Oho-hay, oho-hay, oho-hay! Hay otam, hay otam-a, hay otaginam-a! Hayda-ya!..
Birodarlar, darbandlik chavandoz otni otam deyapti, otam!
Ahay-ahay!”(134-bet). Yoki “Burnoch bilan Saman quloqlarini quyon quloqlari misol chimirib chopdi, zinkiyib chopdi”(119-bet). Endi ko‘pkarida uloqni yerdan ko‘targan Ziyodullaning so‘zlariga quloq osamiz: “Qolgan ish, Tarlon ishi bo‘ldi! Tarlon tulkiday chopdi!” (128-bet). Hikoya qilish tarzidagi bu kabi o‘rin almashishlar Ziyodullaning psixologik obrazini buzmaydi, aksincha, xuddi unda ikki shaxs: kallasi kal cho‘pon va mohir chavandoz mujassamligini bo‘rttiradi. Muallif Ziyodulla obrazini verbal (og’zaki) va noverbal vositalar orqali yaratadi. Tog’ay Murod qo‘llagan kinesik vositalar (qiliqlar, mimika, holat tasviri) muayyan vaziyatni, ko‘pincha ruhiy taranglikni yaratish uchun juda qo‘l keladi.
Qahramon ruhiy holati, birinchidan, ko‘pkari chog’ida chavandoz va Tarlon harakatlarining chatishib ketganligida o‘z ifodasini topadi: “Shunda Tarlon birdan... old oyoqlarini ko‘tardi... o‘zini soyga tashladi... etlarim jimir-jimir etdi... ko‘zlarim otilib chiqib ketayotganday bo‘ldi” (120-bet).
Ikkinchidan, hikoya qilish tempining o‘zgarganligida, nutqning aralashib ketganligida ko‘rinadi. Tevarakdagilarning otga munosabati ham bakovuldan arazlagan qahramonning ahvol-ruhiyasini yaratish va Tarlonni baholashda “ta’mal toshi” bo‘lib xizmat qiladi: “–Shu Tarlonda ikkita yurak bor!.. Bundayin botir ot boshidan zar sochsang-da, haqing ketmaydi!” (122-bet). Bunday sahnadan keyin Ziyodulladan o‘z holatining sharhini “kutish”ning keragi yo‘q. Biroq muallif buni qahramonning sokin alfozdagi holati orqali ta’kidlab o‘tadi: “Ko‘pkari oxirigacha yonboshlab yotdim” (123-bet). Ko‘rinib turibdiki, noverbal o‘zini tutish xuddi shaxsning ichki dunyosiga tutashib ketgandek taassurot uyg’otadi. Shuning uchun ham V.A. Labunskayaning “Noverbal o‘zini tutish – bu shaxs ruhiy olami mavjudligi va namoyon bo‘lishining tashqi ko‘rinishidir. Uning umumiy elementlarini, komponentlarini ajratish, vazifalarini aniqlash noverbal o‘zini tutishning madaniy-spesifik qonuniyatlarini yaratish imkonini beradi”68, - degan fikrlari asoslidir.
Tog’ay Murod Ziyodullaning ruhiy holatini ochadigan, ammo obrazning yaxlitligiga putur yetkazmaydigan bir qator ajoyib vaziyatlar yaratadi. Ziyodullaning samolyotdagi xatti-harakatlari tasvirlangan sahnani umrida birinchi marta parvoz qilayotgan cho‘ponning oddiyligini, go‘lligini qabartirib ko‘rsatish yo‘lidagi qiyoslash deb hisoblashimiz mumkin. E’tibor qiling-a, samolyot oynasidan ko‘ringan bulutlarni u “paxta uyumi” sifatida qabul qiladi. Bu ilk marta samolyot bortiga ko‘tarilgan o‘zbek bilan yuz beradigan oddiy hol. Ammo muallif, Ziyodullani, suv keltirishni buyurish maqsadida “shahodat barmog’ini likillatib... qizni imla”yotgan yo‘lovchilarning xatti-harakatlaridan hayratlanishga majbur qiladi. U styuardessani “o‘rtada lo‘killab yurgan laylakqush” sifatida qabul qiladi (150-bet). Bu taqqoslashga endi ancha-muncha ko‘p ma’no-mazmun yuklangan. Avvalo, Ziyodulla torgina yo‘lak orasida borib kelishdan o‘zga iloji bo‘lmagan kalta yubkadagi qizni umrida birinchi bor ko‘rib turishi. O‘z-o‘zidan ayonki, qishloqda yashaydigan o‘zbek styuardessani bundan boshqacha qabul qila olmaydi. Shuning uchun ham qahramonimizning o‘zini tutishi ana shu maqomdan, shu rakursdan turib chiziladi: “Dadil bo‘ldim, o‘zimni bir sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Shahodat barmog’imni likillatib, qizni imladim. Suv, deya og’zimni ko‘rsatdim. Qiz bosh irg’adi, suv olib keldi. Suvni bir yutishda yo‘qotdim. Boshqalarday bosh irg’adim.
–O‘lmang! – dedim. – Katta qiz bo‘ling.
Ko‘kragimni kerdim, baqalog’imni shishirib o‘tirdim” (151-bet).
Muallif qahramonning samodagi hissiyotlarini yerdagisi bilan mustahkamlash maqsadida Ziyodullaning ruhiy holati tasvirini oshnasi Mamat bilan bo‘lgan dialogda ifodalaydi. Undan avval Ziyodulla Moskvaga borib kelganini ko‘z-ko‘z qilish uchun qishloqning katta ko‘chasida “ohista-ohista, vazmin-vazmin qadamlar bosib” yuradi. Muallif qahramon tutumi tasvirida milliylikka xos ranglarni yanada quyuqlashtiradi (odamlarga quyuq-quyuq salomlar berdim, duch kelgan odam bilan qalin-qalin so‘rashdim, qozon-tobog’igacha qoldirmay so‘radim): “El og’ziga mahtal bo‘lib qaradim. El, ko‘rinmay ketdingiz, Ziyodulla chavandoz, deya so‘ramadi! Ko‘chani tag’in bir aylanib keldim. El aqalli, kamnamosiz, Ziyodulla kal, demadi!.. Tars yorilib ketguday bo‘ldim! (151-bet.) Shuning uchun ham Ziyodulla bilan Mamat o‘rtasidagi dialog qog’ozga o‘ralmasdan, “yalang’och” holatda beriladi va, hatto, paradoksni ham ifodalaydi: Moskva – “Moskva” kolxozi. Mamatning hayratlanishi ortidan Ziyodullaning mamnunligi osha borishi muallif tomonidan qayta-qayta ta’kidlanadi: “Men uncha-muncha joylarga bormayman! Borsam, faqat Moskva shahri azimlarga boraman, ha! Faqat Moskva!!! Juda past ketsam, Dushanbelarga shunchaki, yo‘l-yo‘lakay oyoq ilib o‘taman! Menga qara, kun qiyom vaqti-qiyom vaqti uyingning ustidan bir samolyot uchib o‘tdimi? Qanotlarida parragi-da bor?
Do'stlaringiz bilan baham: |