziyodulla adolat uchun kurashgan sahnalardan tashqari), ko‘pkari tasvirlangan sahnalar Tog’ay Murod tomonidan ko‘tarinki ruhda, verbal va noverbal tutumlarning kompleks birligida tasvirlanadi. Qayd etish kerak, qissada odamlar portreti yo‘q hisobi, Ziyodullaning xotini, o‘g’li, onasi tasvirlangan portretlar eskizdagi shtrixlarga xos. Ammo ko‘pkarining asosiy qahramonlari – otlarning butun boshli galereyasi chizilgan.
Bu portretlar – (butun boshli epitetlar, qiyoslar tizimi) ekspressiv nutqqa misol bo‘la oladi. Tarlon rasmanasiga dostonlardagi otdek ta’riflanadi: “Tarlon bo‘ynini ko‘zoynakli ilon misol gajak-gajak qildi... old oyoqlarini ko‘tarib kishnadi... oyoqlarini kerib-kerib silkindi”(114-bet). Uloqqa kirayotgan otning ruhiy holatini egasi har safar yurakdan his qilib turganini Tog’ay Murod ishonchli tasvirlaydi. Qahramondan o‘z xatti-harakatlari tahlilini “talab qilish”ning iloji yo‘q, ammo qissada kasalga chalingan, ruhi tushkun otning surati o‘ta nozik chiziladi: “Bizning Tarlon kechasi bilan pishqirdi. Alag’da bo‘ldim, choponimni yelkamga tashladim, tashqariladim” (114-bet). Tog’ay Murod otdagi tashqi o‘zgarishlar Ziyodulla tomonidan har safar ruhiy holatning namoyon bo‘lishi sifatida qabul qilinayotganini ko‘rsatadi: “Yo‘q, kayfiyati yo‘q kunlari otga indamaslik lozim bo‘ladi, ko‘ngliga qarash lozim bo‘ladi!.. Yo‘lda Tarlon tezak tashlab-tashlab bordi. Ajabo, bundaychikin qilig’i yo‘q edi... Ot... ertaga bo‘ladigan ko‘pkarini o‘ylayapti, darddan avvalgiday chopolamanmi, yo‘qmi, degan g’am otni o‘yga solayapti...” (154-bet.)
Otning odamga qo‘shqanotligi, ot-odam tandemi ko‘pkari tasvirlangan sahnalarda yanada qiziqarli tus oladi: “Quyuq changda ko‘rib turdim, bir qo‘l uloqni ushladi. Shunda, Tarlon uloqni o‘ng tuyog’i bilan tappa bosib qoldi. Tarlon buni ilkisdan qilmadi. Yo‘q, bilib-ko‘rib qildi. Uloqni bergisi kelmadi!
Uloqqa havoyilarcha yopisha berish Tarlonimiz joniga tegdi. Tarlon uloqqa tashna bo‘ldi!
Tarlon boshini sarak-sarak etdi. Tevaragidagi otlar boshini o‘zidan xolislatdi. O‘ziga kenglik yaratdi, erkinlik yaratdi. Keyin, Tarlon old tizzalarini bukdi. Uloq oldida cho‘k tushdi! Tarlon uloq oldida cho‘kkalladi! Quyuq changda ko‘zlarimni arang ochdim. Tarlon ko‘kragi oldida yotgan uloqni qo‘shqo‘llab ushladim. Panjalarimni botirib ushladim. Tarlon ko‘z qiri bilan qarab turdi. Barini ko‘rib turdi, bilib turdi. Uloqni mahkam ushlaganimga amin bo‘ldi. Shundan keyin, bir silkinib, tizzalaridan turdi. Sonsiz otlar poylab turgan oldiga emas, yo‘q, ketiga tisarildi. Ketiga tis bo‘lib, to‘dadan sug’urildi. Ochiqlikka chiqib olib, birdan oldiga burildi. Joyidan zarb bilan uchdi, yelday uchdi! Ko‘rganlar ko‘rib qoldi, ko‘rmaganlar armonda qoldi!” (166-bet.)
Tog’ay Murod ko‘pkari tasvirida uloqda bo‘lganidek ovozli fon yaratadi, tomoshabinlar qiyqiriqlarining imitasiyasi, ko‘pkari havosi og’zaki ayqiriqlar orqali yorqin ifodalanadi: “Ha-ha-ha!.. Chu-chu-chu!.. Bos-bos-bos!.. To‘da birdan jonlandi. Otlar yoppasiga chopdi: dupur-dupur-dupur... Otlar Burnoch bilan Samanni o‘rab chopdi: dupur-dupur-dupur...
Uloq Burnoch bilan Samanda borayapti! Uloq Samanga o‘tdi, uloq Samanda! Bos!..
Halo-o-ol! Samanniki halol! Tashla, Saman, tashla! E, barakalla-ye! Saman, kel, haqingni ol!” (118-119 – betlar.)
Musobaqa ruhidan mastlik, mohir chavandozlik, omad kulishi, bakovulning davrani halol yoki g’irromlik bilan boshqarishi – barcha-barchasi xatti-harakatlarda, chavandozning ot ustidagi holati va ot-odam urinishlarining aniq qayd etilishida o‘z aksini topgan: “Uzaldim, uzaldim... tag’in uzaldim... uloq junini eti bilan qo‘shib ushladim, g’ijimlab ushladim. Bor kuchim bilan siltab ko‘tardim, egar qoshiga o‘ngarib oldim! Ko‘kragim ostiga bosdim, bilaklarim bilan bosdim! Ko‘z ilashmay qoldi! Qolgan ish, Tarlon ishi bo‘ldi!” (128-bet.)
Qissada qamchi detali qahramon ichki dunyosining tashqida namoyon bo‘lishini va o‘zaro munosabatlarning individualligini bo‘rttirib ko‘rsatishga xizmat qilgan: “Tarlon boshi uzra qamchi havolatdim” yoki “Tizzam bilan biqiniga niqtadim, sag’risiga qamchiladim”. Ko‘pkari chog’i qamchi uloq uchun kurashning barcha bosqichlarida vektor chizig’i vazifasini o‘taydi – “qamchini qo‘ltig’imga qistirib oldim”. Qachonki, bakovul nomardlik qilib, uloqning bo‘yni va butlarini qirqib tashlaganida, Ziyodullaning mahorati shunda namoyon bo‘ladiki, u “qamchini sopidan tishlab” oladi. Shu o‘rinda, badiiy detalning asarda bajaradigan vazifalari orasidan quyidagisini ajratib ko‘rsatging keladi: “Detal... yuzaki belgilari qayd etilgan fakt va jarayonlarning moddiy taqdimoti sifatida bo‘y ko‘rsatadi... Detalga xufyonalikdan ko‘ra ochish, fosh qilish xos”70.
Misol uchun, Ziyodullaning Irg’alining “bo‘limli” qizlari haqidagi milliy mentalitetga xos replikasini (Kiymagani yettinchi kalish kiyadi) uning otlar haqidagi mulohazalari orqaligina tushunish mumkin. Ruhiy holatni aks ettiruvchi boshqa ko‘plab holat-alfozlar ham milliy bo‘yoqlarda aks etadi. Ma’noli bo‘ysunish holati qahramon pozasida ifodalanadi: “Xuddi mirobday qo‘llarimni qornimga qovushtirdim” (148-bet). Ta’kidlash joiz, harakat-holat, ifodali pozalar tasviriga bo‘lgan chuqur diqqatni Tog’ay Murod nasrining uslubiy dominanti, deb hisoblash mumkin.
Qissada personajlarning to‘g’ridan-to‘g’ri xarakteristikasi deyarli yo‘q hisobi, lekin ularning alfoz va qiliqlari aniq suratini ko‘plab uchratamiz. Masalan, farzandsizligi uchun ismi el orasida deyarli aytilmay qolgan Jo‘ra boboning “yuzi ko‘ksiga qarab qoldi... davralarda dasturxondan ko‘z olmadi... ko‘chalarda etiklari uchiga qarab yurdi... ovozini qo‘yib gapirolmadi” (132-bet).
Umuman, detal “psixologik xarakteristikaning sterjeni” bo‘lib xizmat qiladi. Tog’ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasida detal, milliy dunyo kartinasi darajasigacha o‘sib borib, “dunyoning mikroobrazi” sifatida bo‘y ko‘rsatgan. Muallif detalning bor kuchidan ta’sirchanlikni faollashtirishga, kitobxonni ijodga, o‘z assosiativ dunyosiga sayohat qilishga va xayolotini kengaytirishga undashda foydalangan. Qissada qo‘llangan verbal va noverbal xatti-harakatlar majmui (psixologik dominantlar) chuqur motivli milliy qahramon – surxondaryolik oddiy kal cho‘pon xarakterining ishonchli chiqishiga zamin yaratgan.
Adib qissalarida badiiy nasrga xos ritmning emosional ta’sir ko‘lami barcha qirralari bilan namoyon bo‘ladi. Matndagi ohangdorlik tasvir qirralaridan birini tashkil etadi. Yozuvchi og’zaki va mumtoz prozamizda ko‘p asrlardan buyon keng qo‘llanib kelingan musajja’, takror kabi usullardan o‘rinli foydalanadi. Chunki bu usul nasriy matnning muayyan o‘rinlarida takror qo‘llanilishi bilan har bir jumlani o‘zaro nisbiy teng qismlarga bo‘lib tashlaydi. Bir tomondan, shu qismlarning nisbiy tengligi, ikkinchi tomondan, ularning so‘ngidagi saj’ hamda leksik takrorlar nasriy bayon ritmini yuzaga keltirdi.
- XX asr so‘nggi choragida yozilgan qissalar istiqlol davri o‘zbek adabiyotining yirik epik shakli – roman janri rivojini har tomonlama belgilab berdi. Bunga misol qilib, “Ot kishnagan oqshom” qissasining kompozision-hikoya usuli, uslubiy qurilishi “Otamdan qolgan dalalar” romaniga asos bo‘lganini aytishimiz mumkin;
- M.M. Do‘st, X. Sulton, T. Murod kabi yozuvchilarning inson ichki olamini ifodalashdagi yangicha usullari, asosan, emosionallik, irrasionallik, xudojo‘ylik, andishalilik, neagentivlik kabi o‘zbek xarakterining o‘ziga xos noyob xususiyatlarini ochishga qaratilganligi bilan ahamiyat kasb etadi;
- Tog’ay Murod qahramonlarining ichki dunyosi hamisha ikki qutb, bir-biriga zid ikki hol ko‘lamida harakatlanadi. Ruhiyat murakkabliklariga bunday – iloji boricha ko‘lamdor yondashish, chuqurroq kirib borishga intilishlik uni mutlaq anglab bo‘lmaslikni to‘la tushunish orqali yuzaga chiqqan;
- o‘tgan asr oxiriga kelib o‘zbek qissachiligida analitik yo‘sindan sintetik prinsip foydasiga siljish, to‘g’ridan-to‘g’ri, bevosita tasvir usullaridan bilvosita tomonga yuz burish, ong osti sohasiga yanada sinchkovlik bilan nazar tashlash holatlari psixologizm evolyusiyasining bosh va umumiy tendensiyasiga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |