Jo‘jasi chiyillab, bezor qilmasligi uchun tuxumini inkubatorga topshirdi. Endi boshqa Xo‘roz bilan don olishi-i-i-b yuripti...
MAJNUNTOL VA QAMISH
Majnuntolning bosh egib sukut saqlashi donoligi va chayirligidan. Qamishning g‘oz turib shovullashi nodonligi va mo‘rtligidan... Qiziq, ikkalasi ko‘pincha yonma-yon o‘sadi...
Matn – metaforalarda ifodalangan mazmun global xarakterga ega bo‘lib, o‘zaro aloqadorlikda bo‘lgan voqea-hodisalarning ikkilamchi nominatsiyasi sifatida amal qiladi. Matn-metaforalarga xos bo‘lgan xarakterli xususiyat shundaki, unda matn sub’ektining metaforik ma’noda qabul qilinishi matndan anglashilgan makropropozitsiyaning ham o‘quvchi ongida metaforik xarakter kasb etishiga olib keladi. Masalan, quyidagi mikromatn HOKIMIYAT – MING G‘ILDIRAKLI ARAVA tarzidagi konseptual metaforaga asoslangan bo‘lib, uning sub’ekti hokimiyat so‘zidir. Hokimiyat so‘zining ko‘chim asosida ifodalanishi mikromatnda ifodalangan hukmning ham metaforik mazmunda qabul qilinishiga sabab bo‘ladi:
Aravani haydaydigan odam uning ustida o‘ltirsa ham, “aravakash”, ya’ni aravani tortib boruvchi hisoblanadur. Kechayu kunduz shu ming g‘ildirakli aravani o‘zingiz tortib borayotgandek mehnat qilmasangiz murodga etolmagaysiz. Hamma ishda tanaffus bo‘lmog‘i mumkin, ammo bu hokimiyat aravasi kechayu kunduz tinimsiz yurgay (P.Qodirov. “Humoyun va Akbar” romani).
Metaforaga bag‘ishlangan ilmiy adabiyotlarda konkret, to‘g‘ri ma’no bildiruvchi so‘zning ko‘chma ma’noga qarab “harakatlanishi” metaforik obraz yaratishning keng tarqalgan usullaridan biri sifatida e’tirof etiladi162. Bu fikrga qo‘shimcha sifatida shuni aytish mumkinki, matn tarkibidagi to‘g‘ri ma’noli so‘zning ko‘chma ma’noli so‘zga aylanishini matn qismlarini bog‘lovchi vosita sifatida ham baholash mumkin. Buni quyidagi mikromatn misolida ko‘rishimiz mumkin: Temuriylar shajarasi asrdan-asrga o‘tib kelayotgan azim bir daraxtdir. Bu daraxtning qurigan shoxlarini olib tashlasalar mayli. Ammo daraxtni g‘o‘zaga o‘xshatib yaganalash – uning tirik shoxlariga, ildiziga bolta urish bilan barobardar (P.Qodirov. “SHohruh va Gavharshod” romani).
Ko‘rinadiki, daraxt so‘zi bu erda matn kogerentligini ta’minlovchi leksik takror vazifasini o‘tagan. Matnda qo‘llangan daraxt so‘zi birinchi jumlada o‘z ma’nosida qo‘llangan, ikkinchi va uchinchi jumlalarda esa u majoziy ma’no kasb etgan. Bu so‘zning ko‘chim asosida qo‘llanishi uning tirik shoxlari, ildiziga bolta urish birikmalarining ham ko‘chma ma’no kasb etishiga olib kelgan.
Matn kogerentligini yuzaga keltiruvchi vositaning metaforik ma’noda qo‘llanishi matn makrotuzilmasida ham metaforik mazmun ifodalanishiga asos bo‘lgan.
O‘zbek tilida yaratilgan badiiy-nasriy asarlarni tadqiq etish shuni ko‘rsatadiki, ba’zan matn tarkibida real voqelik bilan muvofiq keluvchi jumlalar ortidan kutilmaganda metaforik mazmunli jumlalar keltiriladi. Metaforik mazmunli matn yaratishning bu usuli deyarli barcha nasrnavislarga xos, deyish mumkin. P.Qodirovning “SHohruh va Gavharshod”, Oybekning “Navoiy” romanidan olingan quyidagi mikromatnlarda mana shu usul qo‘llanganini ko‘rish mumkin:
YAna bir qo‘ldan may ichishgandan keyin Abdulatif unga dil yorib dedi:
–Baribir ertami, kechmi, Samarqand bizniki bo‘lg‘ay, Mirzo Abusayid! Bilursizki, otning jilovini behuda tortaversalar, bir kun emas bir kun jilov uzilib ketgay! (P.Qodirov. “SHohruh va Gavharshod” romani)
Navoiy harkun devonda va o‘zga doiralarda dushmanlarning yangi-yangi kirdikorlarini mushohada qila boshladi. Devonda va o‘zga doiralarda unga ham uning ishlariga qarshi chuqur tomir yoygan fitnalar kundan-kun ravshanroq sezildi. SHirin so‘z, nazokat, nozik muomalalarning guldastasidan zahar anqir edi. Majididdin parvonachining boshi kibr bilan kun sayin ko‘tarildi. Nizomulmulk fitna urug‘ini, uzoqni mo‘ljallab, juda maxfiy sepmoqda. Ular muhim davlat ishlarini Navoiy ishtirokisiz hal etishga tirishadilar. (Oybek. “Navoiy” romani)
Ayon bo‘ladiki, bu kabi matnlardagi propozitsiyalar tizmasi matnda aks etayotgan vaziyatlarga mantiqan muvofiq bo‘ladi, ammo matn tuzuvchining pragmatik maqsadiga ko‘ra ushbu propozitsiyalarning ayrimlari sintaktik shakli bilan asimmetriya hosil qilib, boshqa bir nutqiy vaziyatning implikativ ifodasi sifatida voqelanadi.
SHunisi e’tiborliki, metaforik mazmunli matn nafaqat badiiy uslubda, balki ilmiy uslubda yaratilgan asarlarda ham uchraydi. Ilmiy asarda metaforik mazmunli matn yaratish ko‘proq filolog olimlarga xos xususiyatdir. Quyidagi matnlarga e’tibor bering.
“A.Oripov she’riyatining ikki qirg‘og‘i bor: biri – reallik, ikkinchisi – orzu – ideal. SHoir she’riyati, uning lirik qahramonlari boshini dam u qirg‘oqqa – dam bu qirg‘oqqa urib oqqani oqqan. Bu daryo o‘quvchilarning chanqoq qalbiga doimo obi hayot olib kiradi”163.
“Fanda bor narsalardan ko‘z yumish, o‘rinli-o‘rinsiz “falon hodisani men kashf qildim” deb da’vo qilish hech qachon halol e’tirofga olib kelgan emas. Bundan na olim yutadi, na fan, albatta. SHuni ham aytish joizki, o‘zbek tilshunosligida “graduonimiya” termini o‘rinli yasaldi, uning leksik paradigmadagi o‘rni aniq belgilandi. Buni inkor etib bo‘lmaydi, faqat keraksiz iddaolardan, dunyo ilmida o‘chmas iz qoldirgan allomalarga malomat qilishdan tiyilish lozim. Tamoman yangi narsa faqat termin, xolos... CHaqaloqqa odatda uning otasi ism qo‘yadi, ammo ism qo‘ygan har qanday odamning chaqaloqqa ota bo‘lishga da’vogarlik qilishi mantiqli ish sanalmaydi”164.
“Hofiz chinakam ko‘ngil tarjimoni: ko‘nglida borini yashirmay qog‘ozga to‘kadi. Hech kimdan qo‘rqmaydi, hech narsaning andishasini qilmaydi. Er tubidan qaynab chiqqan chashmaning ko‘zini berkitib bo‘lmaganidek, qalb qa’ridan toshib chiqqan tuyg‘ular shalolasining ham yo‘lini to‘sib bo‘lmaydi. Hofiz qalb chashmasidan qaynab chiqqan zilol suvlar necha asrlardan buyon so‘zga, she’rga tashna ko‘ngillarni qondirib kelmoqda” (Ochilov E. “Barhayot siymolar”).
Matn tarkibida qo‘llangan metaforalarni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, ular matn referensiyasi shakllanishida o‘ziga xos o‘rin tutadi. O‘zbek tilida yaratilgan nasriy asarlarda til metaforalariga nisbatan individual-muallifiy metaforalar ko‘p uchraydi.Ularni tadqiq etish matn tuzuvchi ijodkor shaxsning nutqiy individualligini ochib berish bilan birga metaforalarning kognitiv hamda lingvomadaniy birlik sifatidagi o‘rnini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |